Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:33

Rossiyaparast Donetsk sudining ukrain jurnalistini 15 yilga qamagani keskin qoralanmoqda


Stanislav Aseyev 2017 yil 2 iyunda Ukrainaning Donetsk viloyatida bedarak yo‘qolgan edi, o‘sha paytdan beri bo‘lginchilar uni hibsda ushlab turgani ma’lum bo‘ldi.
Stanislav Aseyev 2017 yil 2 iyunda Ukrainaning Donetsk viloyatida bedarak yo‘qolgan edi, o‘sha paytdan beri bo‘lginchilar uni hibsda ushlab turgani ma’lum bo‘ldi.

Axborot vositalari erkinligiga rioya etilishini kuzatib boruvchi xalqaro tashkilotlar, Ukraina hukumati va AQSh senatori Ozod Yevropa/Ozodlik (RFE/RL) radiosi jurnalistiga nisbatan Sharqiy Ukrainaning bir qismini egallab turgan, Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lginchilar sudi chiqargan hukmni “noqonuniy” va “nomaqbul” deb atadi.

22 oktabrda bo‘lginchilarning DAN axborot agentligi Aseyev avgustda josuslik, ekstremizm va hudud yaxlitligini buzishga ochiq da’vatlar qilgani uchun 15 yillik qamoq jazosiga hukm etilganini xabar qildi.

Stanislav Vavin taxallusi bilan maqolalar yozgan 30 yashar jurnalist 2017 yil 2 iyunda Ukrainaning Donetsk viloyatida bedarak yo‘qolgan edi, o‘sha paytdan beri bo‘lginchilar uni hibsda ushlab turgani ma’lum bo‘ldi.

− Men mutlaqo noqonuniy ayblovdan va jazo tayinlanganidan o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, − dedi YXHT matbuot erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Harlem Dezir o‘z bayonotida Aseyev “zudlik bilan ozod etilishi” xususidagi da’vatini takrorlar ekan.

RFE/RL prezidenti Jeymi Flay Aseevga nisbatan chiqarilgan sud qarorini “Donetskdagi Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lginchilarning uning kuchli va mustaqil ovozini bo‘g‘ishga urinishi” deb atadi. U Aseyev bilan birga RFE/RL ukrain xizmati muxbiri Oleg Xalazyukni ham ozod qilishga chaqirdi. Bo‘lginchilar uni 2017 yil avgustidan beri Donetskda hibsda saqlab turibdi.

Ushbu ikki jurnalist “Donetsk viloyatning Ukraina hukumati nazorat qilmayotgan hududida ishlab, voqealarni yoritayotgan kamsonli mustaqil jurnalistlardan edi”, dedi YXHT vakili.

− Mustaqil jurnalistlarning ovozini bo‘g‘ish so‘z erkinligiga qarshi jinoyatdir va bunga chidab bo‘lmaydi, − deya qo‘shimcha qildi Dezir.

Aseyev Donetskdagi shahar 2014 yili bo‘lginchilar qo‘liga o‘tgandan so‘ng ishini davom ettirgan kamsonli jurnalistlarning biri edi.

Bo‘lginchilar vakillari Aseyevni o‘z harbiy tuzilmalarini kuzatish va ma’lumotlarni Ukraina xavfsizlik xizmatiga uzatib turishda aybladi, deya xabar qiladi “Gromadski” nashri.

Nyu-Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Aseyevni ayblagan va unga qarshi hukm chiqargan “qo‘lbola” sudni “noqonuniy” deb atadi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi muvofiqlashtiruvchisi Gulnoza Said o‘z bayonotida Aseyev “na josus va na ekstremist bo‘lgani”ni aytib, uni bo‘lginchilar nazoratidagi mintaqada “oddiy kishilarning hayoti bilan qiziqadigan noyob jurnalist” deb atadi.

Yevropa jurnalistlar federatsiyasi (EJF) “Aseyevga shafqatsizlarga munosabatda bo‘lish va unga nisbatan og‘ir hukm chiqarilganini matbuot erkinligining qo‘pol tarzda buzilishi” dedi.

− Hokimiyat idoralari jurnalist faoliyatiga jinoyat sifatida baho berishni va ularni so‘z erkinligidan mahrum qilishni bas qilishi kerak, − dedi EJF bosh kotibi Rikardo Guterrish.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ham “noqonuniy” qarorni qoraladi va “ozodlikdan noqonuniy mahrum qilish Ukrainada jinoyat ekani”ni bildirdi.

AQShning Florida shtatidan saylangan respublikachi senator Marko Rubio Qo‘shma Shtatlar va xalqaro hamjamiyatni “jurnalistlarni nishonga olayotgan Putin rejimini qoralashga va Aseyevni zudlik bilan ozod qilish”ga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG