Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:01

O‘zbekiston 1 fevraldan Xitoy bilan aviaqatnovni vaqtincha to‘xtatdi


O‘zbekiston koronavirus tarqalishi sababli 1 fevraldan Xitoy bilan aviaqatnovni vaqtincha to‘xtatdi.

Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Ayni paytda Xitoyning koronavirus tarqalgan hududlaridan o‘zbek vatandoshlarini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan.

Vazirlikka ko‘ra, o‘zbek vatandoshlarini Xitoydan qaytarish uchun maxsus charter reys qo‘yiladi.

Bundan avval O‘zbekiston Davlat turizm qo‘mitasi turoperatorlarga Xitoyga turlarni sotishni to‘xtatib turishni tavsiya qilgandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning koronavirus tarqalgan murakkab epidemik vaziyat hukm surayotgan hududida 72 nafar o‘zbekistonlik talaba mavjud, ular bilan O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi, Bosh konsulxonasi xizmati xodimlari hamda universitet ma’murlari doimiy muloqot olib bormoqda.

Dekabr oyining oxirida Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan virus qurbonlari soni 260 nafardan oshdi, kasallik 12 mingdan ortiq odamda aniqlangan.

Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti xavfli virus sabab favqulodda holat rejimini e’lon qildi.

Qirg‘iziston ham Xitoy bilan chegaralarni vaqtincha yopganini ma’lum qildi.

Qozog‘iston va Xitoy chegarasida qurilgan Xorgos xalqaro chegara markazi vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi.

Qozog‘iston, shuningdek, Xitoy bilan avtobus qatnovlarini ham to‘xtatdi.

Qozog‘iston hukumati 3 fevraldan boshlab, poyezd hamda havo qatnovlari to‘xtatilishini ham ma’lum qildi.

O‘zbekistonning yana bir qo‘shnisi Tojikiston Xitoy bilan bog‘liq cheklov kiritgani yo‘q. Tojikiston hukumati fuqarolarini Xitoyga safar qilmay turishlikka chaqirgan.

XS
SM
MD
LG