Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:02

Mustaqilligini nishonlayotgan Qozog‘istonda bir necha o‘n faol qo‘lga olindi


Qozog‘iston. Politsiya xodimlari norozilik aksiyasi o‘tkazish rejalashtirilgan hududni nazorat qilmoqda. Chimkent shahri, 2019, 16 dekabr
Qozog‘iston. Politsiya xodimlari norozilik aksiyasi o‘tkazish rejalashtirilgan hududni nazorat qilmoqda. Chimkent shahri, 2019, 16 dekabr

Dushanba, 16 dekabrda Qozog‘istonning bir qator shaharlarida bir necha o‘n faol qo‘lga olindi. Shu kuni Qozog‘iston shaharlarida mitinglar o‘tkazish rejasi haqida sobiq bankir va Qozog‘iston hukumati tanqidchisi Muxtor Ablyazov tomonidan asos solingan, ro‘yxatga olinmagan “Qozog‘istonning demokratik tanlovi” (QDT) harakati e’lon qilgan edi.

16 dekabr - Qozog‘istonda Mustaqillik kuni. Ushbu sana qozoq yoshlari Sovet Qozog‘istoniga Kreml vakili Gennadiy Kolbin tayinlanishiga qarshi chiqqan Olmaotadagi ommaviy namoyishlarning 33-yilligi va 2011 yili rasmiylar neftchilarning ish tashlashini kuch bilan bostirgan, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 17 kishi qurbon bo‘lgan Mangistau viloyatining Janaozen shahridagi hodisalarning 8 yilligi sanasiga to‘g‘ri kelmoqda.​

Chimkent shahrida yashovchi Jaksilik Kairovni 1986 yilgi voqealar qatnashchisi Kayrat Riskulbekovning xotira doskasiga gullar qo‘yish uchun yaqinlashgan paytda qo‘lga olishgan. U o‘zini al-Farobiy tumani politsiya boshqarmasiga olib ketishayotganini xabar qilishga ulgurdi. Dushanba kuni ertalab gullar qo‘yish joyiga borish yo‘lida chimkentlik Davlatbek Nasirov ham ushlangan.

Politsiyachilar, shuningdek, Qarag‘anda shahrilik Murat Jimbayevni qo‘lga olishdi. Uchastka nozirining aytishicha, Jimbayev politsiya bo‘limiga “suhbatga” chaqirilgan. Unga topshirilgan chaqiruv qozog‘i muhrsiz bo‘lgan, deb xabar berdi Jimbayev.

Almatilik ayol Aynur Madina ishga ketayotgan paytda, dushanba kuni ertalab ushlandi. Xodimlar chaqiruv qog‘ozini uning oldida to‘ldirishgan.

Dushanba kuni ertalabdan almatilik faol Kural Medeuov Facebook’ dagi sahifasida yozishicha, uning huzuriga politsiyachilar kelib, qo‘lga olishgan.

Huquq faoli Saxib Janabayevaning xabar berishicha, Almatida Bagila Nurgaliyeva, Madina Xabibulla hamda 2006 yildan beri “Shanirak ishi” (2006 yil 14 iyulda Olmaota yaqinidagi mavzeda mahalliy aholi uylarning qurilishini noqonuniy qurilish sifatida buzib tashlamoqchi bo‘lgan rasmiylarga qarshilik ko‘rsatishgan) bo‘yicha 18 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan shoir va dissident Aron Atabekning inisi Rashid Xabibulla qo‘lga olingan.

Ertalab Uralsk shahrida ham mahalliy “Uralskaya nedelya” gazetasining muharriri Lukpan Axmedyarov ushlandi. Uni noma’lum jinoyat ishi bo‘yicha “guvoh sifatida so‘roq qilish uchun” uchastkaga olib ketishgan.

Ozodlikning Chimkentdagi muxbiri Dilara Isaning xabar berishicha, dushanba kuni ertalabdan boshlab ikki noma’lum shaxs uning ortidan kuzatmoqda. Muxbir yo‘nalishli avtobusda ulardan biri uni telefoniga suratga olayotganini ko‘rgan. Uning yana xabar berishicha, ertalabdan telefon raqamiga noma’lum raqamlardan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar kelib tushmoqda.

Yakshanba kuni ertalabdan qator mintaqalarda faollar kuzatuv va qo‘lga olishlar haqida xabar berdi. Aqto‘be shahrida politsiyachilar bir necha mahalliy faollarning uylariga borib, ularga bo‘linmaga dushanba kuni borish talabi bitilgan chaqiruv qog‘ozini topshirishgan.

Yakshanba kuni Bosh prokuratura rasmiylar bilan kelishilmagan aksiyalarda ishtirok etish javobgarligi haqida eslatma bilan chiqdi. Inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanadigan guruhlar tomonidan tanqidga uchragan amaldagi qonunchilikka ko‘ra, fuqarolar norozilik o‘tkazish uchun mahalliy hokimiyatdan ruxsatnoma olishi kerak.

16 dekabr kuni Olmaotada miting o‘tkazish niyati haqida «Oyan, Qazaqstan» fuqaroviy harakati ham bayonot bergan bo‘lib, uning faollari miting ehtimoli arafasida bosimga uchraganliklarini xabar qilishdi.

Muxtar Ablyazov asos solgan harakat Qozog‘istonda ta’qiqlangan. 2018 yilda sud Qozog‘iston bosh prokuraturasining so‘roviga ko‘ra, QDTni “ekstremistik” deb e’lon qilgan. 2009 yildan beri xorijda istiqomat qilayotgan Ablyazov bu qarorga qarshi. 2019 yilning mart oyida qabul qilingan Yevroparlamentning Qozog‘istondagi inson huquqlari vaziyati to‘g‘risidagi rezolyutsiyasida QDT “tinch muxolif harakat” deb e’tirof etilgan.

16 dekabrda Nur-Sulton va Olmaotadagi markaziy maydonlarda tashkil etilayotgan rasmiy marosimlar xavfsizlik choralari kuchaytirilgan sharoitda o‘tkazilmoqda.

XS
SM
MD
LG