Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2020, Тошкент вақти: 13:22

Ukrainada ikki o‘zbek askarining jasadi qoldiqlari topildi​ 


O‘zbek askarlariniki deb ishonilayotgan jasad qoldiqlari yonidan ularning ism-familiyasidan tortib qaysi harbiy bo‘limdan harbiy xizmatga chaqirilgani haqidagi ma’lumotlar jamlangan medalyonlar ham topilgan.

Ukrainada ikkinchi jahon urushi yillarida halok bo‘lgan ikki o‘zbek askariniki ekani gumon qilinayotgan jasad qoldiqlari topildi​.

Ukrainadagi "Zaxod-Sxod" ko‘ngillilar qidiruv otryadi Rovno viloyati o‘rmonlarida topilgan jasadlar Andijon viloyati, Paxtaobod tumanidan harbiy xizmatga chaqirilgan va 1941 yili urushning ilk kunlarida halok bo‘lgan o‘zbekistonlik qizil askarlarga tegishli ekanini aniqlaganliklarini Ozodlikka ma’lum qildi.

Ayni paytda O‘zbekistondagi "Nuroniy" jamg‘armasining Andijon viloyati bo‘limi xodimlari Ozodlik so‘rovi ortidan Ukrainada topilgan o‘zbek askarlari jasadlari qarindoshlarini topishga kirishdi.

Shu yilning noyabr oyi o‘rtalarida Ukrainaning Rovno viloyatidagi Pustoivanne qishlog‘i o‘rmonlarida yer kovlayotgan ishchilar inson jasadi qoldiqlariga duch kelgan.

O‘zbek askarlariniki deb ishonilayotgan jasad qoldiqlari.
O‘zbek askarlariniki deb ishonilayotgan jasad qoldiqlari.

Ukrainadagi "Zaxod-Sxod" qidiruv otryadi rahbari Maksim Xvorning Ozodlikka aytishicha, jasad qoldiqlari yonidan ularning ism-familiyasidan tortib qaysi harbiy bo‘limdan harbiy xizmatga chaqirilgani haqidagi ma’lumotlar jamlangan medalyonlar ham topilgan.

- Kovlab olingan paytda bu jasadlar Osiyo o‘lkalaridan ekani ko‘rinib turgan edi. Chunki boshidagi kaska ostida qora sochlar saqlanib qolgan. Ular hatto bir o‘chirg‘ichni ikkiga bo‘lib, ishlatishgan. Bir bo‘lagi bunisini cho‘ntagidan yana bir bo‘lagi unisini cho‘ntagidan chiqdi. Medalyonlarini yorib ko‘rsak¸ ikkovlon O‘zbekistonning Andijon viloyatidan ekani ma’lum bo‘ldi. Ular Mamadaliyev Tuychiboy, 1915 yilda Andijon viloyatining Paxtaobod tumani, Stalin kolxozida tug‘ilgan, 1939 yilda Andijon tumani harbiy bo‘limidan xizmatga chaqirtirilgan. Harbiy unvoni oddiy askar. Yana bir jasad 1919 yilda Andijonning Paxtaobod tumani, Uyg‘ur qishlog‘ida tug‘ilgan, harbiy xizmatga Izboskan tumanidan 1940 yilda chaqirilgan oddiy askar Xoliqov Quvonboynikidir, - deydi Maksim Xvor.

1941 yil 22 iyun kuni Germaniya qo‘shinlari chegarani kesib o‘tib, sovet shaharlarini bombalashni boshlagan va bir hafta ichida Ukrainaning g‘arbiy viloyatlarini ishg‘ol etgan edi.​

Tarixchilarga ko‘ra, Sovet Ittifoqi rahbariyati Germaniyaning bosqiniga tayyorgarlik ko‘rmagani sabab urushning ilk kunlari o‘n minglab qizil askarlar halok bo‘lgan.

Ukrainadagi "Zaxod-Sxod" qidiruv otryadi rahbari Maksim Xvorning aytishicha, ​o‘zbek askarlarining qoldiqlari topilgan joyni Germaniya qo‘shinlari 1941 yilning 29 iyuniga qadar nazoratiga olgan.

- Bu askarlarimiz ham 1941 yilning iyun oyi oxirida nemislarning minomyot o‘qi oskolkasidan halok bo‘lganini aniqladik, ularni yonidan belkurak va temir suv idishdan boshqa narsa topilmadi, - deydi Maksim Xvor.​

Topilgan jasad qoldiqlari hozir "Zaxod-Sxod" qidiruv otryadi ixtiyorida qolmoqda.

Ukrainalik qidiruvchilar Rovno o‘rmonlaridan yana olti nafar noma’lum aksar qoldiqlarini topganlar.
Ukrainalik qidiruvchilar Rovno o‘rmonlaridan yana olti nafar noma’lum aksar qoldiqlarini topganlar.

Ular o‘zbekistonlik askarlarni islom an’analari asosida qayta dafn etishga ko‘mak so‘rab¸ Rovno viloyatidagi mahalliy masjidga murojaat qilganlar.

- Bizning missiyamiz urushda halok bo‘lgan askarlarning jasadlarini topib¸ o‘z dinlari qoidalari asosida dafn etilishiga ko‘maklashishdan iborat. Bundan oldin yahudiy bo‘lgan askarlarning jasadi qoldiqlarini topgan edik. Ularni mahalliy Ravvin ishtirokida dafn etib, qabrlari ustiga tosh qo‘yganmiz. Bular musulmon bo‘lganliklari uchun mahalliy imomga Islom bo‘yicha dafn etishga ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilganmiz, - deydi Maksim Xvor.

Rovno viloyatidagi masjid imomi Abdul Karim jasadlarning O‘zbekistondagi yaqinlari topilmasa¸ ularni Ukrainada qayta dafn etish uchun joy hozirlab qo‘yganini aytdi.

- O‘zimizning qabristonning musulmonlar uchun alohida sektori bor. O‘sha yerda janozasini o‘qib, islom an’analariga ko‘ra dafn qilamiz, - deydi Abdul Karim.

Ukrainaning Rovno shahrida yashovchi o‘zbekistonlik Doniyor Egamberdiyev urushda o‘zbek askarlari jasadlarini vataniga yuborishga ko‘mak so‘rab¸ O‘zbekistonning Kievdagi elchixonasiga murojaat qilgani va ulardan javob kutayotganini aytdi.

- Hamma ma’lumotni elchixonaga yuborganmiz. Yurtdoshlarimiz bo‘lgani uchun bu jasadlarni O‘zbekistondagi yaqinlarini topib, ularga topshirish kerak, begona yurtlarda qolib ketmasin bular, - deydi Doniyor Egamberdiyev.

Ayni paytda O‘zbekistondagi "Nuroniy" jamg‘armasining Andijon viloyati bo‘limi xodimlari Ukrainada o‘zbek askarlari jasadi topilgani xabarini Ozodlik muxbiridan eshitdi.

Jamg‘arma rahbarlaridan biri, urushda o‘lgan bu ikki andijonlik askar qarindoshlari topilishi bilan bu haqda Ozodlikka ma’lum qilishlarini aytdi.

Urush boshlanishi oldidan O‘zbekistonda 6 million aholi istiqomat qilgan. "Nuroniy" jamg‘armasiga ko‘ra, 1,5 million o‘zbekistonlik frontga chaqirilgan, ulardan 420 ming nafari urush jabhalarida halok bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG