Линклар

Шошилинч хабар
04 апрел 2020, Тошкент вақти: 18:03

Uyini musodara qilishga kelgan MIB xodimlari oldida o‘zini yoqqan erkak vafot etdi (VIDEO)


Majburiy ijro byurosi (MIB) xodimlari oldida o‘zini o‘zi yoqib yuborgan 31 yashar Xushnud G‘oyibnazarov shifoxonada vafot etdi.

Andijon viloyati Andijon tumanida yashovchi G‘oyibnazarov uyining musodara qilinishiga norozilik tariqasida o‘ziga o‘t qo‘ygan edi.

Tanasining 50 foizga yaqini kuygan holda Andijon tuman shifoxonasiga yotqizilgan Xushnudbek, oilasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 25 yanvar kuni vafot etgan.​

X. G‘oyibnazarov 21 yanvar kuni soat 18.30 larda Andijon tumanining Beshbo‘ynoq mahallasida joylashgan uyida o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan edi.

Opasi Omonova, 23 yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda, marhum ukasi uy ustida kelib chiqqan janjal sabab o‘ziga o‘t qo‘yganini bildirgandi:

- MIB xodimlari uyni bo‘shat¸ deb kelishgan. Uy 2013 yilda garovga qo‘yilgan edi-da. Jumagacha kutinglar, sovuqda qaerga boramiz, ozgina vaqt beringlar, degan-da. Haligi uyga da’voganlar chiqmasang uyga o‘t qo‘yamiz, deb turishibdi. Ukam shu payt bakalajkani olib ustiga benzin quyib, o‘zini yoqib yubordi, - degan edi Gulbahor Omonova.

Andijon viloyati Majburiy ijro byurosining Ozodlik gaplashgan xodimi 23 yanvar kuni shunday voqea bo‘lganini tasdiqlagan, ammo uning tafsilotlarini ochiqlashni istamagan edi.

26 yanvar kuni esa Effect.uz nashri MIB matbuot xizmatining bu hodisa bo‘yicha izohini chop etdi:

"MIB matbuot xizmatining alohida ta’kidlashicha, MIBda sud qarorlari muhokama etilmaydi. Balki qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari ijrosi ta’minlanishi shart. Sud qarorlari ijrosini vaqtincha to‘xtatishning qonuniy tartiblari bor", deb yozdi ushbu nashr.

Nashr xabarida aytilishicha, Andijon tuman prokuraturasi tekshiruvni davom ettirmoqda.

G‘oyibnazarovning oilasi hozircha surishtiruvlar qanday borayotganidan bexabarligini aytdi.

O‘zbekistonda MIB xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda turli qarshiliklar yoki janjal kelib chiqqani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.

O‘tgan yil yanvar oyida Samarqandda ijro harakatlarini amalga oshirayotgan MIB xodimlariga qarshilik qilgan ayol ularni yoqib yuborgan edi.

2018 yilning noyabr oyida esa Samarqandda elektr haqini undirish uchun kelgan MIB xodimlariga bolta bilan hujum qilgan xonadon egasi qamoqqa olinib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Majburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida MIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatilgani bilan bog‘liq 132ta holat qayd etilgan.

Byuro tashkil etilgan 2017 yildan buyon esa fuqarolarning qarshilik ko‘rsatishi tufayli 4 nafar MIB xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan. 200 dan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazilgan.

XS
SM
MD
LG