Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 04:28

Hukumat bosimi ostida bo‘lgan jurnalist Davlat Nazar mashina urishi oqibatida halok bo‘ldi (VIDEO)


Xorazmdagi og‘riqli mavzularni yoritib kelgan jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov (Davlat Nazar) 6 noyabr oqshomida mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi.

Bosh prokuratura jurnalist Ro‘zmetovni yo‘lni kesib o‘tayotganida "Gazelь" mashinasi urib yuborgani haqida yozdi.

48 yashar Davlat Nazar keyingi ikki yil ichida tanqidiy qarashlari sabab bir necha bor hibsga olingan.

Ozodlik bilan yaqin hamkorlik qilib kelgan Davlat Nazar keyingi paytda muntazam kuzatuvda ekani haqida aytgandi.

Ҳукумат босими остида бўлган журналист Давлат Назар машина уриши оқибатида ҳалок бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:43 0:00

Mudhish xabar

Tanqidiy maqolalari va muxolif qarashlari bilan tanilgan, keyingi ikki yil davomida bir necha bor hibsga olingan jurnalist Davlat Nazar 6 noyabr kuni yarim tunda mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi.

Jurnalist yaqinlariga ko‘ra, Davlat Nazarning janozasi u istiqomat qilgan Qo‘shko‘pir tumanida 7 noyabr kuni o‘qilgan va u Hazrati Eshon buva qabristoniga dafn qilingan.

Ozodlik muxbiri 6 noyabr kuni Davlat Nazar bilan eng so‘nggi uchrashganlardan ikki nafari bilan gaplashdi. Ulardan biri jurnalist, yana biri advokat. Ularning aytishicha, uchalasi Urganchdagi kafelardan birida o‘tirib, suhbatlashishgan. Ular soat 21:30da kafedan chiqqach, Davlat Nazar taksiga minib, Qo‘shko‘pirdagi uyiga ketganini aytishdi.

Davlat Nazar taksidan qaerda tushgani va yarim tunda piyoda magistral yo‘lda nima qilib yurgani haqidagi savollar hozircha javobsiz qolayapti.

So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, taksi haydovchisi so‘roqqa chaqirilgan, jurnalistni bosib o‘ldirgan haydovchi esa hibsga olingan.

Shubhali o‘lim

Mobil muxbir sifatida Xorazmdagi og‘riqli mavzularni yoritishda Ozodlik bilan yaqindan hamkorlik qilib kelgan Davlat Nazar keyingi paytda muntazam kuzatuvda ekani haqida aytgandi:

- Uydan chiqa olmay o‘tiribman. Ko‘chaning ikki tomonida ikki posbon o‘tiribdi, degandi jumladan 12 oktabr kuni Davlat Nazar Ozodlik bilan suhbatda.

Davlat Nazar Xorazmda o‘ziga bo‘layotgan bosimlar sabab Toshkentda vaqtincha yashashga qaror qilgani haqida gapirgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, u bir hafta avval Xorazmga qaytgan.

Qo‘shko‘pirdan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Urganch-Xiva” yo‘lining 4-kilometridagi Davlat Nazar avtohalokatga uchragani aytilayotgan joy tozalab qo‘yilgan.

"Bu yerda umuman avariya bo‘lmaganday. Hammayoqni yuvib qo‘yishibdi", dedi voqea joyida bo‘lgan qo‘shko‘pirlik 7 noyabr kuni tush payti.

Davlat Nazarning Feysbukdagi sahifasiga so‘nggi ikki kun ichida (teg qilib) yozilgan postlarning aksarida jurnalist o‘limi shubha ostiga olingan:

"Jurnalist o‘limi hech qachon oddiy o‘lim bo‘lmaydi. Davlat Nazardek qalami o‘tkir jurnalistning o‘limi – inchinun. Ushbu hodisa yuzasidan shaffof tekshiruv va batafsil axborot kutib qolamiz", deya yozdi, jumladan, bloger Shahnoza Soatova.

Rasmiy bayonot

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi jurnalist Davlat Nazar "avtohalokat qurboni bo‘lgani" haqida zudlik bilan rasmiy ma’lumot e’lon qildi:

"2019 yil 06 noyabr kuni soat 23:55 larda fuqaro S.U. o‘zi ishlab kelayotgan korxonasiga tegishli bo‘lgan “Gazel” rusumli avtomashinani “Urganch-Xiva” yo‘lining 4-kilometrida boshqarib borayotganida, yo‘lni kesib o‘tayotgan “Jamiyat” gazetasi muxbiri Davlatnazar Ro‘zmetovni urib yuborgan.

Natijada D.Ro‘zmetov bosh qismidan jarohat olib, voqea joyida vafot etgan".


Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, jurnalist o‘limi bo‘yicha Urganch tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Rasmiy hamdardlik

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov​ o‘zining Feysbuk sahifasi orqali Davlat Nazar o‘limi yuzasidan hamdardlik posti yozib qoldirdi:

«Jamiyat» gazetasining Xorazm viloyati muxbiri, taniqli jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov baxtsiz hodisa tufayli bevaqt vafot etdi.

Agentligimiz nomidan marhum jurnalistning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildiramiz.

Hibs va qamoqlar

Davlat Nazar taxallusi bilan ijod qilgan qo‘shko‘pirlik 48 yashar Davlatnazar Ro‘zmetov oldin “Yoshlar ovozi” gazetasining Xorazm viloyati bo‘yicha muxbiri bo‘lgan.

Keyinchalik u “Xorazm yoshlari” gazetasida faoliyat yuritdi.

So‘nggi paytda u "Jamiyat" ijtimoiy-siyosiy gazetasi​ muxbiri sifatida faoliyat yuritgan.

U o‘zining Feysbukdagi sahifasida O‘zbekistonda bo‘layotgan voqealarga faol fikr bildirishi bilan ham mashhur edi.

Davlat Nazar O‘zbekiston hayotida muxim bo‘lgan voqea ya’ni Urganch shahar Ashxobod ko‘chasidagi uyi buzilganlar namoyishi haqida Ozodlikka ma’lumotlarni yetkazgani ortidan muammolarga duch kelgani ma’lum.

O‘limidan oldin u bloger Shabnam Olloshukurovani ruhiy dispanserga joylashtirilgani haqidagi ma’lumotlarni tarqatgani ortidan tazyiqqa uchragani haqida Ozodlikka aytgandi.

Davlat Nazar tanqidiy maqolalari va muxolif qarashlari sabab keyingi ikki yil ichida bir necha bor qamoqqa tashlandi.

Joriy yilning 5 oktabr kuni paxtada majburiy mehnat masalasini yoritib kelgan Davlat Nazar hibsga olinib, Urganch militsiya bo‘linmasida besh soat ushlab turilgach qo‘yib yuborildi.​

O‘tgan yilning 29 oktabr kuni "Xorazm yoshlari" gazetasi muharririning o‘rinbosari sifatida ishlayotgan paytida Davlat Nazar paxtaga oid yig‘ilishni yoritmoqchi bo‘lgani uchun hibsga olindi.

Qo‘shko‘pir tuman hokimligining paxta bo‘yicha yig‘ilishini videotasvirga olayotgan paytda olib ketilgan Davlat Nazarni sud mayda bezorilikda ayblab, 7 sutkaga qamadi.

O‘sha paytda jurnalist Davlat Nazar militsiya xodimlari uni kaltaklab, majburan iqrornoma yozdirib olishgani haqida gapirgandi.

Хоразмлик журналист: Милиция ходимлари мени калтаклаб, мажбуран иқрорнома ёздиришди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:52 0:00

XS
SM
MD
LG