Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:43

Tojikistonda soxta Yulduz Usmonovaning konsertini uyushtirgan kishiga rasman ayblov bildirildi


Soxta konsert afishasi.
Soxta konsert afishasi.

Tojikistonning So‘g‘d viloyatida ichki ishlar organlari Yulduz Usmonovaning soxta konsertini uyushtirganlardan biriga nisbatan jinoyat ishi ochdi.

Ozodlik radiosi tojik xizmatining 13 yanvarda So‘g‘d viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga xabar berishicha, 43 yoshli Saidjon G‘aniyev 2019 yilning oxirlarida boshqa bir odamni tomoshabinlarga Yulduz Usmonova sifatida taqdim etib, sotilgan chiptalarni o‘zlashtirib olgani uchun “tovlamachilik”da ayblanmoqda.

Unga nisbatan bildirilgan ayblov sudda o‘z tasdig‘ini topsa Saidjon G‘aniyev 52 ming somoniy (taqriban 5362 dollar) jarimaga tortilishi yoki 5 yilgacha qamalashi mumkin.

Ozodlik radiosi tojik xizmati muxbiri Saidjon G‘aniyevning bu masalada munosabatini bilishga muvaffaq bo‘lmadi. Uning qaerda ekani hozircha noma’lum. Unga nisbatan qanday ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida ma’lumot yo‘q.

25 dekabr kuni Istaravshandagi “Sadbarg” restoranida Yulduz Usmonova ishtirokidagi konsertga kelgan tomoshabinlar uning o‘rniga o‘zbek xonandasining harakatlariga taqlid qiluvchi kishini uchratishgan.

Konsertga kelganlar qo‘shiq kuylayotgan kishining Yulduz Usmonova emasligini payqab qolishgan. Xabarlarga ko‘ra, soxta Yulduz Usmonovaning konserti uchun narxi 350 somoniy (35 dollarga yaqin) bo‘lgan chiptalarni 100 dan ortiq kishi xarid qilgan.

So‘g‘d viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Akbar Sharifov Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda tergov doirasida bir necha kishi so‘roq qilinganini ma’lum qilgan.

“Meni va konsertning boshqa tashkilotchisi Jamshedni Istaravshan IIBga taklif qilishdi va so‘roq qilishdi. So‘roqdan so‘ng meni qo‘yib yuborishdi, Jamshed esa – uning haqiqiy ismi Saidjon G‘aniyev – ushlandi”, deb aytgandi o‘shanda konsert uyushtiruvchilaridan biri Sherzod.

Sherzodga ko‘ra, u zalni bezash va tojik xonandasi Xurshed Mo‘minjonni taklif qilish bilan shug‘ullangan.

“Saidjon G‘aniyev Yulduz Usmonovani olib kelish uchun Toshkentga borishini aytdi. Biroq u mutlaqo boshqa odamni olib keldi”, deydi u.

Ayni paytda soxta Yulduz Usmonova ayol emasligi ham aniqlandi – “Sadbarg” restoranida o‘zbek xonandasi qo‘shiqlarini parodiyachi Rustamxo‘ja Usmonov ijro etgan. O‘zining "Instagram"dagi sahifasida parodiyachi Istaravshandagi kechaga taklif qilgan qandaydir Jamshidning firibiga aldanib qolganini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG