Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2020, Тошкент вақти: 02:27

Mirziyoyev: Jamoatchilik tom ma’noda uyg‘ondi, mulozimlar harakatiga bevosita baho bermoqda (VIDEO)


Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan nutqida asosiy e’tiborni xalq va hokimiyat idoralari o‘rtasidagi munosabatga qaratdi.

Prezident, 2019 yilda jamoatchilik orasida bahsu munozara uyg‘otgan shaxsiy mulk daxlsizligi, matbuot va mansabdorlar o‘rtasidagi nizolar, shuningdek, aholi norozilik chiqishlari kabi masalalarga to‘xtaldi.

Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning 7 dekabr kungi nutqi matnini e’lon qildi.

Quyida prezident nutqining qisqacha mazmuni bilan tanishing:

Xalq qarshiligi

7 dekabr kuni "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyidagi tantanali marosimda so‘zlagan nutqi boshidayoq, prezident xalqning qonun buzilishlariga qarshiligi haqida gapirdi.

"Xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini ta’minlash qiyin bo‘ladi. Bugun jamoatchiligimiz tom ma’noda uyg‘ondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, o‘z fikrini erkin ifoda etishga o‘rganmoqda", dedi prezident.

Jamoatchilik nazorati

Prezident kelgusi yilda har bir soha va tarmoq bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan tizimini yaratish zaruratini tilga oldi.

"Fuqarolarimiz va deputatlarimiz bildirgan fikrlar asosida maktablarga mebel va kompyuterlar xarid qilish uchun byudjet xarajatlarini qisqartirish hisobidan 50 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Bunday ijobiy holat bizning tajribamizda birinchi marta yuz berayotganini alohida qayd etish lozim". "Davlat idoralari faqat fuqarolarga emas, balki o‘zlariga nisbatan tanqidiy fikrlarni ham adolat bilan, xolis ko‘rib chiqishlari lozim", dedi Mirziyoyev.

Matbuotga tazyiq

Prezident har bir davlat organiga ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega bo‘lishi, qilayotgan ishlari haqida "kerak bo‘lsa, har kuni batafsil ma’lumot berib borishi shart"ligini uqdirdi:

"Bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib berayotgan eng katta kuch – bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir. Demokratik islohotlarimiz natijasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni o‘z ishini qonuniy asosda to‘g‘ri tashkil etishga undamoqda"

"Yana bir marta takrorlayman, O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi".

Mulk daxlsizligi

Prezident 2019 yil davomida ham katta mojarolarga sabab bo‘lgan xususiy mulk daxlsizligiga to‘xtaldi:

"Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab hokimlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha vakolati xalq deputatlari Kengashlariga beriladi". "Bundan tashqari, yerni olib qo‘yish va kompensatsiya to‘lashning yangi tartibi, yer faqat mulk egasining roziligi bilan olinishiga oid qoidalar joriy qilindi".

340 kunda 350 farmon

Prezident shu yilning o‘zida 70 dan ortiq qonun, 350 dan ziyod Prezident farmoni va qarorlari qabul qilinganini aytdi:

"Bu qonun hujjatlari kim uchun va nima maqsadda qabul qilinmoqda?Albatta, xalqimiz farovonligi uchun".

Sud

Prezident sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik shartligini uqdirdi.

"Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim", deb taklif qildi prezident.

Saylov

Shu yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

"Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar" shiori ostida o‘tayotgan bu kampaniya mamlakatimiz siyosiy hayotidagi g‘oyat muhim voqeadir". "O‘tgan qisqa davrda saylovga oid 21 ta qonun tizimlashtirilib, O‘zbekiston tarixida ilk bor yagona Saylov kodeksi qabul qilindi". "O‘zbekiston Ekologik harakati uchun belgilangan kvotaning bekor qilingani ham siyosiy maydonda sog‘lom raqobatni shakllantirishga xizmat qiladi".

"Ushbu saylovlar orqali xalqimiz bugungi islohotlarimizga baho bersa, jahon hamjamiyati yangilanayotgan O‘zbekistonga baho beradi".

Mirziyoyev saylovda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘laqonli missiyasi kuzatuvchilari hamda 40 dan ortiq xorijiy davlatdan 600 dan ziyod kuzatuvchi qatnashishi kutilayotganini alohida qayd etdi.

Fuqaro majburiyati

Ayni paytda, prezident fuqarolarning huquqiy ong va saviyasini ham tanqid qildi:

"Ayrim fuqarolarimiz boshqaruv idoralaridan mas’uliyat talab qilishni yaxshi biladi-yu, lekin o‘zining jamiyat oldidagi, qonun oldidagi mas’uliyati va majburiyatini unutib qo‘yadi". "Hammangiz ko‘rib turibsiz, qanchalik og‘ir va murakkab bo‘lmasin, bugungi kunda zarur kuch va imkoniyat, mablag‘ topib, qancha-qancha katta dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz".

Raqamlar

Prezident o‘z nutqi davomida qator raqamlarni tilga oldi:

"Joriy yilning o‘tgan davrida Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 880 mingdan ortiq murojaatning 510 mingdan ziyodi ijobiy hal etildi".

"So‘nggi yillarda jinoyat sodir etgan shaxslarni afv etish bo‘yicha 8 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi".

"Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida kuni kecha navbatdagi farmonga imzo chekdim. Unga binoan jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 92 nafar mahkum afv etilib, ular erkin hayotga qaytariladi".

"Yaqin Sharq, Afg‘onistondan 261 fuqaro, asosan ayollar va bolalar olib kelindi".

"3 yilda 9 ming 692 nafar, jumladan, ushbu yilda 5 ming 868 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi".

"33 milliondan ortiq O‘zbekiston aholisiga faqatgina 4 mingta advokat xizmat ko‘rsatayotganini ijobiy baholab bo‘lmaydi".

"Umra ziyoratiga boruvchilar soni 10 mingdan 30 mingtaga, haj ziyoratiga boruvchilar esa 5 mingdan 7 ming 200 nafargacha oshirildi, safar bilan bog‘liq xarajatlar esa kamaytirildi".

XS
SM
MD
LG