Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 21:56

Samarqanddagi qurilish maydonida o‘zbek va turk quruvchilari o‘rtasida katta janjal chiqdi (VIDEO)


Самарқанддаги қурилиш майдонида ўзбек ва турк қурувчилари ўртасида жанжал чиқти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:20 0:00

Samarqanddagi qurilish maydonida o‘zbek va turk quruvchilari o‘rtasida janjal chiqdi.

6 noyabr kuni Samarqand shahrining Qorasuv massivida Agromir Buildings shirkatiga qarashli Motrid qurilish maydonida katta janjal yuzaga chiqdi.

Ozodlikka yuborilgan videotasvirda atrofi yangi qurilayotgan ko‘p qavatli binolar bilan o‘ralgan maydonda yuzlab odamning kichik guruhga tashlangani¸ bino ichkarisiga ularni quvlab kirgani ko‘riladi.

Videoni suratga olgan shaxsning “turklar tamom bo‘ldi” deganidan janjalning mazkur qurilishda ishlayotgan turk va mahalliy o‘zbeklar o‘rtasida chiqqani anglashiladi.

Ozodlikka bu janjal haqida ma’lumot yuborgan samarqandliklardan yana biri¸ son jihatdan ko‘p bo‘lgan o‘zbeklarning turkiyaliklarni kaltaklaganini bildirdi.

Ozodlik ixtiyorida jarohatlangan va hibsga olinganlar haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Ozodlik manbalari Turkiya elchisining voqeadan bir necha soat o‘tib-o‘tmay Samarqandga “vazirlardan biri hamrohligida” yetib kelganini xabar qildi.

Samarqand shahar IIB navbatchisi bu voqeani inkor qilmadi¸ tafsilotlarni olish uchun IIV matbuot xizmati bilan bog‘lanishni maslahat berdi.

Ozodlik xabari bilan ketma-ket e’lon bo‘lgan IIV rasmiy ma’lumotida bu mushtlashuv «bezorilik» deb tasniflandi.

Tonggi janjal

Ozodlikka Agromir Buildings qurilish hududida janjal yuzaga chiqqanini xabar qilgan samarqandliklardan biri o‘zini mazkur shirkat ishchisi deb tanishtirdi.

Men ishga kechroq kelsam¸ butun ob’ekt IIB va Milliy gvardiya tomonidan o‘rab olingan ekan. Hech kimni kiritishmadi¸ bugun ish bo‘lmadi. Bilsam¸ katta janjal chiqib¸ o‘zbek ishchilar qurilishda ishlayotgan turkiyaliklarni uripti. O‘lganlar yo‘qdirku¸ lekin qattiq yaralanganlar bor”¸ dedi voqeaga bevosita guvoh bo‘lmaganini ta’kidlagan samarqandlik ishchi.

Bu suhbatdosh taxminicha¸ Motrid ob’ektida kamida 1500 dan oshiq odam ishlagan.

Kunning ikkinchi yarmida Ozodlikka yuborilgan videoda katta qurilish maydonida yuzaga chiqqan janjal epizodi aks etgan.

Unda yuzlab odam to‘planib turgan katta maydonning bir chekkasida janjal boshlangani¸ so‘ngra bir guruh odamning qarshidagi bitmagan bino pod’ezdiga qarab qochgani¸ boshqalarning ularni quvlab ortidan kirgani ko‘riladi.

Voqeani yuqori qavatdagi derazadan tasvirga olgan quruvchilardan biri tojik tilida “turklar tamom bo‘ldi” deganidan¸ qochganlarning turk ishchilari ekani anglashiladi.

Janjal sababi

Ozodlikka bog‘langan samarqandliklardan yana biri¸ 6 noyabr kungi janjalning turk va mahalliy ishchilar o‘rtasida chiqqanini bildirdi.

Bu suhbatdosh¸ tongda boshlangan to‘polonning soat 3 larga borib tinchitilgani¸ jarohat olganlar sonining ancha katta ekanini qo‘shimcha qildi.

Ozodlik gaplashgan samarqandliklar janjal boshlanishi haqida ikki taxmin tarqaganini bildirdi.

Birinchisi¸ go‘yo turk ishchilari oshxonada ishlaydigan mahalliy ayolni zo‘rlagan va janjal shundan boshlangan. Ikkinchi taxmin¸ janjal mahalliy ishchilarning o‘zlari va turklarga ayni ish uchun berilayotgan oyligidagi katta farqdan kelib chiqqan. Menimcha¸ ikkinchisi haqiqatga yaqin. Agromir Buildings turkiyalik ishchilarga 1000 dollar oylik bersa¸ o‘zbeklarga 100 dollar berayapti. Bugungi janjalga ana shu adolatsizlik bevosita yoki bilvosita sabab bo‘lgan”¸ dedi Ozodlik gaplashgan voqea tafsilotlaridan bilvosita xabardor samarqandlik ishchi.

"Elchi Samarqandda. Janjalni bekitishayati"

Ozodlik manbalari¸ janjal tugar-tugamas Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Samarqandga yetib kelganini ma’lum qildi.

Toshkentdan qaysidir vazir hamrohligida keldi¸ kimligini aniq ayta olmayman. Bu voqea haqidagi xabar chiqib ketmasligi uchun hammani qattiq qo‘rqitishdi¸ atrofni o‘rab¸ surat va videolar tarqamasligi uchun rosa harakat qilishayapti”¸ dedi Ozodlikka videoni yuborgan samarqandlik ishchilardan biri.

Ozodlik hozircha rasmiylardan janjal tafsiloti va uning motivlari haqida ma’lumot ola olmadi.

Samarqand shahar Ichki ishlar boshqarmasining Ozodlik bog‘langan rasmiysi janjal yuzaga chiqqanini inkor qilmadi¸ ammo uning tafsilotini o‘rganish uchun IIV matbuot xizmati bilan bog‘lanishni tavsiya qildi.

Mazkur xizmat telefonlariga hech kim javob bermadi.

IIV rasmiy bayonoti

Ozodlikning ushbu maqolasi e’lon qilinishi bilan ketma-ket Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati voqeaga oid rasmiy bayonot e’lon qildi.

Bayonot mazmuni quyidagicha:

"Samarqand viloyati Qora-suv massivi hududidagi bezorilik yuzasidan.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra joriy yilning 6 noyabr kuni Samarqand shahar, Qora-suv massivi, Obod Maskan mahallasi hududida “Agromir Bilding” korxonasi tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan o‘n nafar ishchilar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqan.

Mazkur holat oqibatida to‘rt nafar fuqaro Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga turli tan jarohatlari bilan murojaat qilishgan.

Xozirgi kunda ushbu holat yuzasidan Samarqand shahar IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277 moddasi 2 qismi “b” bandi bilan (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovoldi harakatlar olib borilmoqda.

Fuqarolarimizdan, mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergov yakuniga ko‘ra to‘liq axborot berilishiga qadar, ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan video tasvirlarga nomaqbul izohlar berishlaridan o‘zlarini tiyishlarini so‘raymiz".

Turkiya shirkati deb ko‘riladigan Agromirbuildings o‘z rasmiy saytida o‘zini oddiy "odamlar orzularini ushaltiradigan" shirkat sifatida taqdim etgan.

O‘zi haqidagi ma’lumotga ko‘ra¸ shirkat 2005 yili Qozog‘iston poytaxti Ostonada tashkil etilgan.

Shirkatning aloqa uchun ajratilgan raqamlariga kun davomida hech kim javob bermadi.

Agar siz bu voqea guvohi¸ yoki undan jabr ko‘rganlardan bo‘lsangiz¸ o‘zingiz bilgan tafsilotlarni Ozodlikka yo‘llashingiz mumkin.

Ozodlikka ma’lumot yuborishning eng qisqa yo‘li Telegramdagi @ozodnews manzili yoki +420 724 971 539 raqamiga bog‘lanishdir.

XS
SM
MD
LG