Линклар

Шошилинч хабар
24 феврал 2020, Тошкент вақти: 16:43

Samarqanddagi klaster korxonasi fermerlarning 7 mlrd so‘m paxta pulini to‘lamayapti


Oqdaryo tumanidagi "Yangiobod Burguti" fermer xo‘jaligi tumanda o‘tgan yili tashkil etilgan "Koreya Samarqand" MChJ klaster korxonasiga 97 tonnadan ziyod yuqori navli paxta sotgan.

Samarqandning Oqdaryo tumanidagi yagona klaster korxonasiga paxta sotgan 126 ta fermer xo‘jaligi 2019 yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Oqdaryo tuman hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari klasterning fermerlardan qarzi 7 milliard so‘m atrofida ekanini aytdi.

Paxtani fermerlardan shartnoma asosida sotib olgan "Koreya Samarqand" MChJ klaster korxonasi rahbari muovini ip-kalavaga xaridor yo‘qligidan pul kechikayotganini aytdi, fermerlarning hosil puli bir hafta ichida to‘lanishini va’da qildi.​

Oqdaryo tumanidagi "Koreya Samarqand" MChJ klaster korxonasining binosi.
Oqdaryo tumanidagi "Koreya Samarqand" MChJ klaster korxonasining binosi.

Oqdaryo tumanidagi "Yangiobod Burguti" fermer xo‘jaligi tumanda o‘tgan yili tashkil etilgan "Koreya Samarqand" MChJ klaster korxonasiga 97 tonnadan ziyod yuqori navli paxta sotgan.

Olingan hosilni tolaga aylantirib sotishga mo‘ljallangan klaster korxonasi shartnoma bo‘yicha fermerlarga 2019 yilgi paxta xosili pulini 31 dekabrgacha to‘lashi kerak edi.

"Yangiobod Burguti" fermer xo‘jaligining ismi ochiqlanishini istamagan hisobchisining Ozodlikka aytishicha, klaster paxta xosili uchun "bir tiyin ham to‘lamagan".

Fermerning aytishicha, klaster korxonasi boshlig‘i Firdavs (familiyasini aniqlash imkoni bo‘lmadi - tahr.) o‘tgan oy o‘rtalarida fermerlarga bu yil (2019) hosil pulini to‘lash imkoni yo‘qligini aytgan:

Bular "xaridor yo‘q, sotolmayapmiz, pul bo‘lmayapti", deb hamma fermerni sarson qilib kelmoqda. Tumanda bironti ham fermer hali pulini olmagan.

- Paxtaning bir tonnasini 4 million 640 ming so‘mdan hisoblab olgan. 97 tonnadan ziyod yuqori navli paxta topshirganmiz. Lekin shuncha mashaqqat bilan yetishtirgan hosil uchun hali bir tiyin ham olmadik. Shartnoma bo‘yicha 2019 yilning 31 dekabrigacha pulni to‘lab bo‘lishi kerak edi. Bular "haridor yo‘q, sotolmayapmiz, pul bo‘lmayapti", deb hamma fermerni sarson qilib kelmoqda. Tumanda bironta ham fermer hali pulini olmagan. Axir paxtamizning puliga ishonib bankdan kreditlar olganmiz. Har oy foiz to‘layapmiz. Ishchilarimizga oylik berishimiz kerak, - dedi fermer.

Ozodlik Oqdaryo tumanidagi yana ikki fermer bilan suhbatlashdi.

Ular ham klasterdan hosil pulini ololmay, sarson bo‘layotganliklarini aytishdi.

- Bizdan klaster 300 million so‘m qarz. Bermayapti. 31 dekabrda shartnoma muddati tugadi, pul yo‘q. Hokimlikka ham chiqdik. Ular bu klaster yopiladi, deyapti. Yopilsa pulimizni kim to‘laydi? Har bir fermerning 500-600 million puli bor ularda, - dedi Oqdaryodagi "Boshmon" fermer xo‘jaligining ismi ochiqlanmasligini istagan xodimi.

Oqdaryo tuman hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Najmiddin Tog‘ayev "Koreya Samarqand" MChJ klaster korxonasi 2019 yilgi paxta xosili uchun fermer xo‘jaliklari pulini to‘lamaganini Ozodlikka tasdiqladi.

Tog‘ayevga ko‘ra, klaster qarzdorligi 7 milliard so‘m atrofidadir:

Fermerlarni ham tushunish kerak-da. Ularni texnikadan qarzi bor, ishchilariga oylik to‘lashi kerak.

- Tolasini sotolgani yo‘q, shunga fermerlarning pulini berolmay yuribdi. O‘zlariga ham qancha aytdik. Hozir ularda 7 milliard so‘mga yaqin fermerlarning paxta hosili puli turibdi. "Kredit olinglar-da to‘langlar", dedik. Fermerlarni ham tushunish kerak-da. Ularning texnikadan qarzi bor, ishchilariga oylik to‘lashi kerak. Kecha gaplashuvdik, "ikki kunda hal qilaman" degandi. Ko‘ramiz...

"Koreya Samarqand" MChJ rahbari muovini Rahmatjon Razzoqov tolaga xaridor yo‘qligidan pul kechikayotganini aytdi.

Lekin Razzoqov 7 yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda fermerlarning hosil puli bir hafta ichida to‘lanishini va’da qildi.

Yangi tashkilot-da bizniki, hali to‘liq oyoqqa turgani yo‘q. Paxtani ip-kalava qilib sotamiz. Haridor yo‘qligi uchun pulni yetishtirib berolmadik.

- Yangi tashkilot-da bizniki, hali to‘liq oyoqqa turgani yo‘q. Paxtani ip-kalava qilib sotamiz. Xaridor yo‘qligi uchun pulni yetishtirib berolmadik. Lekin, hozir maxsulotni ichki bozorga sotib, bir haftada pulini chiqarib beramiz. Mana shu hafta pul bo‘lib qolishi kerak. Birinchi maqsadimiz fermerlarni qarzidan qutilish bo‘lib turibdiku hozir, - dedi Rahmatjon Razzoqov.

O‘zbekistonda paxta va g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarni klaster korxonalariga birlashtirish ikki yil avval boshlangan edi.

Ozodlik O‘zbekistonning ba’zi boshqa viloyatlarda ham klasterga paxta va g‘alla sotgan fermerlar ikki yillik hosil pulini shu paytgacha ololmay sarson bo‘layotgani haqida bundan oldin ham xabar qilgan.

Jumladan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan:

“Bu klaster emas, balo bo‘ldi. 2018 yil paxta pulini, 2019 yil g‘alla va paxta pulini hali ham olganimiz yo‘q. Ikki yil davomida klasterning uchta rahbari o‘zgardi. Ilgari har yili 31 dekabrgacha pulimizni to‘liq olardik. Klasterga o‘tganimizdan so‘ng, nasiyaga ishlayapmiz”, - deb aytgandi oqqo‘rg‘onlik fermer.

Ozodlikka muntazam xabar yo‘llaëtgan o‘zbekistonlik fermerlar¸ klaster tizimi joriy qilinishi ortidan o‘zlarining yaxshi ishlov berilgan yerlari hokimiyatga yaqin shaxs va guruhlarga noqonuniy ravishda olib berilganidan shikoyat qilishgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy qilgan klaster tizimi haqidagi taxliliy maqolani bu yerda o‘qing.

XS
SM
MD
LG