Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:36

2019 yilda tabiiy gaz tufayli atmosferaga rekord ko‘lamda karbonat angidrid gazi chiqarildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

2019 yilda tabiiy gazdan foydalanish ko‘lami kengaygani tufayli global miqyosda atmosferaga chiqarilgan CO2 – uglerod dioksidi (karbonat angidridi) ko‘lami rekord darajaga yetdi. Bir necha mamlakatda iqlim bilan bog‘liq favqulodda vaziyat e’lon qilingani hamda jahon bo‘ylab ko‘mir yoqish ko‘lami ozaygani buning oldini ololmadi.

Global uglerod loyihasi (The Global Carbon Project) joriy yilda atmosferaga chiqarilgan CO2 gazi miqdori o‘tgan yilga solishtirganda 0,6 foizga ko‘proq bo‘lishini ma’lum qildi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yildagi o‘sishdan ozroq, ammo global isish jarayonini sekinlatish uchun yetarli emas.

Retsenziya qilingan uch ilmiy maqola mualliflari CO2 ko‘lamidagi o‘sish sababi tabiiy gaz va neft ekanligini xulosa qilishdi.

Uglerod dioksidi ko‘lami bo‘yicha hisobot mualliflaridan biri, Sharqiy Angliya universiteti professori Korrin Le Kver atmosferadagi CO2 konsentratsiyasi millioniga 410 bo‘lak darajasiga yetishi kutilayotganini aytdi. Bu esa so‘nggi 800 ming yil ichida kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

O‘tgan haftada BMT global harorat ko‘tarilishini 1,5 darajagacha cheklash uchun 2030 yilgacha har yili global karbonat angidrid ko‘lami 7,6 foizga ozayib borishi kerakligini aytdi. BMT, shuningdek, 2010 yillar qayd etilgan tarixdagi eng issiq o‘n yillik bo‘lganini bildirdi.

Sanoat davri boshlanganidan beri global iqlim bor-yo‘g‘i 1 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, 2019 yilda iqlim o‘zgarishi bir necha kuchli to‘fon, qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘ini va suv toshqini sodir bo‘lishiga hissa qo‘shdi.

Global uglerod loyihasi tadqiqotchilarining aytishicha, 2019 yilda atmosferaga chiqarilgan zaharli gazlar ko‘lami sekinroq suratda o‘sdi, ammo yil yakunida bu ko‘rsatkich 2015 yilga solishtirganda 4 foizga yuqoriroq bo‘ladi. 2015 yilda Parijda joriy asr oxiriga qadar global isishni, sanoatlashuvdan oldingi davr bilan solishtirganda, Selsiy shkalasi bo‘yicha 2 daraja (Farenheyt shkalasi bo‘yicha 3,6 daraja), risoladagiday holatda esa 1,5 daraja (2,7 Farenheyt) o‘sish bilan cheklashga kelishib olgan edi. Shu kungacha o‘rtacha harorat deyarli 1°C isib ulgurdi va zikr etilgan kelishuvdagi maqsadga erishish uchun juda oz imkoniyat qolyapti.

Global uglerod loyihasi hisobotida yozilishicha, atrof-muhitni eng ko‘p ifloslantiruvchi yoqilg‘i ko‘mir bo‘lib, so‘nggi ikki yil ichida undan foydalanish 10 foizga qisqargan. Ammo Xitoy va Hindiston kabi davlatlar faoliyati hamda tabiiy gazdan foydalanish ko‘lami oshgani uchun atmosferaga chiqariladigan zaharli gazlarning umumiy ko‘lamida katta o‘zgarish kuzatilmagan.

CICERO xalqaro iqlim tadqiqotlari markazi direktori Glen Piters:

- Ko‘mirga solishtirganda tabiiy gaz tozaroq qazilma yoqilg‘i hisoblanadi. Ammo tabiiy gazdan xohlagancha foydalanish sayyorani ko‘mirga qiyoslaganda sekinroq isitadi, xolos, - dedi.

XS
SM
MD
LG