Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:18

$4000 dan olgan agentlik ish topib bermadi, pulni ham qaytarmadi


Orif Rustamov “International Experience xususiy bandlik agentligi” direktori Oybarchin Kimsanovadan pulini talab qilmoqda..
Orif Rustamov “International Experience xususiy bandlik agentligi” direktori Oybarchin Kimsanovadan pulini talab qilmoqda..

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida «HUMAN xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Shohnur Fayzullayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlangan kuni Ozodlikka boshqa bir agentlik ustidan shikoyat kelib tushdi.

Qashqadaryo viloyat, Koson tumanida yashovchi Orif Rustamov va Sherzod Aliqulov Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan “International Experience xususiy bandlik agentligi” ularni Chexiyaga ishga jo‘natamiz deb, har biridan 4000 AQSh dollari pul olib, aldaganidan shikoyat qildi.

Ularning aytishlaricha, agentlik aprel oyida shartnoma tuzib, uch oy muddatda Chexiyaga jo‘natamiz deb va’da bergan, lekin oradan sakkiz oy o‘tsa ham va’da bajarilmagan. Sherzod Aliqulov to‘lagan pullarini ham qaytarib ololmayotganini aytdi.

“International Experience xususiy bandlik agentligi” direktori Oybarchin Kimsanova Chexiya elchixonasidan viza ololmagani sababli va’da bajarilmaganini aytar ekan, viza olish uchun qilingan xarajatlar ushlab qolinib, qolgan pul egalariga qaytarilishini bildirdi.

Orif Rustamov 2019 yilning aprelida Internetda Chexiyaga ishga taklifni ko‘rganidan keyin “International Experience xususiy bandlik agentligi”ga murojaat qilgan.

42 yashar Orifning aytishicha, shartnoma imzolanayotganida ularni uch oy muddatda Chexiyaga ishga yuborishga va’da berishgan:

Oradan sakkiz oy o‘tdi, na Chexiyaga ketdik, na puldan darak bor?


- 26 aprel kuni borib shartnoma qildik. Qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlardan qarz ko‘tarib, 3 may kuni Sherzod Aliqulov degan jiyanim ikkimiz borib 4000 AQSh dollaridan to‘ladik. Agentlikning Oybarchin Kimsanova degan direktori hammasi zo‘r bo‘ladi, uch oyda ketasizlar deb bizni ishontirdi. Lekin oradan sakkiz oy o‘tdi, na Chexiyaga ketdik, na puldan darak bor.

Shartnoma nusxasi
Shartnoma nusxasi

Orif Rustamov bir necha bor Qashqadaryodan Toshkentga qatnaganini aytar ekan, unga o‘xshagan aldanganlarni agentlik ofisida ko‘p uchratganini aytdi:

Qattiq gapirib talab qilgan edik, yo‘qolinglar isqirtlar, dedi.


- Bizga o‘xshaganlar juda ko‘p ekan, har kuni ularning ofisida janjal, odamlar pulimizni qaytarib bering deb to‘polon qilishyapti. Men ikki marta shunaqa janjalning guvohi bo‘ldim. So‘nggi marta 2 dekabr kuni amakimning o‘g‘illari bilan birga borgan edik. Borsak yana o‘sha gap, olasizlar, deydi. Biz pulimizni qaytarib bering desak, yana o‘sha eski va’dalar. Qattiq gapirib talab qilgan edik, boringlar yo‘qolinglar isqirtlar, dedi. Keyin janjal bo‘lib ketdi. Militsiya chaqirdi. Biz militsiyaga ham bor gapni aytdik.

“International Experience xususiy bandlik agentligi” pul olganlik tilxati
“International Experience xususiy bandlik agentligi” pul olganlik tilxati

Orif Rustamovning aytishicha, 2 dekabr kuni ularning pulimizni qaytarib bering deb yozgan arizasiga, “uch kunda arizangiz yuzasidan rasmiy javob yo‘llanadi” deb direktor yozib bergan. Ammo oradan 15 kun o‘tgan bo‘lsa-da ularga hech qanday javob berilmagan.

“International Experience xususiy bandlik agentligi” direktori Oybarchin Kimsanova haqiqatan ham bu yigitlar 4000 AQSh dollari miqdorida to‘lov qilgani, to‘rt oy orasida Chexiyaga ketishlariga og‘zaki va’da berilganini Ozodlikka tan oldi.

Direktorning aytishicha, Chexiyaning Toshkentdagi elchixonasidan viza ololmagani sabab, shunday holat yuzaga kelgan:

Ish beruvchi meni yarmiga kuydirsa, men ham pul berganlarni yarmiga kuydirishim mumkin.


“O‘z vaqtida Chexiyaga jo‘natilmaganining sababi, ish beruvchidan hamma hujjatlarni olib tayyorlaganmiz. Faqat Chexiya elchixonasidan vizaga topshirish uchun navbat olishning imkoni bo‘lmayapti. Rost, pulini olganmiz. Olmadik deganimiz yo‘q. Arizasiga ikki marta pochta orqali javob qaytardik. Yil oxirida ish beruvchi bilan hisob-kitobimizni qilgandan so‘ng, pulini qaytarib beramiz. Lekin, to‘liq qaytarishga men va’da bermayman. Sababi, men xarajat qilganman. Agar ish beruvchi menga mana bunchaga kuyasan, chunki men tomondan qilingan hujjatni hammasini berganman, seni o‘zingni aybing bilan deb, meni kuydiradigan bo‘lsa, men ham uning pulini qanchadir miqdoriga kuydirishim mumkin. Misol ish beruvchi meni yarmiga kuydirsa, men ham pul berganlarni yarmiga kuydirishim mumkin. Oldindan hech narsa aytolmayman, balki bir so‘mga kuydirmay qaytarib berarmiz”.

Ikki tomon o‘rtasida tuzilgan shartnomada yozilishicha, nizolar, agar ikki tomon o‘zaro kelisholmasa, sud orqali hal qilinadi.

O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari xorijga ishlagani bormoqchi bo‘lgan odamlarni aldash holatlar so‘nggi paytda ko‘p uchramoqda.

Navoiy shahridagi Navoiy xususiy bandlik agentligi 211 nafar odamni 633 million so‘mga aldadi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 25 noyabr kuni xabar berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda ish qidirayotgan shaxslarga chet eldan ish topib berish maqsadida litsenziyaga ega bo‘lgan 65 ta xususiy bandlik agentliklaridan 30tasi birorta ham fuqaroni xorijiy davlatlarga ishga yubormagani ma’lum qilingan edi.

Bundan tashqari Toshkent shahrida joylashgan Korean&Migrations xususiy bandlik agentligining uch rahbari hibsga olingani aytilgan.

Ozodlikka murojaat qilganlarning da’vosiga ko‘ra, Korean&Migrations ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan har bir kishidan 32 million 400 ming so‘m miqdorida haq olgan, ammo va’da qilingan muddat yakuniga yetsa ham, hech kim chet elga ishga yuborilmagan.

Oldinroq esa, 70 ga yaqin o‘zbekistonlik Toshkentdagi HUMAN xususiy bandlik agentligi Germaniya va Chexiyaga jo‘natish uchun to‘lovlarni olgani, ammo jo‘natmaganidan Ozodlikka shikoyat qilgandi.

XS
SM
MD
LG