Линклар

Шошилинч хабар
28 сентябр 2020, Тошкент вақти: 03:47

Erondagi “Quds” maxfiy qo‘shinining 30 yillik tarixiga nazar


“Quds” qo‘shiniga Ismoil Qaaniy yangi qo‘mondon etib tayinlandi.

AQSh 3 yanvarda havodan zarba berib, Qosim Sulaymoniyni o‘ldirgandan so‘ng oradan bir necha soat o‘tar-o‘tmas Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Islom inqilobi soqchilarining maxfiy “Quds” qo‘shiniga Ismoil Qaaniyni yangi rahbar etib tayinlaganini e’lon qildi.

Tayinlov haqidagi bunday oshig‘ich e’lon qo‘shin oldingi tartibda ishlayverishini anglatadi

− Qo‘shinning vazifasi aynan shahid ketgan Sulaymoniy qo‘mondonligi davridagiday qoladi, − dedi Xameneiy.

Quyida “Quds” qo‘shinida mavjud bo‘lgan murakkab ta’sirlar haqida fikr yuritiladi.

Eron qurolli kuchlari tarkibidagi “Quds” qo‘shini

“Quds” qo‘shini Eron Islom inqilobi soqchilari korpusining (IISK) 8 ta bo‘linmasidan biridir.

Qolganlari Muhammad Pakpur rahbarligidagi Yerda qarshilik ko‘rsatish qo‘shini; Amir Ali Hojizoda rahbarligidagi Harbiy-havo qo‘shini; Alirizo Tangsiriy rahbarligidagi Harbiy-dengiz floti; G‘ulomrizo Sulaymoniy rahbarligidagi “Basij” ko‘ngillilar tuzilmasi; Husayn Toyib rahbarligidagi Razvedka xizmati; Muhammad Kozimiy rahbarligidagi Aksilrazvedka xizmati va Fathulloh Jumayriy rahbarligidagi Xavfsizlik xizmatidan iborat.

Barcha 7 ta bo‘linma IISK bosh qo‘mondoni, general-mayor Husayn Salomiy va uning muovini Ali Faadaviyga bo‘ysunadi.

Biroq “Quds” qo‘shini qo‘mondoni parallel tuzilma tarkibida ham faoliyat yuritadi va bevosita Eronning oliy rahbariga bo‘ysunadi.

Chet ellardagi faoliyati

“Quds” qo‘shini XX asrning 80-yillari oxirida tashkil topgan IISK xorijiy bo‘linmasi hisoblanadi.

2011 yilda Suriya urushi boshlangunga qadar bunday harbiy bo‘linmaning mavjudligi rasman tan olinmay kelinayotgan edi. Biroq “Quds” qo‘shinining qamalda qolgan Suriya prezidenti Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etgani uning nomi va qo‘mondoni Sulaymoniy ismi oshkor bo‘lishiga olib keldi.

“Quds” Livan, Suriya, Iroq, Yaman va Afg‘oniston singari mamlakatlarda Eronga yaqin turli siyosiy va qurollangan tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida ish olib bordi.

AQSh hukumati “Quds” yordam berib kelgan o‘sha mamlakatlar tashkilotlarini – joriy yil aprelidan IISKni ham – terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritdi.

“Quds” sanab o‘tilgan mamlakatlardan tashqari butun Yaqin Sharq bo‘ylab faol ish olib bormoqda, bunga Eron bilan Bahrayn o‘rtasidagi avj olib ketgan munozara ham daxldordir. Uning ayrim a’zolari Fors ko‘rfazi bo‘yidagi arab mamlakatlarida ham hibsga olingani haqida xabrlar bor.

Mehnat taqsimoti

“Quds” qo‘shinining joriy vazifasiga kiradigan amallar Eronda 1979 yilgi islom inqilobidan oldin ham bajarilgan, o‘sha inqilob paytida shoh hokimiyati ag‘darib tashlanib, o‘rniga mullalar kelgan edi.

Islomiy rejimning ilk qadamlaridin biri ushbu amallarning ko‘pchiligini inqilobchi Muhammad Muntaziriy rahbarligida tashkil qilish bo‘lgan. U quvg‘indagi qurolli guruhlarga rahbar bo‘lgan hamda falastinlik va boshqa jangarilar bilan qalin aloqa qilib turgan.

Muntaziriy 1981 yili qazo qilgandan so‘ng IISKning chet ellardagi faoliyatiga o‘sha paytda mamlakat prezidenti bo‘lgan va kelgusi oliy rahbar Ali Xomanaiy rahbarlik qilgan.

Aytilishicha, Xomanaiy Erondagi Iroq muxolifat tashkilotlariga ko‘maklashishda keyinchalik shafqatsiz sud tizimiga rahbar bo‘lgan Mahmud Hoshimiy Shohrudiy singari ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlagan. Shohrudiy Iroqning Islom inqilobi oliy assambleyasini (SAIRI) tashkil etishda yordam bergan va uning spikeri bo‘lgani aytiladi. Uni tuzishdan maqsad 1980-88 yillardagi Eron-Iroq urushi vaqtida Iroqda ichki muxolifatni shakllantirish edi.

O‘sha urush davrida ham IISK qo‘mondoni Muhsin Rizoiyning vazifasi chet ellardagi Eron dastaklayotgan guruhlar bilan rasmiy aloqalarni niqoblash bo‘lgan. Bu IISKning yangi tashkil etilgan Razvedka vazirligi bilan tizimi ichidagi potensial raqobatda g‘olib chiqish uchun rejimning chet eldagi faoliyatini kuchaytirish maqsadida dastlabki jiddiy qadamlar bo‘lgan edi.

Rizoiy yana keyinchalik Iroqning “Badr brigadasi” sifatida nom qozongan guruhni ham tashkil etgan, uning zobitlari eronliklar bo‘lib, Iroq rahbari Saddam Husaynga muxolif bo‘lgan kishilardan tarkib topgan edi. Xabarlarga ko‘ra, Rizoiy avvalboshdanoq “Badr brigadasi”ni Iroqdagi Islom inqilobi oliy kengashi (SCIRI) va uning rahbari Muhammad Baqir al-Hakim nazorat qilmasligiga intilgan. Hakim katta ta’sir kuchiga ega sobiq inqilobchi Ali Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy va Xomanaiyning o‘ziga Rizoiyning ustidan shikoyat qilgan.

O‘sha paytda brigada tarkibida bo‘lgan eronprast PMF (Xalq safarbarligi qo‘shini) boshlig‘i o‘rinbosari Abu Mahdi Muhandis ham 3 yanvarda Bag‘doddagi AQSh havo hujumi paytida Sulaymoniy qatori halok bo‘lgan edi.

Muhandis 80-yillarning boshida Iroqdan Quvaytga qochgan hamda Livanning Islom jihodi tashkiloti asoschisi va “Hizbulloh” tashkilotidagi 2-shaxs bo‘lgan Imod Mug‘niyoh bilan hamkorlik qilganlikda gumon qilingandan so‘ng Eronga ketgan edi.

Nihoyat, Muhandis IISKga aloqasi bor “Badr” brigadasi qo‘mondoni bo‘lgan edi.

O‘sha paytda “Badr brigadasi”da eng faol bo‘lgan kishilardan biri Hodi Amiriy edi. U hozir “Badr tashkiloti” rahbaridir. Ayni tashkilot Halq safarbarligi qo‘shinining (“Hashid Shaabiy” nomi bilan ham mashhur) Eron qo‘llab-quvvatlagan eng muhim bo‘linmalaridan biridir. Karaladagi amaliyot vaqtida Abu Mahdi Muhandis va Amiriy qo‘mondon Hasan Danaifar qo‘l ostida xizmat qilgan. U keyinchalik AQSh Saddam Husaynni hokimiyatdan chetlatgach, Eronning Iroqdagi elchisi bo‘lgan edi.

IISK xorijdagi faoliyatini yana bir qismi Iroqdagi “Ramazon amaliyoti” doirasida bajarildi. Ushbu tashkilotning yetakchi qo‘mondonlaridan biri va bosh shtabi boshlig‘i Iroj Masjidiy bo‘lgani aytiladi. U hozir brigada generali va Eronning Iroqdagi elchisidir.

Muhammad Rizo Naqdiy “Ramazon amaliyoti”ning yana bir qo‘mondoni bo‘lgan edi, keyinchalik IISKning katta ta’sir kuchiga ega “Basij” ko‘ngillilar qo‘shiniga rahbarlik qildi.

80-yillarda IISK ko‘p amaliyotlarini Livanning Isroil bilan chegarasi yaqinida bajardi. Uning faoliyatida keyinchalik Eron mudofaa vaziri bo‘lgan Husayn Dehqon ham ishtirok etgan edi. O‘sha yillari Dehqon rahbarligida harbiy mashqlarni o‘tagan kishilardan ikki nafari Livanning “Hizbulloh” tashkilotiga rahbari (Hasan Nasrulloh) va uning o‘rinbosari (Mug‘niyoh) bo‘ldi.

Dehqondan keyin “Hizbulloh”ga eronliklardan IISKnign o‘sha vaqtdagi qo‘mondoni Ahmad Vohidiy va “Quds” qo‘shinining birinchi qo‘mondoni Faridun Verdi Najod (Mehdi Najod) ko‘rsatma va ko‘mak berib turgan.

Aytilishcha, Vohidiy bilan Najod 80-yillar oxirida “Eron-kontra” ishiga sabab bo‘lgan voqealar vaqtida amerikaliklar bilan muzokara o‘tkazish uchun mas’ul kishilar bo‘lgan.

Vohidiy keyinchalik mudofaa vaziri bo‘ldi, hozir Eronning Milliy mudofaa universitetiga rahbarlik qilmoqda. Najod so‘ngra Islom respublikasi axborot agentligiga (IRNA) bosh bo‘ldi, hozirgi kunda – matbuot masalalari bo‘yicha maslahatchi.

Eron-Iroq urushi va Islom respublikasi asoschisi Oyatulloh Ruhulloh Xumayniy o‘limidan so‘ng Ali Xomanaiy bilan Hoshimiy Rafsanjoniy IISK bilan Razvedka vazirligi o‘rtasida raqobat muhitini yaratmoqchi bo‘lgan ekan.

Eronning chet ellardagi siyosiy raqiblariga qarshi kurashish, jumladan, ularning etakchilarini o‘ldirish Razvedka vazirligiga topshirilgan.

Eronniki bo‘lmagan ittifoqchi tashkilotlarni nazorat qilish va boshqarish esa IISKga yuklatilgan. Ko‘plab kichik guruhlar keyinchalik o‘zaro birlashtirilib, “Quds” qo‘shini tashkil topgan.

Sulaymoniyning maydonga chiqishi

Qosim Sulaymoniy 1997 yili Vohidiyning o‘rniga «Quds» qo‘mondoni bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, tashkilot tez rivojlanib, ta’sirini mamlakat ichiga ham, tashiga ham yoya boshladi. “Quds”ning Ali Xomanaiy ishonchini qozongan qo‘mondoni sifatida Sulaymoniy asosiy qaror qabul qiluvchi shaxslardan biriga aylandi.

U “Quds” qo‘shinini faoliyat yuritayotgan mamlakatlariga qarab, bo‘linmalarga bo‘lib chiqdi va har biriga faqat o‘ziga bo‘ysunuvchi qo‘mondonlar tayinladi.

Sulaymoniy “Quds”ning turli qo‘mondonlarga bo‘ysunuvchi razvedka, moliya, siyosat, sabotaj va maxsus amaliyotlar bo‘linmalarini ham tashkil qildi. Ular Sulaymoniy boshchiligidagi Qo‘mondonlar kengashi rahbarligida hamjihat faoliyat yuritar edi.

Biroq “Quds” qo‘shini ham, uning qo‘mondoni ham 2011 yili Suriyada fuqarolar urush boshlanguncha panada qolib kelayotgan edi.

Sulaymoniy Ali Xomanaiyni Suriyadagi urushda prezident Asad tarafida turib qatnashishga ko‘ndirgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, ming-minglab “Quds” qo‘shinlari askarlari va Iroq shialarining o‘qitilgan xalq lashkari jangchilari Asad bilan bilan urishayotgan qo‘shinlarga qarshi jangga kirgan.

“Quds” qo‘shini mutaxassislari Sulaymoniyning bevosita rahbarligi ostida Afg‘oniston va Pokistondagi kamsonli shialarni Suriyada jang qilish uchun o‘qita boshlagan edi.

Sulaymoniyning vorisi

Xomanaiy 3 yanvarda “Quds” qo‘shini qo‘mondonligiga tayinlayotib, 62 yashar Qaaniyni “Islom inqilobi soqchilari qorpusining eng buyuk qo‘mondonlaridan biri” deb maqtadi.

Eronning ikkinchi yirik shahri, Xuroson miloyati markazi Mashhadda tug‘ilgan Qaaniy Eron-Iroq urushi veteranidir. U “Nasr-5” va “Imom Rizo-5” brigadalariga qo‘mondonlik qilgan. “Imom Rizo-5” keyinchalik diviziyaga aylantirilgan.

U “Quds” qo‘shini tashkil etilgandan beri uning saflarida xizmat qilib keladi. So‘nggi 20 yil mobaynida razvedka zobitidan Sulaymoniyning o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

XS
SM
MD
LG