Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:13

Intervyu paytida Davlat kotibi bilan "urushib" qolgan jurnalistga u bilan safar qilish taqiqlandi


Davlat kotibi Mayk Pompeo
Davlat kotibi Mayk Pompeo

AQSh Davlat departamenti Milliy jamoatchilik radiosi (NPR) muxbirini Davlat kotibi Mayk Pompeoning Ukraina va yana to‘rtta mamlakatga safarini yorituvchi jurnalistlar ro‘yxatiga kiritmadi.

NPR bilan Davlat departamenti faoliyatini yorituvchi jurnalistlar a’zo bo‘lgan Davlat departamenti muxbirlari uyushmasining (SDCA) 27 yanvarda ma’lum qilishicha, Mishel Kelemen safar qiluvchilar ro‘yxatidan chiqarib tashlangan.

Bunga Kelemen hamkasbining Pompeo bilan suhbati sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Davlat kotibi oldinroq NPR muxbiri Meri Luiza Kellining Ukraina haqidagi savolidan jahli chiqib ketgan edi, dedi SDCA vakili.

“Davlat departamentining davlat kotiblariga safari chog‘ida jurnalistlar hamrohlik qilishiday ko‘pyillik an’anasi bor va biz uyushmamizning biror a’zosi jazolanishini nomaqbul deb hisoblaymiz”, dedi uyushma rahbari bergan bayonotida.

Davlat departamenti NPR jurnalisti safar qiluvchilar ro‘yxatidan nima uchun chiqarib tashlanganiga izoh bermadi.

Kelli 24 yanvarda Pompeodan intervyu olgan edi.

Uning aytishicha, davlat kotibining jahli chiqib ketgan va undan AQShning Ukrainadagi elchisi Mari Yovanovichni himoya qilish to‘g‘risida savol so‘raganda, intervyuni davom ettirishdan bosh tortgan. Elchini prezident Donald Tramp bo‘shatib yuborgan edi.

Kellining aytishicha, shundan so‘ng undan suhbatni davom ettirish uchun Pompeoning shaxsiy mehmonxonasiga kirish so‘ralgan, Pompeo unga qarab qichqirgan hamda aksariyat amerikaliklar Ukraina qaerda joylashganini bilmasligini aytib so‘kingan.

Pompeo jurnalistdan, “Amerikaliklar Ukraina haqida qayg‘uradi, deb o‘ylaysizmi?” deb so‘ragan.

NPR Pompeoning bayonotiga javob berdi hamda Kelli “o‘ta halol” jurnalist ekani, uning bildirgan fikrlariga radiostansiya mas’ul ekanini aytdi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ham Pompeoni tanqid qilib bayonot berdi, unda davlat kotibining munosabati Tramp ma’muriyatining matbuotga “dushman ko‘zi” bilan qarayotgani alomati deb baholandi.

Trampning ittifoqchilari Yovanovichni prezident siyosiy raqibining Ukrainadagi ishini tergov qilishga to‘siq bo‘lishda aybladi. Tramp o‘tgan yil iyulida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbati chog‘ida Yovanovichni “yomon xabar” deb atagan edi.

Ayni paytda AQSh Kongressida o‘tgan oyda Demokratlar partiyasi vakillari ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Namoyandalar palatasi Trampga qarshi ikkita ayblov: xizmat vazifasini suiiste’mol qilish va Kongressga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha impichment e’lon qilgani ortidan tinglov jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

Ikkala ayblov ham – yoki impichment bilan bog‘liq moddalar – prezidentning Ukrainaga munosabati bilan bog‘liq.

Pompeoning chet el safari 29 yanvarda boshlanadi.

U Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Uchala mamlakatda ham matbuot erkinligi bilan bog‘liq muammolar mavjud.

Safardan mahrum qilingan jurnalist Davlat departamenti faoliyatini 20 yildan beri yoritib kelayotgan edi, unga nega safarga boruvchi jurnalistlar qatoriga kiritilmagani sababi aytilmadi.

XS
SM
MD
LG