Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:54

"O‘zbeklar intellektiga" shubha bildirgan rus sharhlovchisi uni noto‘g‘ri tushunishganini aytdi


Eldor Shomurodov - Rossiya premyer-ligasining eng yaxshi o‘yinchisi
Eldor Shomurodov - Rossiya premyer-ligasining eng yaxshi o‘yinchisi

Rossiya chempionatida ishtirok etayotgan iqtidorli o‘zbek futbolchisi Eldor Shomurodovni “o‘zbek bo‘lsa ham fikrlash darajasi yuqoriligi” to‘g‘risida gapirgan teleboshlovchi Gennadiy Orlov uni “noto‘g‘ri tushunishganini” bildirdi.

Orlovning o‘zbek futbolchisi mahoratiga bergan bu “bahosi” ortidan futbol ishqibozlari uni irqchilik va millatchilikda aybladi.

Sharhlovchi Gennadiy Orlov O‘zbekistonning futbol bo‘yicha termasi va Rostov-Donning “Rostov” jamoasi hujumchisi, 24 yashar Eldor Shomurodovning o‘yin usuli borasida bergan sharhi noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi.

- Meni bu hujumchi o‘zining o‘yin uslubi bilan lol qoldirdi. U malakali futbolchilarga xos juda ko‘plab usullar sohibidir. U ayyor, original futbolchi, shu bois ham 10 ta to‘p kiritdi. Uni o‘zbek deya turib, men eng avvalo uning Sovetlar davrida Ittifoqning hatto Olimpiya jamoasiga kiritilgan juda kuchli o‘yinchilarni tayyorlagan o‘zbek futbol maktabiga mansubligini nazarda tutgan edim. Albatta, hozir unday emas, deya aytganini tuzatishga urindi Sputnik Newsga bergan intervyusida Orlov.

Rossiyaning futbol bo‘yicha premyer-ligasida 10 to‘p kiritib, to‘purarlar ro‘yxatida ilg‘orlik qilayotgan surxondaryolik Eldor Shomurodov ko‘plab jurnalistlar va sport mutaxassislari nazariga tushdi.

23 oktabr kuni “Sport-Ekspress” nashriga bergan intervyusida Rossiya birinchiligida to‘p surayotgan eng ilg‘or futbolchilarga baho bergan taniqli kommentator Gennadiy Orlov, jumladan Shomurodov to‘g‘risida bunday degandi:

- Menga Shomurodov juda yoqadi. Bilasizmi nima uchun? U o‘zbek, ammo uning futbol intellekti rossiyalik forvardlardan ustun turadi. Menimcha, unga bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat Dzyuba teng kela oladi.

G.Orlov - taniqli sport sharhlovchisi, videobloger
G.Orlov - taniqli sport sharhlovchisi, videobloger


Futbol mutaxassisining bu so‘zlari Internet-makonda qizg‘in bahslarni keltirib chiqardi. Ko‘pchilik foydalanuvchilar Orlovning bu so‘zlarini o‘zbeklarga nisbatan bo‘lgan haqorat deya qabul qildi.

"Ya’ni uning so‘zlaricha, o‘zbeklarning aqliy qobiliyati o‘zbek bo‘lmaganlardan pastroqmi?", deya savol qo‘ydi internetxonlardan biri.

Bunday shov-shuv ko‘tarilishi ortidan Gennadiy Orlov uning so‘zlaridan “irqiy yo milliy kamsitish” alomatlarini izlamaslikni va u o‘zbek futbolchisining faqat mahoratiga tahsin aytganini iddao qildi.

Biroq, rus sharhlovchisi Gennadiy Orlov so‘zlarida hech qanday haqorat va tahqirni payqamagan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi o‘z rasmiy saytida uning intervyusini o‘zgartirmasdan chop etganini ham ko‘rish mumkin.

Bu mojarodan oldinroq Rossiya terma jamoasi murabbiysi Stanislav Cherchesov unga noma’lum bir shaxs qo‘ng‘iroq qilib “nima uchun Rossiya terma jamoasiga eng iqtidorli futbolchi Eldor Shomurodov kiritilmagani” yuzasidan tanbeh berganini gapirgan edi.

- Men bu odam so‘zlarini oxirigacha tinglab javob berdim: siz hammasini to‘g‘ri aytyapsiz, faqat bitta muhim tomonini inobatga olmayapsiz. Juda istagan taqdirda ham men O‘zbekiston terma komandasi o‘yinchisini chaqira olmayman, dedim, dedi o‘zbekistonlik o‘yinchi mahorati hatto futboldan uzoqroq odamlar nazariga tushganini ta’kidlagan Stanislav Cherchesov.

Jarqo‘rg‘onlik 24 yashar Eldor Shomurodov futbolchilar oilasida ulg‘aygan. 6 yoshidan futbol o‘ynab kelayotgan bu sportchi Muborakning “Mash’al”, Toshkentning “Bunyodkor” jamoalarida to‘p surgan. 2015 yilda “Osiyoning eng yaxshi futbolchisi” unvoniga sazovor bo‘lgan Eldor 2017 yildan Rostov-Donning “Rostov” jamoasida o‘ynay boshlagan.

2019 yilning avgustida Eldor Shomurodov Rossiya Premyer-Ligasining eng yaxshi o‘yinchisi deb tan olindi.

XS
SM
MD
LG