Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:20

Tunda hojatxonaga chiqib¸ ko‘chada qolgan internat o‘quvchisi sovuq urish tashxisi bilan reanimatsiyaga yotqizildi


12 yoshli Sobitjoning oqyolarini sovuq urgan va o‘pkasi shamollagan. U hozir kasalxonada.
12 yoshli Sobitjoning oqyolarini sovuq urgan va o‘pkasi shamollagan. U hozir kasalxonada.

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 63-sonli yordamchi maktab-internatning 12 yoshli tarbiyalanuvchisi Sobitjon Ibrohimov reanimatsiyaga tushdi.

Aqliy rivojlanishi tengdoshlaridan orqada bo‘lgan bolalar yashab-o‘qiydigan bu internat o‘quvchisi 23 yanvarga o‘tar kechasi ko‘chadagi hojatxonaga chiqishi ortidan¸ eshigi qulflangan yotoqxonaga kirolmay¸ tuni bilan ko‘chada qolib ketgan.

Maktab rahbariyati jamoatchilikdan sir tutishga uringan bu voqea tafsilotlari Ozodlikka 30 yanvar kuni yetib keldi.

Shifokorlarga ko‘ra, Oqdaryo tuman shifoxonasida davolanayotgan Sobitjon Ibrohimovning ikki oyog‘ini sovuq urgan, o‘pkasi shamollagan.

-4 gradus sovuqda ko‘chada qolib ketgan bola

Ozodlikka voqea tafsilotlarini maxsus o‘rgangan samarqandlik faollarning xabar berishicha¸ Oqdaryodagi 63-sonli ixtisoslashgan maktab-internatning 5-sinf o‘quvchisi Sobitjon Ibrohimov 22 yanvar kuni kechqurun hojat uchun hovliga chiqqan.

Ammo u hojatxonadan qaytguncha¸ yotoqxona eshigi qulflangan va bola qancha harakat qilmasin, unga hech kim eshikni ochmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni navbatchi bo‘lgan tarbiyachi yotoqda barcha bolalar bor-yo‘qligini tekshirmay turib, tunda yotoqxona eshigini qulflab, uyiga ketib qolgan.

Oqibatda Sobitjon Ibrohimov bino tashqarisidagi chaylada uxlashga majbur bo‘lgan. Ob-havo ma’lumotida aytilishicha, 22 yanvar kuni tunda Samarqandda havo harorati -4 daraja sovuq bo‘lgan.

Sobitjonni ertalab soat 7 da ishga kelgan tarbiyachilardan biri topib olgan va tez tibbiy yordam chaqirgan. Bolaning og‘ir ahvolda ekanini e’tiborga olib, uni Oqdaryo tuman Shoshilinch tez tibbiy yordam klinikasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizishgan.

Shifokor: "Bolaning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda"

Tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddisi Ozodlik bilan 30 yanvar kungi suhbatda o‘smirning ahvoli hozirda o‘rtacha og‘irlikda ekanini ma’lum qildi:

- 63 - internat tarbiyalanuvchisi Sobitjon Ibrohimov 23 yanvar kuni ertalabki soat 7:50da gipotermik holat, tana haroratining me’yordagidan tushib ketishi, sovuq qotish holatida kasalxonaga olib kelingan. Ikkala oyog‘ining kiftlarining termik kuyishi tashxisi ham qo‘yilgan. Hozirda ahvoli o‘rtacha og‘ir¸ degan shifokor bundan boshqa ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Ozodlik muxbiri suhbatlashgan boshqa bir shifokor esa:

- Bolaninig shol bo‘lib qolish ehtimoli yo‘q, yurib ketadi. Oyoqlari muzlamagan, sovuq qotgan¸ xolos. Ammo o‘pkasi shamollagan. Reanimatsiyada bir kun yotganidan keyin oddiy palataga chiqarildi¸ -deb aytdi.

XTB rasmiysi: Tarbiyachi ishdan bo‘shatildi, maktab rahbariyati ogohlantirish bilan qutilib qoldi

Oqdaryo tuman Xalq ta’limi boshqarmasining o‘z ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mutasaddisiga ko‘ra, bu voqeadan mahalliy faollar xabar topishi ortidan maktab-internat rahbariyatiga nisbatan intizomiy chora qo‘llagan.

“Internatning rahbarlariga ogohlantirish berildi. Bolaning tashqarida qolib, muzlashiga sabab bo‘lgan tarbiyachi esa ishdan olindi. Ochig‘ini aytganda, maktab rahbariyati hamma aybni tarbiyachiga ag‘darib, o‘zlari oq bo‘lib ko‘rinishga harakat qilayapti. Internatda tarbiyachilar orasida mas’uliyatsizlik muhiti paydo bo‘lishiga, aslida, rahbarlar sababchi-ku”, - dedi mutasaddi.

O‘zbekistonda maktab-internatlar tarbiyachilariga noinsoniy munosabat avval ham kuzatilgan

O‘zbekistondagi maktab-internatlarda tarbiyalanuvchilarga tarbiyachilar va o‘qituvchilar tomonidan mas’uliyatsizlarcha¸ ayrim noinsoniy tarzda munosabatda bo‘linishi haqida Ozodlik bundan avval ham qator maqolalar chop qilgan edi.

Xususan, 2019 yilning 14 noyabrida Surxondaryo viloyat markazi Termiz shahridagi Ixtisoslashtirilgan olimpiya rezervlari maktab-internatining sambo bo‘yicha murabbiysi o‘quvchilarni urgani uchun ishdan bo‘shatilgan edi.

2019 yilning 18 aprelida Andijon viloyat, Jalaquduq tumanidagi 7- maktab-internat o‘qituvchisi Nurbek Usmonov 6-sinf o‘quvchisi Begzod Otabekovni kaltak bilan ayovsiz urgani haqida bolaning Turkiyada mehnat muhojirligida bo‘lgan onasi Ozodlikka shikoyat qilgan.

2018 yilning 25 oktabrida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumanidagi 5-sanatoriya maktab-internati o‘quvchilarining ko‘rpa-to‘shaklari paxta terayotgan harbiy xizmatchilarga berib yuborilgani, sil kasalligiga moyil bolalar esa kechasi bilan uxlolmay sovqotib chiqayotgani, shamollab kasal bo‘layotgani haqida xabar qilingan edi.

Bu voqea haqida Ozodlik xabar berganidan so‘ng Bosh prokuratura internatga boshqa ko‘rpa-to‘shaklar berilgani va bolalarning ko‘rpa-to‘shak bilan to‘liq ta’minlanganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG