Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 09:09

Xatirchidagi ikkita maktabda o‘ndan ortiq bola gepatitga chalindi


Navoiy viloyatining Xatirchi tumani Langar qishlog‘i hududidagi ikkita maktabda o‘ndan ortiq bola gepatit “A” kasalligiga chalingan.

Bu haqda farzandlari 37, 58-umumta’lim maktablarida o‘qiydigan bir nechta ota-ona Ozodlikka 5 noyabrda ma’lum qildi.

Ular gepatit “A” kasalligiga chalingan o‘ndan ortiq bolaning ro‘yxatini ham Ozodlikka taqdim etdi.

Ammo, Ozodlik suhbatlashgan tuman hokimligi va xalq ta’limi bo‘limi rasmiylari gepatit “A”ga chalinganlar soni to‘rttadan oshmasligini aytmoqda.

Xatirchi tumani Xalq ta’limi bo‘limi rasmiysi 37, 58-umumta’lim maktablarida gepatit “A” kasalligi qayd etilgani va sinfxonalar dezinfeksiya qilinganini aytdi.

Ammo, rasmiyga ko‘ra, ikkita maktabda gepatit “A”ga chalinganlar soni to‘rttadan oshmaydi.

- Sinfxonalar dezinfeksiya qilindi, lekin maktablar yopilmadi. Kasallik ko‘lami maktablar yopiladigan darajada emas. Gepatit “A” anliqlangan bolalar oldin ham shu kasallik bilan og‘rigan va davolanayotgan bolalar ekan, dedi Xatirchi tumani Xalq ta’limi bo‘limining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi.

Farzandlari Xatirchidagi 37- umumta’lim maktabida o‘qiydigan ota-onalardan biri Ozodlik bilan suhbatda kasallikni boshqa o‘quvchilar ham yuqtirishidan xavotirda ekanini aytadi.

"Kasallik aynan 37 va 58-maktablarda tarqalgani bejiz emas. Bu ikki maktab yonma-yon maktablar. O‘quvchilar yuqtirgan buni. Tuman xalq ta’limi ham sog‘liqni saqlash va hokimlik rasmiylari ham buni yashirish uchun maktablarni yopib, infeksiya oldini olish uchun lozim chorani ko‘rmayapti, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan xatirchilik ota-onalardan biri.

Ozodlik xatirchilik ota-onalar xavotiri yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasiga bog‘landi.

Birlashma rasmiysi gepatit “A” ​kasalligi bilan bog‘liq tumandagi vaziyat haqida gapirish vakolatiga ega emasligini aytdi.

Gepatit "A"

Xalq orasida “sariq kasalligi” nomi bilan ataladigan virusli gepatit “A” jigarning jarohatlanishi bilan kechadi va o‘ta yuqumlidir.

Kasallik asosan iflos qo‘l bilan ovqatlanish, meva-sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilish, suvni qaynatmay ichish, iste’molga tayyor oziq-ovqat mahsulotlariga pashshalarning o‘tirishi oqibatida hamda kasallikka chalinganlardan yuqishi mumkin.

Xalq orasida “sariq kasalligi” nomi bilan ataladigan virusli gepatit “A” belgilari tana harorati ko‘tarilishi, holsizlik, qorinda og‘riq, ishtahasizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, peshob rangining o‘zgarishi, o‘ng qovurg‘a ostida og‘riq bo‘lishi va teri rangining sariq tusga kirishida ifodalanadi.

26 oktabr kuni Qo‘qon shahridagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kamida 5 o‘quvchida sariq kasalligi aniqlangach ta’lim maskani dezinfeksiya uchun berkitilgandi.

Maktab direktori Durdona Qosimova oktabr oyi davomida u boshqarayotgan maktabning 4-5-6 sinflarida jami besh nafar o‘quvchi sariq kasaliga va yana bir o‘quvchi diareyaga chalingani haqda Ozodlikka ma’lum qilgan.

Keyinchalik bu xabarni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan edi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, virusli gepatit "A" mavsumga xos kasallik bo‘lib, asosan kuz-qish mavsumida kuzatiladi.

Ushbu xastalik shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilmaslik natijasida vujudga keladi.

Bundan tashqari, kasallikning mavsumiy xususiyati, tabiatdagi o‘zgarishlar, havoning o‘zgaruvchanligi ham xastalikning paydo bo‘lishi va rivojlanishi uchun qulay muhit yaratadi.

XS
SM
MD
LG