Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2020, Тошкент вақти: 21:29

Bir tumanda uch o‘quvchi homilador bo‘lgani ortidan o‘smir qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda


Illyustrativ surat

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida maktab o‘quvchisi bo‘lgan uch qizning homiladorligi aniqlangan, ammo xalq ta’limi bo‘limi bu ma’lumotni jamoatchilikdan yashirishga urinmoqda. Bu haqda Ozodlik radiosiga Samarqand viloyati tibbiyot boshqarmasi xodimi xabar berdi.

Tibbiyot boshqarmasi xodimiga ko‘ra, shu munosabat bilan tumandagi barcha maktablarda o‘quvchi qizlar shoshilinch ravishda UZI vositasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Toyloq tuman hokimiyatining mas’ul lavozimdagi vakili balog‘atga yetmagan qizlar o‘rtasida homiladorlik holatlari aniqlanganini tasdiqladi, ammo qizlar majburiy ravishda UZIdan o‘tkazilayotganini inkor qildi.

"Toyloqda uch nafar maktab o‘quvchisi homilador bo‘lib qolgan"

Samarqand viloyat tibbiyot boshqarmasi mulozimining (ismi aytilmasligini so‘radi) aytishicha, Toyloq tumanida shoshilinch va majburiy tarzda maktab o‘quvchilari bo‘lgan qizlarni UZI ko‘rigidan o‘tkazishmoqda:

“Bunga tumanda maktab o‘quvchilari bo‘lgan qizlar o‘rtasida homiladorlik holatlari ko‘paygani sabab bo‘ldi.Shu kunlarda uch nafar balog‘atga yetmagan qiz homilador bo‘lib qolgani aniqlandi. Shu sababdan barcha maktablarga qizlarni zudlikda, shoshilinch tarzda UZIdan o‘tkazishga ko‘rsatma berilgan”.

Toyloq tumanidagi homilador qizlardan biri aniqlangan maktabda ishlovchi o‘qituvchi ham bu ma’lumotni tasdiqladi:

“Ha, maktablarda shu masalada majlislar o‘tkazildi. O‘quvchi qizlar orasida bir qancha homiladorlar aniqlanibdi. Lekin aniq sonini aytishmadi. R... mahallasidagi (mahalla nomi Ozodlikka ma’lum-tahr.) homilador qizni mahalla to‘y qilib, turmushga chiqarayapti. Qolganlar haqida gapirishmadi”.

Rasmiy: "O‘quvchilar o‘rtasida xomiladorlikni aniqlash maqsadida UZI qilinayapti degan gap noto‘g‘ri"

Toyloq tuman hokimiyatining mas’ul lavozimdagi vakili Ozodlik muxbirining bu boradagi savollariga javob berar ekan, balog‘atga yetmagan homilador qizlarning aniq sonini aytishdan qochdi, ayni paytda uch nafar o‘quvchi qiz homilador bo‘lib qolgani to‘g‘risidagi ma’lumotni inkor ham etmadi.

“Ularning yoshlari 17ga va 17,5 ga yaqinlashib qolgan. 1 sentabrdan boshlab turmushga chiqish yoshi qizlar uchun 18 yosh qilib belgilangan. Shuning uchun turmushga uzatishadi. Ular o‘z ixtiyorlari bilan bu ishni qilgan, hech kim majburlamagan. Tumandagi qolgan maktab o‘quvchilari bo‘lgan qizlar o‘rtasida homiladorlikni aniqlash va oldini olish uchun UZI qilinayapti degan gap noto‘g‘ri. Bu navbatdagi tibbiy tekshiruv. Har olti oyda bir marta o‘quvchilarni mana shunday tekshiruvdan o‘tkazamiz. Hozir 7-8-9 sinf qizlarini UZI ko‘rigidan o‘tkazayapmiz”, dedi rasmiy.

Biroq u tibbiy tekshiruvdan nega barcha o‘quvchilar emas, faqat qizlar o‘tkazilayotgani to‘g‘risidagi savolga javob berishni istamadi.

Tanzila Norboyevaning statistikasi

O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda balog‘atga yetmagan qizlar o‘rtasida homiladorlik holatlari ko‘payib bormoqda.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva chiqishlaridan birida 2019 yilning 6 oyida voyaga yetmaganlar orasida 46 ta, 2018 yilda esa 32 ta homiladorlik holati qayd etilgani haqida gapirgan edi.

Senat raisi o‘shanda: "“Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda bolalarning jinsiy tarbiyasi haqida ham modda bor. Unda jinsiy tarbiya va ularni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish haqida aytilgan. Ammo amalda nima ko‘rilmoqda? Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hali hech narsa qilinmagan, ta’lim vazirliklarida ham bu borada o‘zgarishlar kuzatilmayapti. Bu borada hech kim dunyoqarashini o‘zgartirmagan”, deb tanqid qilgan edi.

BMT statistikasi

Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotining 2018 yilda e’lon qilgan hisobotiga qaraganda, har yili dunyoda 17 million vaoyaga yetmagan qiz homilador bo‘ladi. Erta homiladorlik o‘smir qizlar orasidagi o‘limning asosiy omili hisoblanadi.

BMTning tadqiqotida aytilishicha, erta homiladorlik rivojlanayotgan mamlakatlarda katta muammo bo‘lib qolmoqda.

Hisobotda aytilishicha, har yili dunyoda balog‘at yoshiga yetmasdan xomilador bo‘lib qolgan yetti milliondan ko‘proq qiz hayotdan ko‘z yumadi. Ularning ikki millioni 14 yoshgacha bo‘lgan qizlardir.

O‘zbekistonda voyaga yetmay turib homilador bo‘lib qolgan qizlar o‘rtasida o‘lim holatlari bo‘lgani to‘g‘risida ochiq ma’lumotlar mavjud emas.

Mutaxassis: "Maktablarda jinsiy tarbiya darslarini joriy etish kerak"

Xalqaro tashkilotlarning tashvishli hisobotlariga qaramay, O‘zbekiston maktablarida jinsiy tarbiya darslari haligacha mavjud emas.

““Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida da bolalarga jinsiy tarbiya berish va oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish nazarda tutilgan. Ammo maktablarda jinsiy tarbiya darslarini kiritish haqida hech bir qaror yoki qonunda nazarda tutilmagan. Shuning uchun maktablarda yilda bir necha marotaba faqat poliklinika shifokorlari, Oila markazlari va Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida qiz bolalar uchun tadbirlar o‘tkazib turiladi. Bu tadbirlarda qizlarni oilaga tayyorlash, erta turmushga chiqishning oldini olish va erta homiladorlikning oldini olish haqida gap bo‘ladi. Biroq o‘g‘il bolalar uchun bunday tadbirlar deyarli yo‘q”, dedi xalq ta’limi tizimida ishlovchi mutaxassislardan biri.

Unga ko‘ra, bu kabi tadbirlarni nafaqat qizlar orasida, balki o‘g‘il bolalar o‘rtasida ham o‘tkazish zarur.

“Aslida, maktablarda jinsiy tarbiya darslarining kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Milliy jihatlarimizni hisobga olib, bu darslarni qizlar uchun alohida, yigitlar uchun alohida o‘tkazilsa, bo‘laveradi. Jinsiy tarbiyaning mavjud emasligi ortidan qizlar homilador bo‘lib qolayapti, o‘g‘il bolalarda bepushtlik yuzaga kelishi mumkin. Jinsiy tarbiya fanining kiritilishi turli kasalliklarning oldini olishga ham katta xizmat qilgan bo‘lardi. Afsuski, bugungi kunda bu borada darsliklar ham, pedagog mutaxassislar ham yo‘q”, deb xulosa qildi xalq ta’limi tizimida ishlovchi mutaxassis.

XS
SM
MD
LG