Линклар

Шошилинч хабар
06 май 2021, Тошкент вақти: 03:57

Deputatlikka nomzod yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad saylovda o‘z foydasiga qonunbuzarlik bo‘lganini inkor qildi


O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan deputatlikka nomzod, taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad (Do‘stmuhammedov) Toshkent shahridagi 314-saylov uchastkasida o‘z foydasiga qonunbuzarlik bo‘lganini inkor qildi.

Markaziy Saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari ​Mahmud Istamovga ko‘ra, 142- Qoraqamish saylov okrugida Xurshid Do‘stmuhammedov manfaati uchun saylov komissiyasiga bosim o‘tkazilgan.

139- Oqtepa saylov okrugining 22-saylov uchastkasida kuzatuvchi bo‘lgan fuqaroning Ozodlikka aytishicha, Toshkentdagi boshqa saylov uchastkalarida ham ovoz berish natijalarini o‘zgartirish holatlari sodir bo‘lgan.

MSK raisi o‘rinbosarining bayonoti ortidan Ozodlik deputatlikka nomzod Xurshid Do‘stmuhammedov bilan bog‘landi.

-Tafsilotlardan xabarim yo‘q, lekin mening nazarimda hammasi to‘g‘ri o‘tgan. Men aralashganim yo‘q, xatto, bu gaplarni eshitganimdan so‘ng ham. Hakamlik qila olmayman, lekin hech qanday qonun buzishlar bo‘lgani yo‘q, - dedi Xurshid Do‘stmuhammedov.

23 dekabr kuni o‘tgan brifingda Markaziy saylov komissiyasi raisi 142-Qoraqamish okrugidagi 314-saylov uchastkasida saylovchilar tomonidan bir necha saylov byulletenini saylov qutisiga tashlashga harakat qilish holati yuzasidan ma’lumotlar prokuraturaga topshirilganini bildirdi.

MSK raisiga ko‘ra, bunday qaror qabul qilinishiga 314- saylov uchastkasida bir necha saylov byulletenini saylov qutisiga tashlashga harakat qilish holati tasvirga olingan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani sabab bo‘lgan.

Bundan avvalroq MSK raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov Toshkentning uchta saylov uchastkasida mahalliy hokimiyat ayrim deputatlikka nomzodlar manfaatini olg‘a surib, saylov komissiyasi a’zolariga bosim ko‘rsatgani to‘g‘risidagi murojaatlar tekshirish uchun Bosh prokuraturaga o‘tkazib berilganini ma’lum qilgandi.

Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan bu saylov uchastkasidagi ovoz berish natijalari bekor qilingan.

22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgan saylovni kuzatgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning aytishicha, 314-saylov uchastkasida mahalliy hokimiyat saylov komissiyasiga Xurshid Do‘stmuhammad foydasiga ovoz berishni ko‘paytirish yuzasidan bosim o‘tkazgani to‘g‘risidagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgani ortidan mana shunday qaror qabul qilingan.

- Telegram orqali saylov okrugi komissiyasining raisi saylov uchastkasi komissiyalari raislariga “Bayonnomalarning “chernovoy” variantlarini to‘ldirib, asosiy bayonnomani to‘ldirmasdan bo‘sh holda olib kelinglar, deb topshiriq bergan. Do‘stmuhammedov haqida yuqoridan ko‘rsatma bo‘lgan, shuning uchun bu odam saylanishi kerak, bu yerda unga ovoz berilib, keyin to‘ldiriladi”, deb topshiriq berilgan. Mana shu narsa videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi, - dedi Abdurahmon Tashanov.

Markaziy saylov komissiyasi 314-saylov uchastkasida ovoz berish natijalari saylov okrugi bo‘yicha umumiy natijalardan chiqarib tashlanganini xabar qildi.

"Boshqa uchastkalarda ham natijalarini o‘zgartirish holatlari kuzatildi"

23 dekabr kuni Ozodlikka 139- Oqtepa saylov okrugining 22-saylov uchastkasida kuzatuvchi bo‘lgan manba Toshkentdagi boshqa saylov uchastkalarida ham ovoz berish natijalarini o‘zgartirish holatlari kuzatilgani haqidagi iddaoni bildirdi.

- Masalan, men kuzatuvchi bo‘lgan saylov uchastkasida ovozlarni sanash jarayonida “chernovikka” O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan mahalliy kengash deputatligiga nomzod 720 ta, ekologik partiyadan nomzod 500 ta ovoz olgani qayd etilgan edi. Ammo kuzatuvchilarga bayonnomani berish o‘rniga, uchastka raisi qaygadir borib keldi va bayonnomada 720 ta ovoz olgan odamning ovozi 1308 ta, 500 ta ovoz olgan odamning ovozi 182 ta bo‘lib qolganini ko‘rdim. Men bu masalada janjal ko‘tarib, ariza yozib, okrug saylov komissiyasiga topshirdim, - dedi ismi aytilmasligini iltimos qilgan manba.

Bosh prokuratura 22-saylov uchastkasida kuzatuvchi bo‘lgan Ozodlik manbasining bu ma’lumotlari asosida tekshiruv boshlanganini tasdiqladi.

“Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 10, 22 va 142-saylov uchastkalari faoliyatiga noqonuniy aralashish holati yuzasidan tekshiruv ishlari boshlandi. Prokurorlar va tergovchilardan iborat maxsus guruh tuzilib, olingan ma’lumotlar yuzasidan tekshiruv ishlari diqqat bilan olib borilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

YXHTning saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiya rahbari Tana de Zulueta esa, hisoblash jarayoni bo‘yicha xulosaning 42 foizi salbiy xarakter kasb etganini aytgan:

"Ovozlarni hisoblash jarayonlarida ishtirok etdik. 133 ta uchastkada ovoz hisoblash jarayoni bizning missiyamiz a’zolari tomonidan kuzatildi. Xulosalarga ko‘ra, hisoblash jarayonlari oxirigacha silliq o‘tmagan. Qonunda belgilangan protseduralarga to‘liq amal qilinmagani, natijalar o‘zgargani ko‘rindi. Ba’zi joylarda raqamlar kamroq edi.

Birlamchi hisob-kitoblar amalga oshirilishi kerak edi. Lekin bu ish qilingani yo‘q. Masalan, ishlatilmay qolgan byulletenlarni hech kim hisoblab chiqqani yo‘q. Hisoblar oxirigacha olib borilmagan hollarni ham ko‘rdik. Ko‘rsatkichlarning aniqligiga ishonch hosil qilish uchun biror kishi, xolis odam qayta sanab chiqmadi", degan Tana de Zulueta.

XS
SM
MD
LG