Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:50

Prezident kuyoviga yana lavozim tegdi - MMA assotsiatsiyasi prezidenti bo‘ldi (VIDEO)


Otabek Umarov sportchilar davrasida (Instagram)
Otabek Umarov sportchilar davrasida (Instagram)

Prezidentning kichik kuyovi Otabek Umarov O‘zbekistonda yangi ochilgan MMA assotsiatsiyasi prezidenti bo‘ldi.

Otabek Umarov Instagram tarmog‘idagi sahifasida bu tashkilotning ochilishiyu unga o‘zining prezident etib saylanishida - prezident Shavkat Mirziyoyev "beqiyos ko‘mak" berganini alohida urg‘uladi.

8 noyabr kuni Aralash jang san’atlari - MMA assotsiatsiyasi va uning prezidenti Otabek Umarovning taqdimoti Buka GYM sport markazida bo‘ldi.

Taqdimotga O‘zbekiston tarixida ilk bor - 23 noyabr kuni Toshkentda bo‘ladigan MMA GFC-20 turnirida qatnashadigan sportchilar va ularni tayyorlayotgan ustalar yig‘ildi.

Otabek Umarov tadbir haqida Instagram tarmog‘idagi sahifasida xabar qoldirdi.

Umarov yangi lavozimga tayinlanishida prezident - qayinotasi Shavkat Mirziyoyevning ko‘magi beqiyos ekanini alohida urg‘uladi:

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimiz barcha sohalarda, xususan, sportda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun aniq vazifalar belgilab berdi, ayni chog‘da uning rivojlanishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Chunki sport shaxs kamolotiga, ruhiy va jismoniy toblanishiga xizmat qiladi va irodasini mustahkamlaydi. Ana shunday beqiyos ko‘mak bizni respublikada MMAni rivojlantirishga qaratilgan loyihaga qo‘l urishga undadi. Yoshlarni men bilan birgalikda qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan sportimiz faxriylariga esa alohida minnatdorchilik bildiraman", deb yozdi Otabek Umarov.

Marosimda Komiljon Xudoyberganov, Hamroqul Rafiyev, Erkin G‘iyosov, Aleksandr Istomin va A’zamjon Shokirjonov kabi xalqaro maydonda yutuq qozongan faxriy sport ustalari ishtirok etdi.

Ularning prezident Mirziyoyev va uning kuyovi sha’niga aytgan olqishlari ham Umarov sahifasidan joy oldi.

MMA - dunyoda ommalashgan va keyingi yillarda, o‘zbekistonlik sport ustalari ham professional ravishda shug‘ullanib, xalqaro maydonda eng yuqori sovrinlarni qozonayotgan sport turidir.

23 noyabr kuni Toshkentdagi "Humo Arena" muz majmuasida mamlakat tarixida ilk bor MMA GFC-20 turniri bo‘lib o‘tadi.

Unda MMA ustasi, yengil vaznda jahon chempioni Xabib Nurmagomedov ham qatnashishini ma’lum qilgan.

"Assalomu alaykum, O‘zbekiston. Xudo xohlasa, 23 noyabr kuni Toshkentdagi #GFC20 musobaqasida qatnashaman. Tez orada ko‘rishamiz, hammaga salomatlik va omad", deb yozdi Nurmagomedov.

23 noyabr kungi markaziy jangda Habib Nurmagomedovning amakivachchasi Umar Nurmagomedov o‘zbekistonlik Amin Ergashev bilan jang qiladi.

Shu yilning oktabri boshida Nurmagomedov O‘zbekistonda o‘zning MMA akademiyasini ochmoqchi ekanini ham bildirgan.

TASS agentligi sportchi bu masalada O‘zbekistondagi "ko‘plab do‘stlari" yordamiga ishonishini aytganini xabar qilgan.

"MMA yo‘nalishini rivojlantiramiz, mening akademiyamni ochamiz. O‘zbekistonda bu masalada qo‘llaydigan ko‘plab do‘stlarimiz bor, muxlislarimiz ko‘p. Qaysi davlatga bormay, hamma joyda o‘zbeklar yonimga kelib, omad tilaydi", deya iqtibos keltirgandi chempiondan agentlik.

Ammo, Nurmagomedov "mening akademiyam" deganda - hozir Otabek Umarov raisi bo‘lgan uyushmani nazarda tutganmidi yoki endi O‘zbekistonda MMA akademiyasi ham ochiladimi - bu hozircha noma’lum.

Asli Dog‘istonda tug‘ilib o‘sgan MMA ustasi Habib Nurmagomedovning birinchi oila kuyovlari bilan yaqin aloqada ekani jamoatchilikka ma’lum.

MMA assotsiatsiyasiga prezidentlik, ayni paytda, Otabek Umarovning jamoatchilikka ma’lum uchinchi lavozimidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi bo‘lgan Otabek Umarov, bir vaqtning o‘zida, Prezident xavfsizlik xizmati rahbari birinchi o‘rinbosari, Triatlon federatsiyasi raisi va mana endi, Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi prezidenti bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG