Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2019, Тошкент вақти: 04:37

Moskvada komada yotgan talaba vafot etdi, Toshkentda u davolangan klinika tanqid qilindi (VIDEO)


O‘lmasxon Bahronov bu yil RUDNning 4- kursida o‘qishi kerak edi

13 noyabrda Moskva shifoxonalaridan birida shu yilning avgustidan buyon komada yotgan 22 yashar samarqandlik talaba O‘lmasxon Bahronov vafot etdi. Juma, 15 noyabrga o‘tar kechasi O‘lmasxonning jasadi O‘zbekiston konsulligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘magida Samarqandga yuborildi.

Bahronovlar oilasi himoyachilari O‘lmasxonning komaga tushishida Toshkentdagi Mont Blanc xususiy klinikasi vrachlari qo‘li borligini iddao qilmoqda.

14 noyabrda Toshkentda Mont Blanc xususiy klinikasida nobud bo‘lgan patsientlar yaqinlari maxsus matbuot anjumani o‘tkazdi va hukumatdan klinikani to‘liq yopib tashlashni talab qildi.

Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) Tibbiyot institutining 4- kursiga o‘tgan 22 yoshli samarqandlik O‘lmasxon Bahronov 13 noyabr, soat 19 larda Moskva shahar 67- klinik shifoxonasida hushiga kelmasdan vafot etdi.

2019 yilning 20 avgustda burnidan qon kelgani uchun Moskva shifoxonalaridan biriga olib kelingan O‘lmasxon, ko‘p o‘tmay, oddiy palatadan reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan va komaga tushib qolgan edi. O‘lmasning onasi, vrach Hilola Shukurulloyeva o‘g‘li Moskva kasalxonasi vrachlari tayinlagan noto‘g‘ri preparatlar oqibatida komaga tushganini taxmin qilayotganini Ozodlikka aytgan edi.

Bahronovlar oilasi advokati Shuhrat Hamroqulovning Ozodlikka aytishicha, 14 noyabr kuni kechki reys bilan O‘lmasxonning tobuti O‘zbekiston konsulligi va Migratsiya agentligi xodimlari ko‘magida Samarqandga yuborildi.

Bundan oldinroq himoyachi Hamroqulov "O‘lmasxon Bahronovni Toshkentda operatsiya qilgan vrachlar ham bolaning o‘limiga aloqadorligi masalasida tekshiruvdan o‘tkazilishi kerakligini" talab qilib, Ozodlikka gapirgan edi.

O‘lmasxon Bahronovning yaqinlari u Moskvaga kelishidan oldin Toshkentdagi Mont Blanc xususiy plastik xirurgiya va kosmetologiya klinikasida vrach Faxriddin Obloqulov jarrohlik amaliyotidan o‘tganini ma’lum qildi.

Toshkentda Mont Blanc klinikasida jabr ko‘rganlar matbuot anjumaniga yig‘ildi

Tasodifmi-yo‘qmi, 14 noyabr, ertalab soat 10 da Toshkentning “Grand Mir” otelida bir guruh fuqarolar tomonidan jurnalistlar uchun maxsus matbuot anjumani uyushtirildi.

Yaqinlari Mont Blanc klinikasidagi jarrohlik amaliyotida nobud bo‘lganini iddao qilib chiqqan bu odamlar klinika faoliyatiga maxsus idora vakillari qiziqishi kerakligini talab qilib chiqdi.

Joriy yilning 24 avgustida Toshkentning Mont Blanc xususiy plastik xirurgiya klinikasida jarrohlik amaliyotidan o‘tayotgan 20 yashar samarqandlik Gulshan Sharifova vafot etgan edi. Bundan 5 kun oldin, 19 avgust kuni, xuddi shunaqa operatsiya paytida klinikada 42 yashar qozog‘istonlik Liliya Apostolova ham vafot etgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgandi.

Matbuot anjumaniga kelgan va o‘zini nobud bo‘lgan Gulshan Sharifovaning qo‘shnisi deb tanishtirgan Mehri anjumanni tashkil qilishdan ko‘zlangan maqsadlarni ovoza qildi:

- Matbuot anjumanini yig‘ishimizdan maqsad: jabrlanganlarning O‘zbekiston huquq muxofazasi idoralariga qilgan murojaatlari javobsiz qolmoqda. Har bir arz qilganga bosimlar bo‘lmoqda. Bir oyda 3 ta o‘lim yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishini talab qilamiz, bu klinikaning boshqa filiallari yopilishini istaymiz. Klinika rahbariyati bugungi matbuot anjumaniga kelib, janjal ko‘tarishga urindi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Mont Blanc klinikasining sobiq vrachi, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach Gulbahor Nuriddinova Moskvada nobud bo‘lgan O‘lmas Bahronov ham shu yilning avgust oyi boshlarida Mont Blancda davolangani tasodifan aniqlanganini so‘zladi.

- Klinikada ikki kishi o‘lganidan keyin men majbur bo‘ldim shunday hodisalar bo‘layotganini Internet orqali aytishga. Shu xabarimni o‘qib qolgan O‘lmasning onasi “Xuddi shu klinikada, xuddi shu Obloqulovda mening bolam ham burnini to‘g‘rilash bo‘yicha operatsiya qilgan edi. Ikki haftadan keyin “Uchib ketaveringlar – hech narsa qilmaydi!”, deb bizni Moskvaga uchirvordi. Bolamda qon bosimi o‘zgarganidan keyin juda ko‘p qon ketuvdi, Obloqulov “Tampon qilib qo‘ysang hech narsa qilmaydi!”, deb javob bervorgan”, deb yozdi menga.

Gulbahor Nuriddinovaning so‘zlaricha, Ozodlikda chiqarilgan maqoladan keyin tekshirilgan va litsenziyasi olib qo‘yilgan Mont Blanc klinikasi egalari hozirda poytaxtning Mirobod tumanida “Krasota jizni” kosmetologiya klinikasida ish yurgizmoqda, ular Mont Blancni yana qayta tiklashga urinmoqda.

Joriy yilning oktabri boshlarida Ozodlikda chiqarilgan materiallar ortidan Toshkentning Shayhontohur tuman prokuraturasi Bunyodkor prospektida joylashgan Mont Blanc klinikasida tekshiruv boshlangani va bu muassasa faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgani, keyinroq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Mont Blanc ish litsenziyasini tortib olgani xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG