Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2019, Тошкент вақти: 04:48

Buxorolik fermer: xo‘jaliklar paxtani qo‘shib yozishga majburlanmoqda


Illyustrativ surat

Buxoro viloyati tumanlarida rejani bajarish uchun fermer xo‘jaliklari paxtani qo‘shib yozishga majburlanmoqda.

Bu iddaoni Buxoro viloyatining Jondor tumanida ishlayotgan fermer Ozodlikka aytdi.

Fermer o‘z iddaosini “Paxta monitoring” axborot tizimidan olingan rasmiy hisobot va o‘z surishtiruvi natijasi bilan isbotlashga urindi.

Jondor tumanidagi paxta qabul qilish va uni qayta ishlash zavodi direktori Ozodlikning qo‘shib yozishga oid savoliga javoban uni "aralashtirmaslikni" so‘radi.

Jondor tuman hokimi o‘rinbosari, “paxta rejasini bajarishda “pripiska” bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham”, dedi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu yilgi paxta mavsumida Qoraqalpog‘iston va Xorazmda paxtani qo‘shib yozish holatlarini aniqlagan edi.

Jondor tuman prokurori sektorida paxta yetishtirayotgan, xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, tumanda paxtani qo‘shib yozish holatlari kuzatilmoqda:

“Men sizga fakt bilan gapiraman. Pripiska holatlari bo‘lgan skrinshotlarni yuboraman. Sektor rahbarlari bo‘lgan hokim, prokuror va IIB boshlig‘i hududlaridagi fermer xo‘jaliklari o‘nlab tonna paxtani pripiska qilmoqda”

Fermerning respublika “Paxta monitoring” axborot tizimidan skrinshot qilib olib, Ozodlikka taqdim etgan hujjatlarda fermerlarning qabul punktiga har kunlik topshirgan paxta tonnasi aks etgan.

"Bozorbobo Jondoriy" fermer xo‘jaligi topshirgan "0" raqamli yuk xatlari
"Bozorbobo Jondoriy" fermer xo‘jaligi topshirgan "0" raqamli yuk xatlari

Shulardan birini fermer Ozodlikka bunday deb tushuntirib berdi:

Bu 0 raqamlilarning bari pripiska ekanidan dalolat beradi


“Mana misol. Prokuror sektoridagi “Bozorbobo Jondoriy” fermer xo‘jaligi 6 marta 0 raqamli yuk xati bilan paxta topshirgan. Birinchidan, 0 raqamli yuk xati bo‘lmaydi. Fermerning qo‘lidagi haqiqiy nakladnoylarga 1,2,3 va hokazo deb raqam qo‘yiladi. Mana shulardan biri 20 oktabrdagi 0 raqamli yuk xatiga qarang. 15 tonna 100 kg paxta topshirilgan. Paxta olib borilgan kuni 20 oktabr, qabul vaqti esa 3 noyabr soat 04.50. Oradagi farq 14 kun.

Yana 27 oktabr kuni 14 tonna 900 kg olib borilyapti, qabul vaqti esa o‘sha 3 noyabr, soat 04.50. Oradagi farq 7 kun. Tartib raqami normalniy qo‘yilgan yuk xatlarida paxta o‘sha kuni topshirilib, o‘sha kuni qabul qilingan. Bu 0 raqamlilarning bari pripiska ekanidan dalolat beradi”.

Fermerning aytishicha, pripiska qilingan paxtaning tonnasi ham boshqa kunlarga nisbatan haddan tashqari katta ko‘rsatilgan:

“Masalan, 0 raqamli yuk xatidan bir-ikki kun avval topshirilgan bir kunlik paxta 2 dan 5 tonnagacha, bular esa bir zaxodda 15 tonna atrofida. Aqlga sig‘maydigan tonnalar”.

Fermer tuman hokimi va IIB boshlig‘i sektorlaridagi fermer xo‘jaliklari topshirgan paxta ro‘yxatini kuzatib, ularda ham 0 raqamli yuk xatlarini oshkor qilganini aytadi:

IIB boshlig‘i sektoridan ham istagancha 0 raqamli yuk xatlari topishingiz mumkin


“Masalan, hokim sektoridagi “Muhammad Said Ahmad” fermer xo‘jaligi uchta 0 raqami bilan jami 9870 kilo paxta topshirgan. “Muhammad Sardor Zokirshoh” fermer xo‘jaligi 3 ta yuk xati bilan 10270 kilo topshirgan. IIB boshlig‘i sektoridan ham istagancha 0 raqamli yuk xatlari topishingiz mumkin”

"Muhammad Said Ahmad" fermer xo‘jaligi topshirgan "0" raqamli yuk xatlari
"Muhammad Said Ahmad" fermer xo‘jaligi topshirgan "0" raqamli yuk xatlari

Ozodlik “Paxta monitoring” axborot tizimini mustaqil kuzatar ekan, viloyatning boshqa tumanlarida ham 0 raqamli yuk xati bilan paxta topshirilganiga guvoh bo‘ldi.

Fermer bu saytga kirish kodini ham Ozodlikka taqdim qildi.

Jumladan, Buxoro tumanidagi hokim sektorida “Muyassar Qobil” fermer xo‘jaligi 8810 kilogramm, prokuror sektoridagi “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo‘jaligi 5210 kilogramm, “Bafo Mardon Sharif” fermer xo‘jaligi 8400 kilogramm, IIB boshlig‘i sektoridan “Ilyorbek Ulug‘bek fayz”, “Novmeta asl zodasi” “Jahongir Niginabonu”, Bobir Nodir Sobir”, “Mardon Mirzo” fermer xo‘jaliklari 6 dan 29 tonnagacha 0 raqamli yuk xatlari bilan paxta “topshirgan”.

"Muyassar Qobil" fermer xo‘jaligi topshirgan "0" raqamli yuk xatlari
"Muyassar Qobil" fermer xo‘jaligi topshirgan "0" raqamli yuk xatlari

Ozodlikda “Paxta monitoring” axborot tizimidagi yuqorida nomlari tilga olingan fermerlar va boshqa fermerlarning paxta topshirish jarayoni aks etgan ro‘yxatning skrinshotlari mavjud.

Fermerning iddao qilishicha, bu qo‘shib yozish tuman paxta rejasini bajarilgan qilib ko‘rsatish uchun qilinmoqda:

Ertaga plan bajarilganidan keyin bu 0 lar olib tashlanadi


"Sektor rahbarlari bo‘lgan hokim, prokuror va IIB boshliqlari plan bajarilmagani sabab yuqoridan gap eshitmasligi uchun shu ishni qilmoqdalar. Mana hozir, saytda o‘sha 0 raqamli yuk xatlari turibdi. Ertaga plan bajarilganidan keyin bu 0 lar olib tashlanadi. Qorlar yog‘ilib, izlar ko‘milib ketadi"

"Mirzayon" fermer xo‘jaligi topshirgan "0" raqamli yuk xatlari
"Mirzayon" fermer xo‘jaligi topshirgan "0" raqamli yuk xatlari

Ozodlik 13 noyabr kuni Jondor tumanidagi paxta qabul qilish va uni qayta ishlash zavodi direktori Baxtiyor Saidov bilan bog‘lanib, 0 raqamli yuk xatlariga izoh so‘rashga harakat qildi.

Paxta zavodi direktori ekanligini tasdiqlagan Baxtiyor Saidov Ozodlik radiosidan qo‘ng‘iroq bo‘layotganini eshitgandan so‘ng, yonidagi shaxsga “Ozodlik radiosidan telefon qilishyapti, bir masala haqida fikr so‘rashyapti, gaplashaymi?, deb so‘radi. U shaxs “yo‘q” dedi shekilli, direktor “hozir o‘zim qaytib chiqaman” dedi-da aloqani uzdi.

Baxtiyor Saidov qaytib qo‘ng‘iroq qilmadi. Ozodlik bir soatdan so‘ng yana direktor bilan bog‘langanda, uni hech narsaga aralashtirmaslikni iltimos qildi:

Ozodlik: - Qaytib telefon qilaman degandingiz, kutdik, qilmadingiz. Yana qaytib chiqyapmiz. Pripiska bo‘yicha savolimiz bor edi

Saidov: - Akajon, iltimos meni hech narsaga aralashtirmang. Men dalada ishlayapman. Men fermerman.

Ozodlik: - Boya direktorman dedingizku?

Saidov: - Yo‘q, akajon men fermerman, daladaman.

Ozodlik: - Boya zavod direktori ekanligingizni tan oldingiz, menda sizning zavodingizdagi “pripiska” masalasida savolim bor edi?

Saidov: - Yo‘q aka. Men hech narsani bilmayman, meni tinch qo‘ying, menga boshqa telefon qilmang.

Ozodlik Jondor tumani fermerlar kengashi raisi Jamol Hamroyev bilan bog‘lanib, 0 raqamli yuk xatlari haqida so‘radi:

“Bu ishlardan xabarim yo‘q, men dalada o‘tiraman, xlopzavodga borganim ham yo‘q. Yuk xatini ham, boshqa narsalarni ham tushunmayman, uzr”.

Jondor tumani hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Rahmon Saidov paxta rejasi bajarilishida qo‘shib yozish holatining borligini keskin inkor etdi:

“Unaqa gap bizda mutlaqo bo‘lgani ham yo‘q. Qo‘shib yozish degan narsa mumkin ham emas, bo‘lmaydi ham. Paxtani fermer topshiradi, klaster qabul qiladi. Biz ularning ishiga aralasha olmaymiz ham”.

Hokim o‘rinbosari “Paxta monitoring” axborot tizimi saytiga kirmagani uchun (?!) “0” raqamli yuk xatlaridan xabari yo‘qligini aytdi.

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmatining telefoniga hech kim javob bermagani uchun bu masalaga viloyat hokimligining munosabatini olish imkoni bo‘lmadi.

Qo‘shib yozish tarixi

O‘zbekistonda "pripiska - qo‘shib yozish" tarixi o‘tgan asrning 70-80 yillariga borib taqaladi. 80-yillarda "Paxta ishi" bilan yuzlab o‘zbekistonlik rahbarlar, kolxoz-sovxoz raislari, paxta zavodlari mulozimlari qamalgan edi.

Islom Karimov prezidentligi davrida ham qo‘shib yozish holatlari davlat mulkini talon-toroj qilish bilan nomlanib, bir qancha rahbar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan so‘ng, Bosh prokuratura O‘zbekistonning bir necha tumanlarida qo‘shib yozish holatlari bo‘lganini aniqlab, uni oshkor qildi.

Jumladan, oktabr oyida Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, «Shumanay paxta qabul qilish maskani» mansabdor shaxslari «J» fermer xo‘jaligi tomonidan joriy yilning 13-15 sentabr kunlari 2.580 kg paxta xomashyosi topshirilgan bo‘lsada, yuk xatlari va «ECAS» elektron dasturiga soxta ma’lumotlar kiritib, umumiy qiymati 20,8 mln. so‘m bo‘lgan 5.940 kg. paxta xomashyosini qo‘shib yozib, hujjatlarni soxtalashtirganligi aniqlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Qo‘shko‘pir paxta tozalash» AJ mansabdor shaxslari «S.R.» fermer xo‘jaligi rahbari O.K. va boshqalar oldindan til biriktirib, jamiyatga kirim bo‘lgan 2.490 kg. paxta xom ashyosini qayta jamiyatga topshirish uchun olib kirgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda O‘zA xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG