Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:43

Yozyovonlik fermerlar: Paxtani klasterdan ko‘ra davlatga sotganimiz yaxshi edi


Farg‘ona viloyat, Yozyovon tumanidagi 48 fermer O‘zbekiston Bosh vazirining virtual qabulxonasiga “Bahodir Log‘on Tekstil” klaster korxonasi ustidan arz qilib, shikoyat yozdi.

Ozodlik bilan suhbatda, fermerlar, paxta pulining berilmayotgani, terim pulining 20 foizini qoplashi haqidagi va’dasini klaster bajarmagani, paxtani tozalash uchun har tonna paxta uchun fermerlardan yana qo‘shimcha 100 ming so‘mdan undirayotgani haqida yozgan.

“Bahodir Log‘on Tekstil” rahbari Ziyohiddin Rahmatov fermerlarning paxta puli berilayotganini aytar ekan, Ozodlikning boshqa savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Yozyovon tumanida 119 ta fermer xo‘jaligi 2019 yilda “Bahodir Log‘on Tekstil” MChJ klaster korxonasiga 14800 tonna paxta xom ashyosi yetishtirib berish haqida shartnoma tuzgan.

Fermerlarning Bosh vazirga yozgan arizasida qayd etilishicha, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 35,5 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan bo‘lsa-da, lekin 67 ta fermer xo‘jaligi qariyb 4 milliard so‘mni klasterdan ololmagan.

Fermerlarning Bosh vazirga yozgan shikoyat maktubi
Fermerlarning Bosh vazirga yozgan shikoyat maktubi

Klaster bilan fermerlar o‘rtasida tuzilgan shartnomada, hosil puli 2019 yilning 31 dekabrigacha to‘lanishi shart qilib qo‘yilgan bo‘lsa-da, lekin ismi sir qolishini so‘ragan yozyovonlik fermerlardan biri hali bir so‘m ham olmaganini aytdi:

Bu klaster degani balo bo‘ldi.


“Biz savdogar emasmizki, har oyning oxirida hisob-kitob qilib, foydamizni chiqarib olsak. Biz mart oyidan boshlab dekabrgacha mana shu paxtamiz uchun mehnat qilamiz. Biror yil paxta pulimiz 31 dekabrdan kechikmagan edi. O‘ldim deganda 90 foizini davlat tushirib berardi. Bu klaster degani balo bo‘ldi. U qachon paxtani tekstilida qayta ishlaydiyu, qachon uni sotadiyu, qachon unga pul tushadiyu, ungacha biz cho‘michni suvga solib o‘tiraveramizmi? Qo‘lingdan to‘lash kelmasa klaster bo‘lib nima qilasan, deydigan odam yo‘q. Bundan ko‘ra, paxtani davlatning o‘zi sotib olgani tuzuk edi”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, klaster terimga uchun qo‘shimcha haqi beraman deb, fermerlarni laqqa tushirgan:

Tuman bo‘yicha 15 ming tonna paxta sotilgan bo‘lsa, fermerlar 2 milliard so‘m zarar ko‘ryapti.


“Prezident qaroriga asosan terimchilarga bir kilo paxta uchun 800 so‘m belgilangan edi. Terim paytida klaster, hokimiyat keldi-da, terimchilarga 1000 so‘mdan pul beramiz dedi. Klaster rahbari Ziyohiddin degan odam sizlar beraveringlar, 800 so‘mi sizlarning paxtangizni pulidan, 200 so‘mi bizning foydamizning hisobidan bo‘ladi, deb va’da berdi. Endi esa hisob-kitob vaqtida o‘sha 200 so‘mdan pulni ushlab qolyapti. Bu degani, agar tuman bo‘yicha 15 ming tonna paxta sotilgan bo‘lsa, fermerlar 2 milliard so‘m zarar ko‘ryapti”.

Ozodlik tasarrufida “Bahodir Log‘on Tekstil” rahbari Ziyohiddin Rahmatovning Telegram kanalida fermerlarga bergan va’dasining audioyozuvi bor:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:51 0:00
Бевосита линк
1000 so‘mdan qo‘rqmasdan tarqataveringlar. 200 so‘mini biz – klaster o‘z bo‘ynimizga olamiz.


“Assalomu alaykum, gruppa qatnashchilari. Man Ziyohiddinman, klasterni boshlig‘i. Bugun hamma masalani hal qildik, hozir Temurxon akam ham aytgan bo‘lsa kerak, hammalaring 1000 so‘mdan pul tarqatasizlar, 800 so‘mi fermerdan, 200 so‘mini klaster qoplab beradi. Biz o‘zimiz qoplab beramiz uni, hech qanaqa muammo, masala bo‘lmaydi. Hozir Temurxon aka bilan 12 ming tonnaga hisobimiz chiqdi, 1000 so‘mdan qo‘rqmasdan tarqataveringlar. 200 so‘mini biz – klaster o‘z bo‘ynimizga olamiz”.

Ozodlikning aniqlashicha, Ziyohiddin Rahmatov tilga olgan "Temurxon aka" "Agrobank"ning Yozyovon tuman bo‘limi rahbari Temurxon Nasriddinovdir.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir yozyovonlik fermerning aytishicha, klaster bo‘yniga olgan va’dasini bajarmagani uchun o‘z hisobidan katta zarar ko‘ryapti:

Fermerlarni aldab, qulog‘iga lag‘mon osib kun ko‘rguncha, bu kuningdan o‘lganing yaxshi.


“Mening o‘zim shu 200 so‘mning hisobidan 40 million so‘m zarar ko‘ryapman. Boshqa fermerlarning ham 30-50 million so‘mdan pulini klaster o‘z hisobiga o‘tkazib olyapti. Fermerlarni aldab, qulog‘iga lag‘mon osib kun ko‘rguncha, bu kuningdan o‘lganing yaxshi, deydigan odam yo‘q".

Fermer, klaster paxtani tozalash bahonasida yana ulardan katta miqdorda pul undirib olayotganini aytadi:

“Misol uchun mana paxtani sotyapmiz. Namiga, iflosligiga skidka qilib 8 foizgacha chiqarib yubordi. Aslida, bu juda katta foiz. Bunaqasi hali bizda bo‘lmagan edi. Davlatga sotganimizda juda bo‘lsa 2-3 foiz skidka qilardi. Klaster bunda bir g‘irromlik qilyaptiyu Endi ikkinchi g‘irromlikni eshiting. Shuncha skidka chiqarib yuborib, tonnasiga 100 ming so‘mdan pul ushlab qolyapti. Bu quritib, tozalash xizmati uchun ekan. Shuncha yil dehqon bo‘lib, paxta topshirib, bunaqasini birinchi marta ko‘rishimiz. Avvallari ja nari borsa 20 ming so‘m ushlardi. Klasterning o‘zini zavodi yo‘q, Rishtondagi paxta tozalash zavodini ijaraga olyaptida, uning ijara haqini ham biz fermerlarga shunday qilib sochib tashlayapti”.

Fermerning aytishicha, u bundan 30 million so‘m zarar ko‘rgan.

Ozodlik “Bahodir Log‘on Tekstil” MChJ klaster korxonasi rahbari Ziyohiddin Rahmatov bilan bog‘lanib, fermerlar aytgan masalalarga munosabat olmoqchi bo‘ldi.

Ozodlik muxbiri fermerlardan shikoyat bor deyishi bilanoq, klaster rahbari “savollaringizga javob bermayman, fermerlarning pulini tushirib beryapmiz biz”, dedi

Ozodlik terim puli haqida gap ochishi bilanoq Ziyohiddin Rahmatov aloqani uzdi va u boshqa qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Ozodlik O‘zbekistonda klaster tizimida ishlayotgan fermerlar ham paxta pulini ololmayotgani haqida bir necha xabar bergan.

Jumladan, Andijonning Ulug‘nor tumanidagi "Vodiy sanoat faxri" MChJ ​klaster korxonasiga paxta sotgan o‘nlab fermer xo‘jaligi 2019 yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Samarqandning Oqdaryo tumanidagi klaster korxonasi fermerlarning 7 mlrd so‘m paxta pulini to‘lamayapti.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan.

XS
SM
MD
LG