Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 02:31

Allamjonov-Mirziyoyeva tandemi yangi fondini jamoatchilikka taqdim qildi


Saida Mirziyoyeva

O‘zbekiston prezidentining qizi Saida Mirziyoyeva 2 fevral kuni yangi - Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondini jamoatchilikka taqdim qildi.

Muqaddam prezident ma’muriyati huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktori o‘rinbosari bo‘lgan Mirziyoyeva, endilikda, yangi fondning Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosaridir.

Avval AOKA direktori vazifasini bajargan Komiljon Allamjonov esa yangi jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi​.

2 fevral yakshanba kuni Toshkentda o‘tgan taqdimot marosimida so‘zlagan Saida Mirziyoyeva mamlakatda so‘z erkinligiga mustahkam asos yaratildi, dedi va bunda otasi - prezident Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarni olqishladi.

"So‘z erkinligiga mustahkam asos yarata oldik. Bu Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning natijasidir. Hozir o‘z ishining professionallarini birlashtirish vaqti keldi", deya iqtibos keltirdi Mirziyoyevadan daryo.uz nashri.

Ayni paytda, S. Mirziyoyeva prezidentning qizi bo‘lish oson emasligi haqida gapirdi.

"Prezidentning qizi bo‘lish — imtiyoz emas, juda ulkan mas’uliyat. Faoliyatim davomida ko‘p bora meni tanqidiy taqqoslash harakatlarini kuzatdim. Men mas’uliyatni chuqur his qilmoqdaman va jamoatchilikka foyda keltirish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman", deb va’da qilgan Mirziyoyeva.

Ushbu marosimda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov ham so‘zga chiqdi.

"Vazirlik va idoralarning matbuotga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarib, tan olish kerak, amaldorlar matbuot bilan hisoblashib ish ko‘radigan bo‘ldi. Endi ushbu jarayon va tizim mendan keyingi rahbarlar tomonidan to‘g‘ri va sifatli davom ettirilishi juda ham muhim", deb tavsiya qilgan K. Allamjonov.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondining ikki rahbari kelgusida jurnalist va blogerlarni qo‘llash, so‘z erkinligini mustahkamlash, O‘zbekiston imijini yanada yaxshilashni va’da qilmoqda.

Bunga qadar AOKA direktori vazifasini bajargan Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari bo‘lgan Saida Mirziyoyevalar 29 yanvar kuni o‘z arizasiga binoan agentlikdan ketgan edilar.

Shu kuni Dilshod Saidjonov agentlik direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

AOKA rahbari va o‘rinbosarining bir kunda ishdan ketishi tor doiralarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Ayniqsa, prezident qizining davlat ishidan nodavlat sektoriga o‘tishi ba’zi mustaqil fikrlovchi faollarda tashvish uyg‘otdi.

O‘shanday faollardan biri, toshkentlik bloger Anvar Nazir “Prezident qizi’, “Jamoatchilik fondi” kabi iboralar beixtiyor Gulnora Karimova va uning Forum fondini yodga solishini aytdi.

Komil Allamjonov 2018 yil noyabrida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi.

2019 yilning fevralida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Matbuot va axborot agentligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylantirildi va hukumatdan Prezident administratsiyasiga o‘tkazildi.

2018 yil oktabrida Allamjonov prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari - O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi lavozimidan ozod qilingan.

2019 yilning 12 aprelida Prezident Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktoriga o‘rinbosari etib tayinlangandi.

XS
SM
MD
LG