Линклар

Шошилинч хабар
28 феврал 2020, Тошкент вақти: 23:12

O‘n metrdan qulagan o‘zbekistonlik sirk artisti besh kun deganda jonlantirish bo‘limidan chiqarildi


Kristina Vorobyova Amsterdamda ikkita og‘ir jarrohlik amaliyotini boshidan kechirdi.

Niderlandiya poytaxti Amsterdam shahridagi "Karre Amsterdam" teatrida 3 yanvar kungi tomosha vaqtida o‘n metr balandlikdan qulab tushgan o‘zbekistonlik sirk artisti Kristina Vorobyova 7 yanvar kuni kasalxonaning jonlantirish bo‘limidan palataga chiqarildi.

O‘zbekistonning Benilyuks davlatlaridagi elchixonasining konsullik bo‘limi o‘zbekistonlik sirk artisti atrofidagi vaziyatni o‘z nazoratiga oldi.​

Amsterdam Medical Centerda davolanayotgan Kristina Vorobyovaning facebook sahifasida joylashtirilgan ma’lumotga qaraganda, uning orqa miyasi va bo‘yin umurtqasida ikkita operatsiya o‘tkazilgan.

“Umurtqalararo diskni olib tashlab, titandan yasalgan boltli plastina o‘rnatishdi. Hozircha oyoqlarimni sezmayapman va o‘ng qo‘limda muammo bor”, — deyiladi Kristina Vorobyova nomidan yozilgan ma’lumotda.

Unda aytilishicha, hozircha shifokorlardan yakuniy xulosa olingan emas. Chunki Kristina Vorobyovaning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun xulosa chiqarishga yana vaqt kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonning Benilyuks (Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemurg) davlatlaridagi elchixonasining konsullik bo‘limi o‘zbekistonlik sirk artisti bilan bog‘liq vaziyatni o‘z nazoratiga oldi.

Konsul A’zam Abdurashidov 7 yanvar kuni Ozodlik radiosiga: “Men Amsterdamga shaxsan o‘zib borib, ularning holidan xabar olib keldim. Rustem Osanovning avhvoli hozir yaxshi. Krsitina Vorobyova ikkita operatsiyani boshidan kechirdi, hozir uchinchi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilmoqda”, -deb bildirdi.

Konsulning aytishicha, Kristina Vorobyova masalasida «Karre Amsterdam» teatri rahbariyati hamda sug‘urta shirkatlari bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

“Kristina Vorobyovaning davolanishi va operatsiyalarini to‘lig‘icha sug‘urta shirkati o‘z zimmasiga oldi. Ayni paytda Kristinaning onasini Amsterdamga olib kelish uchun viza masalasini ko‘rib chiqayapmiz. Bu masalada Toshkentda Niderlandiyaning elchixonasi bo‘lmagani uchun Moskvadagi Niderlandiya elchixonasi bilan hamkorlik qilayapmiz. Hozir barcha tegishli hujjatlar topshirildi. Yaqin kunlarda Kristinaning onasiga viza beriladi”, -dedi A’zam Abdurashidov.

3 yanvar kuni Niderlandiya poytaxtidagi «Karre Amsterdam» teatridagi tomosha paytida havo gimnastikachilari Rustem Osmanov va Kristina Vorobyova o‘n metr balandlikdan yiqilib tushgan edi. Rustem Osmanov turmush o‘rtog‘i Kristina Vorobyovani bir qo‘li bilan ushlab, ikkinchisini bo‘shashtirganda yiqilib tushganlar.

Rustem Osmanov Kristina Vorobyovaning ustiga yiqilgani uchun qattiq jarohat olmagan.

Mazkur hodisadan so‘ng O‘zbekiston Madaniyat vazirligi ularning ahvoli og‘ir emasligini bildirgandi. Rustem Osmanov va Kristina Vorobyova shartnoma asosida Amsterdamda ishlayotgan edilar.

XS
SM
MD
LG