Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 14:13

Andijonda ko‘pqavatli uydagi xonadonda portlash sodir bo‘ldi, 6 xonadonga o‘t ketdi


4 dekabr kuni Andijon shahrining 2- mikrorayonidagi ko‘pqavatli 7- uydagi xonadonlardan birida portlash sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 8 fuqaroda tan jarohati qayd etilib, viloyat tez-tibbiy yordam shifoxonasiga yotqizilgan, halok bo‘lish holatlari qayd etilmagan.​

Voqea joyiga borgan Ozodlik mobil muxbirining aytishicha, portlash ikkinchi qavatdagi xonadonda sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Portlash sodir bo‘lgan xonadon joylashgan pod’yezdning barcha qavatlaridagi xonadonlarga o‘t ketgan.

Ushbu xabar yozilayotgan daqiqalarda tarqatilgan rasmiy xabarda aytilishicha, portlash ortidan sodir bo‘lgan yong‘indan 6 ta xonadon zararlangan.

"Bugun 4 dekabr kuni soat chamasi 14:13 atrofida Andijon shahri 2-kichik daha Lermontov ko‘chasidagi 7 -raqamli ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘lganligi haqida viloyat YoXB MDXga xabar berilgan. Olingan xabarga asosan soat 14:19 da Andijon shahar YoXB 1-sonli yong‘in qutqaruv qismi voqea joyiga yetib borib, yong‘inga o‘z vaqtida barham berildi" deyilgan rasmiy xabarda.

Ko‘p qavatli uyning portlashi natijasida jami 6 ta xonadon zarar ko‘rgan bo‘lib, asosan yong‘in kelib chiqishi tahmin qilinayotgan 2-qavatdagi 37-38-39 xonadonlar zararlangan, uyning 4- pod’yezdi qavatlarga ko‘tarilishdagi beton baryerlari qulab ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 8 nafar fuqaroda tan jarohat olish holatlari qayd etilib, viloyat tez-tibbiy yordam shifoxonasiga yotqizilgan. Hozirda shifokorlar nazoratida, halok bo‘lish holatlari qayd etilmagan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, voqea joyiga viloyat hokimi ham yetib borgan. Zudlik bilan mutasaddi tashkilotlarga yuzaga kelgan zararni qoplash, fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish yuzasidan topshiriq berilgan.

Andijonliklar telegram kanali tarqatgan videolarda uyning bir pod'yezdidagi to‘rt qavatning yong‘in ichida qolgani aks etgan.

Videoni sharxlayotgan tasvirchi mahalliy aholi ko‘magi bilan yonayotgan bino ichidagi go‘daklar qutqarilganini aytdi.

Tasvirlardan birida binodan 100 metr naridagi parallel ko‘chada joylashgan do‘konlar vitrinasi portlash zarbidan chil-parchin bo‘lgani aks etgan.

Videoda Sobalt avtomobili majaqlanib ketgani ham aks etgan.

Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasining Ozodlik savoliga javob bergan navbatchisi portlashda qurbonlar yo‘qligini vaziyat nazoratda ekanligini aytish bilan cheklandi.

XS
SM
MD
LG