Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2020, Тошкент вақти: 23:21

Putin Rossiya konstitutsiyasining nimasini o‘zgartirmoqchi?


Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 yanvar kuni Federal majlisga bergan yillik hisoboti davomida mamlakat konstitutsiyasiga yirik o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.

Bu o‘zgartirishlar Rossiya Davlat kengashi, parlament va bosh vazir vakolatlarini kengaytirishga qaratilgani aytildi.

Putinning Federal majlisga murojaati ortidan 2012 yildan buyon bosh vazir Dmitriy Medvedev boshqarib kelgan hukumat iste’foga ketdi.

Vladimir Putin bosh vazirlikka Rossiya Federal soliq xizmati (FNS) rahbari Mixail Mishustin nomzodini taklif etdi. Nomzod yangi hukumatda jiddiy o‘zgartishlar amalga oshirishini e’lon qildi.

Federal majlisdagi bir soatlik o‘z chiqishida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ulkan siyosiy islohotlarni boshlash davri kelganini e’lon qildi.

- Mamlakat duchor bo‘layotgan keng ko‘lamli ijtimoiy, iqtisodiy hamda texnologik qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun tezroq natija ko‘rsatishimiz kerak, - dedi Putin.

- Jamiyatimiz o‘zgarishlarni talab qilayotgani hammamizga ayon. Odamlar taraqqiyot istaydilar va hunar, ilm-fan hamda turmush sohalarida olg‘a qadam tashlash uchun kurashyaptilar, - deya qo‘shimcha qildi prezident.

Xo‘sh, Rossiya prezidenti nimalarni taklif qildi?

- Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi, u tomonidan taklif qilingan bosh vazir o‘rinbosarlari va federal vazirlar nomzodlarini tasdiqlashni “Davlat Dumasiga ishonib topshirishni” taklif qildi. Shuningdek, Rossiya prezidenti Duma qarorlarini qabul qilmaslik huquqidan mahrum etiladi. Tashabbusga ko‘ra, prezident vazir va o‘rinbosarlarni ishdan bo‘shatib yuborish huquqini saqlab qoladi.

- Mintaqalar kuchishlatar tizimlari va prokurorlari “Federatsiya Kengashi bilan muhokamlardan keyin” prezident tomonidan tayinlanadi. Federatsiya Kengashi Konstitutsiyaviy va Oliy Sud a’zolarini lavozimdan chetlatish masalasini ko‘tarib chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Konstitutsiyaviy Sud davlat rahbari imzolashidan oldin nafaqat qonun loyihalarini, balki boshqa davlat hujjatlarini tekshirish huquqini oladi.

- Rossiya Konstitutsiyasiga “Davlat kengashi” tushunchasi kiritiladi. Siyosatshunoslar Vladimir Putin Rossiyada Qozog‘istonda “sinovdan o‘tgan” tizimni joriy qilishga shoshilayotganini taxmin qilmoqda. Tarixchi Vladimir Rijkov 2024 yilda iste’foga ketishi mumkin bo‘lgan Putin o‘ziga “kuchli joy tayyorlamoqda”, dedi.

“Konstitutsiyaga ommaviy hokimiyat yagona tizimi tamoyillarini joriy etish, davlat va munitsipal organlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak deb hisoblayman. Shu asnoda odamlarga eng yaqin boshqaruv pog‘onasi sanalgan mahalliy boshqaruv vakolatlari va amaldagi imkoniyatlari kengaytirilishi va kuchaytirilishi mumkin” dedi Vladimir Putin.

Dmitriy Medvedev V.Putin bilan 20 yil Rossiyani boshqardi
Dmitriy Medvedev V.Putin bilan 20 yil Rossiyani boshqardi

Rossiyaning barcha oliy amaldorlari va sudyalari xorij grajdanligiga yoki vaqtinchalik yashash guvohnomasiga ega bo‘lmasligi kerak. Rossiya rahbari Rossiya prezidentligiga mamlakatda doimiy ravishda 25 yil yashagan va umri davomida boshda davlat vatandoshligiga ega bo‘lmagan shaxs nomzodligini qo‘yishi mumkinligini Asosiy qonunda aks ettirishni taklif qildi.

Konstitutsiya kiritilayotgan o‘zgartishlar qatorida “prezidentlikka ketma-ket 2 muddat saylanish huquqiga ega” jumlasidan “ketma-ket” so‘zini referendum asosida olib tashlash taklifi ilgari surildi. Siyosiy sharhlovchilar bu o‘zgartish xorijda yashab kelayotgan muxolifat vakillari, masalan YuKOS sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiy yoki Yel universitetida tahsil olgan Aleksey Navalniylar kabi shaxslarni davlat boshqaruviga yaqinlashtirmaslikka qaratilganini gapirdi.

Putin Rossiya Konstitutsiyasini xalqaro shartnomalar va xalqaro huquq normalaridan ustunligini ta’minlashni qonunan belgilashni taklif qildi. U “Xalqaro qonun-qoidalar Konstitutsiyaga zid kelmagan holatdagina amal qilishi mumkin”, dedi. Mutaxassislar Vladimir Putinning bu taklifiga darhol “huquqiy izolyatsionizm” deb nom qo‘ydi.

Davlat rahbari takliflari orasida Asosiy qonunga minimal ish haqi kun kechirish uchun zarur bo‘lgan narsalarning eng oz miqdoridan kam bo‘lmasligi, nafaqalar esa indeksatsiya qilib turilishi kerakligi bor.

Rossiya inqirozini kuchaytirib borayotgan aholi sonining kamayishi muammolarini bartaraf qilish maqsadida Putin hukumati “materinskiy kapital” – ikkinchi farzandni tuqqan onalarga beriladigan mablag‘ni 466 ming rubldan (~7,5 ming AQSh doll.-tahr.) yana 150 ming rublga ko‘tarishni taklif etdi. U bundan buyon ta’lim tizimi va tibbiyotga davlat g‘aznasidan ko‘proq mablag‘lar ajratilishini e’lon qildi. Rossiya prezidenti va’dalari qatorida 1-4 sinf bolalarining davlat hisobidan bepul nonushta bilan ta’minlash ham bor.

O‘z hisobotida Rossiya prezidenti iqtisodiyotga 20 yillik boshqaruvi davomida qilinmagan texnologik yangiliklarni joriy qilishni taklif etdi.

Biroq, mutaxassislar bu o‘zgartishlar jamiyatda oshib borayotgan norozilikka javob tarzida yuzaga kelganini bir ovozdan e’tirof etmoqda. O‘z chiqishida tashqi siyosiy masalalarga deyarli to‘xtamagan Vladimir Putin asosan ichki masalalarga e’tibor qaratgani ko‘zga tashlandi.

Nutqi davomida Putin Rossiya harbiy salohiyatini maqtab o‘tdi. Prezident Rossiya global qurol-aslaha poygasida yetakchilik qilayotganini iddao qildi.

Bosh vazir lavozimi bosh soliqchi M.Mishustinga taklif etildi
Bosh vazir lavozimi bosh soliqchi M.Mishustinga taklif etildi

Oxirgi yillarda korrupsiya janjallariga aralashib, obro‘si tushib ketgan bosh vazir Dmitriy Medvedev o‘rniga taklif qilingan Mixail Mishustin Rossiyaning eng rivojlangan va nisbatan tartib o‘rnatilgan sohasi – soliq tizimini boshqarib kelmoqda. Vladimir Putin sobiq biznesmen, dasturchi Mixail Mishustinga 2024 yilgacha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan va 26 trillion rublga baholangan “milliy loyihalarni” amalga oshirishni topshirmoqchi.

O‘z loyihalarini parlament bilan yaqin hamkorlikda hayotga tatbiq qilishini bildirgan va turli siyosiy guruhlardan uzoqda bo‘lib kelgan yangi bosh vazir Mixail Mishustin barcha tomonlarni qoniqtirgan ko‘rinadi.

67 yoshga to‘lgan Putin Rossiya siyosatida so‘nggi yigirma yil davomida eng muhim shaxs bo‘lib keladi. 2018 yilda Putin olti yillik muddatga qayta saylandi. Joriy qonunlarga binoan 2024 yilda u prezidentlikni tark etishi kerak, chunki bir shaxs ko‘pi bilan qatorasiga ikki muddatgagina saylanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG