Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:56

RFE/RL prezidenti: Rossiyaning “Chet el agentlari to‘g‘risida”gi qonuni odamni darg‘azab qiladi


Jeymi Flay
Jeymi Flay

Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosi (RFE/RL) prezidenti Jeymi Flay Rossiyada matbuot to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan munozarali o‘zgarishlar borasida munosabat bildirdi.

"Rossiyada “chet el agentlari” deb tamg‘alangan axborot vositalari to‘g‘risidagi qonuniga o‘zgartirishlar kiritildi. Tanqidchilar hukumatning siyosati bilan kelisha olmaydigan kishilarning ovozini o‘chirishga mo‘ljallangan ushbu qonundan Rossiyada “Ozodlik” radiosining yuzlab muxbirlariga bosim o‘tkazish uchun foydalanishini aytmoqda, o‘sha muxbirlar Kreml nazorat qilayotgan axborot oqimining juda oz muqobilini tashkil etmoqda, dedi RFE/RL prezidenti Jeymi Flay.

O‘zgartirish kiritilgan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2 dekabrda imzolagan qonun Rossiya hokimiyat idoralariga rasman ro‘yxatdan o‘tib ishlayotgan va “chet el agenti” bo‘lgan tashkilotlarda ishlayotgan, ulardan moddiy yoki moliyaviy ko‘mak olayotgan jurnalistlarni "chet el agentlari" toifasiga kiritish vakolatini beradi.

RFE/RL butun Rossiya bo‘ylab yuzlab jurnalistlar bilan hamkorlik qiladi, ular davlat axborot vositalari e’tibor qilmaydigan muhim masalalarni ko‘tarib chiqayotgan va shu tariqa bilan haqqoniy axborot olish huquqidan mahrum bo‘lgan mahalliy jamoatlar uchun qutqaruv kamari vazifasini bajarib kelayotgan edi. Biroq ayni qonunga ko‘ra, endi ular “chet el agenti” hisoblanishi kerak, − dedi Flay 4 dekabrda. – Ular ishining ustasi bo‘lgan fidoyi jurnalistlardir. Qonun jurnalistlarning og‘zini yopishga va Rossiya vatandoshlarini ishonchli axborot qidirish huquqidan mahrum qilishga urinish orqali ular faoliyatiga qarshi qaratilgani va xavfsizligiga tahdid ekani bilan ham odamni darg‘azab qiladi.

Mabodo chet el OAV Rossiya tartib-qoidalarini buzadigan bo‘lsa, yangi me’yorlar hokimiyat idoralariga chet el agentlari yoki ular tashkil qilgan yuridik shaxslar vebsaytlarini bloklab qo‘yish vakolatini beradi, deyiladi Rossiya OAV tarqatgan xabarlarda.

2017 yilda qabul qildingan qonunga asosan, “Ozodlik” radiosining 9 ta platformasi “chet el agenti” deb ataladigan bo‘ldi. Endi chet eldan mablag‘ olib ishlaydigan axborot vositalari Rossiya Adliya vazirligida “chet el agenti” sifatidla ro‘yxatdan o‘tishga majbur.

Rossiya chet el agentlari to‘g‘risidagi dastlabki qonunni 2012 yilda qabul qilgan, bunga Vladimir Putinining prezidentlikka qaytishiga qarshi norozilik namoyishlari sabab bo‘lgan edi.

Rossiyalik amaldorlar qonun qabul qilinishini AQSh hukumati Rossiyaning davlatga qarashli RT telekanalini chet el agenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazganiga “simmetrik javob” deb atadi. Vashington ushbu telekanalni targ‘ibot bilan shug‘ullanayotganlikda ayblab keladi.

Tanqidchilar yangi qonunga ko‘ra, tashkilotlarga ham, ularda ishlovchi jurnalistlarga ham “chet el agenti” yorlig‘i yopishtirilishini aytadi.

RFE/RLning Moskvada yirik byurosi va butun Rossiya bo‘ylab yuzlab hamkorlari bor, yaqinda Rossiyaning shimolini (Sever.Realii) va Sibirni (Sibir.Realii) to‘liq qamrab olish uchun maxsus axborot tayyorlovchi bo‘limlarini ishga tushirdi.

Uning Shimoliy Kavkaz va Tatar-boshqird xizmatlari ham tayyorlayotgan reportajlari o‘sha mintaqalar aholisiga yetib borishiga harakat qilib, rus tilida Kavkaz.Realii va Idel.Realii saytlarini tashkil etgan edi.

“Nastoyashee vremya” raqamli teletarmog‘i Rossiya va undan tashqarida istiqomat qiluvchi rus tilli aholiga ko‘rsatuvlar tayyorlab yetkazish maqsadida butun sobiq Sovet Ittifoqi hududini qamrab oladigan muxbirlar tarmog‘iga tayanadi.

XS
SM
MD
LG