Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:16

Milliy telekanallarda saylovlar haqidagi YXHT dastlabki xulosasidagi tanqidiy fikrlar aks etmadi


22 dekabr kuni O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarni mingga yaqin xorijdan ekspert maqomida kelganlar kuzatdi.

23 dekabr kuni ularning deyarli aksariyati saylovlarga oid o‘z dastlabki xulosasini jamoatchilikka taqdim qildi.

Xususan¸ 1999 yildan beri ilk bor O‘zbekiston saylovlariga 300 dan oshiq ekspertdan ibora to‘laqonli missiyasini yuborgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti 23 dekabr kuni matbuot anjumani o‘tkazib¸ o‘z dastlabki xulosasini e’lon qildi.

Bu xulosada¸ saylov va saylovoldi jarayonidagi ayrim ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan bo‘lsa-da¸ jiddiy tanqidlar ham bildirildi.

23 va 24 dekabr kunlari saylovlar haqida maxsus dasturlar taqdim etgan “O‘zbekiston 24”¸ “Yoshlar” va “Sevimli” kabi telekanallar¸ xususan¸ O‘zbekiston milliy axborot agentligi YXHT ekspertlarining tanqidiy xulosalarini jamoatchilikka taqdim etmadi.

Saylovlar haqida TVda faqat maqtovlar?

Mahalliy telekanallarning 22 saylovlarga oid xalqaro kuzatuvchilar xulosasiga bag‘ishlangan maxsus dasturlarini ko‘rgan o‘zbekistonliklar ularda taqdim etilgan ma’lumotlarning “mutlaq ijobiy”ligidan hayratga tushganlarini bildirdi.

Bu yoqda ijtimoiy tarmoqlar¸ bloger va oddiy saylovchilar saylovlarga oid bor gapni aytib¸ yozib¸ muhokama qilib yotibdi. YXHT matbuot anjumanidagi tanqidiy fikrlar ham tarqab bo‘ldi. Kechki payt televizorni maxsus ochib¸ saylov haqidagi programmalarni ko‘rsam¸ hamma yoq zo‘r o‘tdi¸ degan gaplar. Asosan¸ postsovet va Sharq davlatlaridan kelgan kuzatuvchilar rosa maqtab gapirdi. Oxirida¸ YXHT missiyasi boshlig‘ini ko‘rsatib¸ uning bu yilgi saylov yangi kodeks bo‘yicha o‘tdi¸ buni olqishlaymiz¸ degan gapini berishdi. Tanqid haqida lom-mim deyilmadi”¸ dedi toshkentlik ziyolilardan biri.

“Boshqa kanallar saylov haqidagi xorijliklar xulosasini qanday yoritarkan¸ deb “Yoshlar” va “Sevimli”ni ham ko‘rdim”¸ deb davom etgan bu suhbatdosh¸ bu kanallarda ham bir xil mazmundagi programma ko‘rsatilganini ta’kidladi.

Bularga tepadan buyruq tushganmi¸ yoki o‘zlarining qotib qolgan eski usuli¸ bilmayman. Lekin telekanallarning ijtimoiy tarmoqlarda borayotgan nisbatan erkin axborot almashinuvi jarayonidan chetda qolayotgani aniq”¸ deydi o‘zbekistonlik tomoshabinlardan yana biri.

YXHT saylovlar haqida qanday tanqidiy xulosa berdi?

22 dekabr kungi saylovlar va saylovoldi jaraënlarini noyabr oyidan boshlab YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) va Parlament Assambleyasi (YXHT PA) birgalikda kuzatdi.

Delegatsiyaning Toshkentda 23 dekabr kuni e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, O‘zbekistonda saylov qonunchiligi takomillashgan va so‘z erkinligiga hurmat oshgan. Biroq muxolif siyosiy partiyalar mavjud emas. Fundamental huquqlarga e’tiborsizlik keng va saylov kunidagi ayrim jiddiy qoidabuzarliklar kuzatilgan.

O‘zbekistonda saylov qonunchiligining takomillashtirilishi va so‘z erkinligining kengayishi maqtovga loyiq, ammo ular muxolif partiyalarning yo‘qligi, fundamental inson haqlarini mensimaslik va saylov kunidagi jiddiy qonun buzilishlarini o‘rnini qoplay olmaydi", Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida YXHT missiyasi rahbari Tana de Zulueta.

YXHT kuzatuvchilari rahbari shuningdek¸ O‘zbekistonda keyingi uch yil davomida “mustaqil fikrlaydiganlar soni o‘sayotgani, odamlarda erkinlik hissi paydo bo‘lganini” quvonarli jarayon sifatida qayd eta turib¸ “lekin bu erkinlikning o‘z chegaralari bor va ochiq norozilik ta’qib yoki qamoq bilan tugashi mumkinligi”dan xavotir ham bildirdi.

Ozodlik gaplashgan toshkentlik oddiy saylovchilar¸ milliy telekanallar¸ qolaversa¸ rasmiy matbuotda bu tanqidlarning kesib tashlanganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG