Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:41

Tramp: Tehron hujumga o‘tsa, Erondagi 52 ob’yektga zarba berishga shaymiz


AQSh prezidenti Donald Tramp
AQSh prezidenti Donald Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron biror Amerika ob’ektiga hujum qiladigan bo‘lsa, bunga javoban Erondagi 52 ob’ektga “zudlik bilan qattiq” zarba berilishini aytdi.

4 yanvar kuni Tramp Twitterda:

“Yaqindagina amerikalikni o‘ldirgan, ko‘plab boshqa amerikalikni jarohatlagan — umri davomida o‘ldirgan odamlarni esa qo‘yib turaylik, jumladan, yaqinda yuzlab eronlik namoyishchini o‘ldirgan — ularning terrorchi yetakchisidan dunyoni xalos qilganimiz uchun, Eron bizdan o‘ch olish maqsadida, ayrim AQSh mulklariga hujum qilish haqida jur’at bilan so‘zlamoqda”, deb yozdi.

Tramp Bag‘dodda AQSh dron hujumi oqibatida halok bo‘lgan Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi “Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi Amerika elchixonasiga hujum qilgani, boshqa hududlarda yangi hujumlarga tayyorlanganini qo‘shimcha qildi.

“Eron ko‘p yillardan beri boshog‘riq bo‘lib keladi. Bu OGOHLANTIRISh bo‘lsin: agar Eron amerikaliklar yoki AQSh ob’yektlariga zarba bersa, biz Erondagi 52 ta (Eron tomonidan uzoq yillar oldin garovga olingan 52 kishi ramzi o‘laroq) nishonni tanladik, bu nishonlarning ba’zilari Eron va Eron madaniyati uchun juda muhim ahamiyatga ega”, deya yozdi AQSh prezidenti.

Tramp nazarda tutgan asirlar 1979 yil inqilobchilar tomonidan AQShning Tehrondagi elchixonasidan o‘g‘irlab ketilib, 444 kun asir tutilgan edi.

Tramp e’lon qilgan 52 ob’yekt orasida madaniy yodgorliklar borligi tanqidga uchradi. Xususan, sobiq prezident Barak Obama maslahatchisi Kolin Kal: “Tramp urush qoidalarini pisand qilmasligi mumkin, ammo [Mudofaa vazirligi] xodimlari va huquqshunoslari bunday o‘ylamaydi. Madaniy yodgorliklarni nishonga olish esa urush jinoyatidir”, deb yozdi.

Sulaymoniy o‘ldirilishi ortidan Eron keskin chora ko‘rilishini aytib tahdid soldi, ammo hozircha harbiy chora ko‘rgani yo‘q.

3 yanvar kuni amalga oshirilgan hujumda Sulaymoniy bilan birgalikda Eron tomonidan dastaklanayotgan qurolli guruh bo‘lmish Xalq safarbarligi kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari Abu Mahdiy al-Muhandis ham o‘ldirilgan.

Trampning Erondagi 52 nishon haqidagi bildiruvidan oldin Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi qo‘mondoni Tehron AQShdan o‘ch olish uchun 35 ta AQSh ob’yektiga hujum qilishi mumkinligini aytgan edi.

General G‘ulomali Abuhamza Tehron amerikaliklarni qaerda bo‘lishlaridan qat’i nazar jazolashini aytib, Fors ko‘rfazida Amerika kemalariga hujum uyushtirilishi mumkinligiga ishora qilgan.

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy ham Sulaymoniyni o‘ldirgan “jinoyatchilardan” keskin o‘ch olinishini ta’kidladi.

Trampning Sulaymoniyni o‘ldirish qarorini AQShdagi respublikachilar olqishladi, ammo ko‘plab demokratlar tanqid qildi. AQSh Eronning “Quds” maxsus bo‘linmasini terror tashkilotlari safiga kiritgan.

Ko‘plab Amerika shaharlarida AQShning harbiy amaliyoti qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

AQShning hamkor davlatlari ham Tramp buyrug‘i bilan amalga oshirilgan amaliyot yuzasidan xavotir bildirdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bunday harbiy choralar Yaqin Sharqdagi shusiz ham keskin vaziyatni yanada tang ahvolga soladi.

Bu orada Iroqda AQSh yetakchiligidagi koalitsiya 5 yanvar kuni koalitsiya harbiy bazalariga raketa hujumlari amalga oshirilgani, ammo birorta ham harbiy zarar ko‘rmaganini bildirdi.

Vashington Iroqdagi shia jangarilar AQSh va koalitsiya kuchlariga qilgan hujumlar ortida Eron turganini aytib keladi.

31 dekabr kuni Eronni qo‘llovchi jangari guruhlar va boshqa shaxslar tomonidan Bag‘doddagi AQSh elchixonasiga hujum qilindi. Hodisada elchixona xodimlariga ziyon yetmadi va hujumchilar 1 yanvar kuni chekindi.

XS
SM
MD
LG