Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:01

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi vakillarini Adliya vaziri qabul qildi


"Erk" partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov
"Erk" partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov

10 yanvarda muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripov yetakchiligidagi 5 kishilik guruhni O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov qabul qildi.

Erkchilarga ko‘ra, Adliya vaziri tashabbusi bilan o‘tkazilgan bu uchrashuvda vazir partiya vakillariga "Erk" partiyasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish mumkinligini bildirgan.

Uchrashuv davomida "Erk" partiyasi vakillari Adliya vazirining partiya nizomini ro‘yxatdan o‘tkazish taklifni rad qilgan. Ularning fikricha, partiya nizomi 1991 yilning sentabrida rasman qayd etilgan va u bekor qilingan emas.

Uchrashuvda qatnashganlardan biri, “Erk” partiyasi Markaziy kengashi a’zosi¸ qarorgohi Pragada joylashgan People in Need tashkilotining 2019 yilgi mukofoti sovrindori A’zam Turg‘unov uchrashuv tafsilotlarini Ozodlikka gapirib berdi.

- Vazir Davletovning o‘zi qabul qilib bizning fikrlarimizni diqqat bilan eshitdi. O‘zbekiston “Erk” demokratik partiyasi nizomi 1991 yilning 3 sentabrida Adliya vazirligi tarafidan ro‘yxatga olingan. Partiyani yopish yo tugatish haqida sud qarori yo boshqa hujjat yo‘q. Shu bois, biz vazirdan faoliyat uchun ruxsat so‘radik. Ammo vazir 1991 yilgi hujjat o‘z kuchini yo‘qotgan degan ma’noda bizga e’tiroz bildirdi. Ammo eng muhimi - muxolifat bilan hukumat muloqotga kirishgani. O‘zbekiston Adliya vaziri oxirgi marta 1997 yili “Erk” rahbariyati bilan uchrashgan edi. Muloqot qayta boshlanganini ma’qullayman.

Adliya vazirligidagi uchrashuvda “Erk” demokratik partiyasi Markaziy kengashi a’zolari Otanazar Oripov¸ Az’am Turg‘unov¸ Salavot Umrzoqov¸ Hamidulla Nurmatov va Sanjarali Imomov qatnashgani ma’lum bo‘ldi.

"Erk" partiyasi vakillari Adliya vazirligi binosi oldida
"Erk" partiyasi vakillari Adliya vazirligi binosi oldida

Ozodlik bilan suhbatda uchrashuv qatnashchisi Salavot Umrzoqov “jamiyatning muxolifatga ehtiyoji kun tartibiga qo‘yilgan paytdagi bu uchrashuv mamlakatning demokratiya sari o‘zgarayotganiga kichkina misol bo‘lganini” ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan beri ilk marotaba O‘zbekiston siyosatida muxolifatga yo‘l berilishi haqida 2019 yilning 27 dekabrida gapirgan edi.

Mirziyoyev Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvda muxolifat O‘zbekistonga qanday foyda keltiradi deya ritorik savol qo‘ygan edi.

"Ijtimoiy tarmoqlarda muxolifat muhokama qilinmoqda. U bizga qanday foyda keltirdi? Men Prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman. Biroq u o‘zimizda paydo bo‘lishi uchun muhit yaratishimiz kerak. Bu shaxslar xalqning dardini bilishi, ular bilan barcha muammolarni boshidan kechirishi va shu erning nonini eb, suvini ichishi kerak", degan prezident Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidentining bu gaplari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kuzatuvchilari O‘zbekistonda 22 dekabrdagi parlament saylovi nisbatan erkinroq o‘tgan bo‘lsa-da, tizimdagi o‘zgarishlar muxolifatning o‘rnini to‘ldira olmagani aytganidan so‘ng yangragan edi.

22 dekabr kuni esa O‘zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov birinchi marta muxolifatdagi "Erk" va "Birlik" tashkilotlari nomini tilga olgan va ularning ro‘yxatga olinishi mumkinligiga ishora qilgandi.

Prezidentning “shu yerning nonini yeb, suvini ichgan” muxolifat zarurligi haqidagi gapidan 13 kun o‘tib Adliya vaziri “Erk” partiyasi guruhini qabul qildi. Bundan oldin “Birlik” partiyasi vakillari ham Adliya vazirligi boshqarma boshliqlari tomonidan qabul qilingan edi.

"Birlik" partiyasi Markaziy kengashi a’zosi Anvar Usmonovning Ozodlikka aytishicha¸"oxirgi marta 2019 yilning dekabrida "Birlik" vakillari arizasini Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i olib qolgan".

O‘zbekistonda 80- yillar oxirida "Erk" demokratik partiyasi , "Birlik " xalq harakati kabi muxolif siyosiy tashkilotlar o‘rtaga chiqqandi.

O‘zbekiston mustaqillik deklaratsiyasi yozilishiga va uning Oliy majlis tomonidan qabul qilinishiga aynan shu partiyalar bosh qo‘shgani aytib kelinadi.

1992 yilgi prezident saylovida "Erk" partiyasi raisi Muhammad Solih prezidentlikka nomzod sifatida 12 foiz ovoz olgani rasman aytilgandi.

1992 yilgi saylovdan keyin muxolifat liderlari birin-ketin xorijga ketishga majbur bo‘lgandilar.

XS
SM
MD
LG