Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2020, Тошкент вақти: 11:46

Niqob taqqan shamsiyali kishilar yana qozoq jurnalistlariga hujum qilmoqda (VIDEO)


Niqob va shamsiya Qozog‘istonda jurnalistlarga qarshi kurash vositasiga aylangan.

Pensioner Ernazar Perneyev 26 oktabrda Qozog‘iston Chimkent shahrining “Navro‘z” maydoniga yetib kelishi bilan shahar hokimligi vakiliga duch keldi.

‒ Bilasizmi, rasman ruxsat etilmagan miting qilish uchun bu yerga kelish mumkin emas, ‒ dedi vakil Perneyevga faoliyati taqiqlangan “Qozog‘iston demokratik tanlovi” (QDT) tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan norozilik namoyishini nazarda tutib.

‒ Biz bu yerda o‘tkazayotgan yig‘in qozoq millati manfaatlariga tegishl va Xitoyning yoyilayotgan ta’siriga qarshidir, ‒ deya javob berdi Perneyev, “Ozodlik” radiosi vakillari esa suhbatni tasvirga oldi. ‒ Bu – kelajagimizga tegishli. Shuning uchun ruxsat berilgan yoki berilmaganining ahamiyati yo‘q.

Qo‘qqisdan qo‘liga shamsiya tutib olgan ikki niqobli kishi Perneyev bilan “Ozodlik” radiosi kamerasi o‘rtasiga turib oldi.

‒ Bular kimlar? ‒ deya so‘radi Perneyev hayron bo‘lib, niqobli kishilar esa “Ozodlik” kamerasini to‘sish va u boshqa gaplarni gapirishiga xalaqit berish uchun shamsiyalarini ochib yubordi.

Ниқоб тутиб олган шамсияли кишилар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:44 0:00

Bu keyingi paytlarda noma’lum kishilarning uyushgan guruhlari hokimiyat idoralari rahbarligida mustaqil jurnalistlarga Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari haqida xabarlar tayyorlashga xalaqit berayotgan hollarning so‘nggisidir. Ayniqsa, qochqindagi sobiq bankir va biznesmen Muxtar Ablyazov yetakchilik qilayotgan QDT uyushtirayotgan tadbirlarda bu usul keng qo‘llanmoqda.

Iyun va avgustda niqobli kishilar poytaxt Nur-Sulton, Olmaota va Chimkentdagi mitinglar chog‘ida shamsiyalardan ko‘p foydalandi.

Ayniqsa, ular norozilik namoyishida hibsga olingan kishilarni tashiyotgan avtobuslar yoniga turib olib, jurnalistlar namoyishchilarni hibsga olish jarayonini tasvirga olishiga xalaqit berish bilan shug‘ullanadi.

Garchi Qozog‘istonda jurnalist faoliyatiga xalaqit berish jinoyat hisoblansa-da, politsiya biror marta shamsiyali kishilarni qonunbuzarligi uchun na hibsga oldi va na ularga ayblov e’lon qildi.

“Ozodlik” radiosi xodimi tasvirga olgan bir videomaterialda niqob tutib olgan shamsiyali kishilar QDT rejalashtirgan miting o‘tkazilayotgan yerda politsiya mashinalaridan tushib kelayotgani aks etgan edi.

Nur-Sultonda politsiya boshlig‘i o‘rinbosari Baxitjan Malibayev shundoq yonida “Ozodlik” jurnalistlari ishiga xalaqit berayotgan shamsiyali kishilarga chora ko‘rishdan bosh tortdi.

“Ozodlik” radiosining qozoq xizmati nomidan ish ko‘ruvchi advokat Ayman Umarova huquqni himoya qilish idoralariga iyundan beri radioning hujumga uchragan yoki shamsiyali va boshqa “noma’lum” kishilar ishiga xalaqit bergan 10 nafar jurnalist nomidan rasmiy shikoyatnomalar topshirdi.

Umarova Nul-Sulton va Olmaota politsiyasini “noma’lum” hujum uyushtirgan kishilarni hibsga olishni va ularga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni istamagani uchun o‘shalarga sherik deb hisoblaydi.

Garchi prokurorlar 2 oy ichida tergov qanday ketayotgani haqida hisobot berishi yoki shikoyatni ko‘rib chiqish “rad etilgani” xususida rasmiy bildiruv berishga majbur bo‘lsa-da, Umarova haligacha ba’zi holatlar bo‘yicha rasmiy javob ola bilmadi.

Boshqa holatlar bo‘yicha faqat shikoyatlar politsiyaning tegishli mahalliy bo‘linmalariga yuborilgani haqida ma’lumot oldi, xolos.

Umarova endi Qozog‘iston bosh prokuraturasiga tergovchilar ustidan chora ko‘rmagani uchun da’vo arizasi tayyorlayotganini aytdi.

− Politsiya xodimlari shamsiyali kishilar bilan ushbu noqonuniy xatti-harakatlarni birga sodir etgan, deb o‘ylayman, − dedi Umarova. – Ular o‘sha kishilarga jurnalistlarga qarshi jinoyat sodir etishga sharoit yaratib berdi.

Aslida Qozog‘istonda jurnalistlar ishiga hokimiyat idoralari ko‘rsatmasi bilan faqat shamsiyali kishilar xalal berayotgani yo‘q.

22 iyulda advokatlar va inson huquqi himoyasi faollari Qozog‘istonning inson huquqi byurosi bosh qarorgohida matbuot konferensiyasi o‘tkazmoqchi bo‘lganida 20 ga yaqin kimligi noma’lum sportchi ayol tadbirga bostirib kirib, “tasvirga olma” degan baqiriqlar bilan jurnalistlarni kaltaklagan va kameralarini sindirib tashlagan edi. Hujum qilinganlar “Ozodlik” radiosi, xususiy “Olmaota TV” va “KazTAG” axborot agentligi muxbirlari va tasvirchilari edi.

Garchi hujum qilganlar tasvirga tushib qolgan bo‘lsa-da, ularning birortasi na hibsga olindi va na ularga nisbatan ayblov e’lon qilindi.

Olmaota politsiyasi 22 iyundagi hujumda ishtirok etgan ayollarni topa olmayotgani uchun ham javobgarlikka tortmayotganini aytdi.

“Noma’lum” qozoqlar guruhi “Ozodlik” radiosi xodimlari va boshqa jurnalistlar faoliyatiga 22 noyabrda politsiya Ostona shahrining nomi iste’foga chiqqan prezident Nursulton Nazarboyev sharafiga Nur-Sulton deb o‘zgartirilishidan norozi bo‘lgan QDT namoyishchilarini ta’qib qilishga tushgan paytdan boshlangan edi.

O‘sha kuni an’anaviy kiyim kiyib olgan qozoqlar raqsga tushib, qo‘shiq aytib, “Ozodlik” kameralari tasvirga olishiga xalaqit bergan bo‘lsa, boshqalar tadbir yoritilishini qo‘llaridagi gazetalarni yoyib olgan holda to‘sib qo‘ygan edi.

XS
SM
MD
LG