Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:08

Saudiya poytaxtida o‘zbek rassomi marmar haykal o‘rnatdi


Rassom Qorlixonov
Rassom Qorlixonov

Saudiya Arabistoni poytaxti Er-Riyod shahrida 64 yashar o‘zbek haykaltaroshi Nikolay Qorlixonov yaratgan marmar haykal o‘rnatildi.

Oq va qora marmardan yasalgan bo‘yi 4 va eni 3 metrlik haykal "Sonnecting" (“Qo‘shilish”) deb nomlangan. Er-Riyod shahrining diplomatik kvartalida o‘rnatilgan bu asar 10 yanvardan 30 yanvargacha Saudiyada bo‘lib o'tgan Ikkinchi haykaltaroshlik xalqaro simpoziumi davomida yaratilgan.

Haykaltarosh Nikolay Qorlixonov Ozodlik bilan suhbatda “Saudiyada haykal o‘rnatgan ilk o‘zbek rassomi bo‘lganidan faxrlanishini” bildirdi:

- O‘zbek haykaltaroshi sifatida Er-Riyod markazidagi haykalning muallifi bo‘lganimdan faxrlanaman. Haykalni ikkita yaxlit oq va qora marmar parchasidan yo‘nib yasadim. Haykalni yasashga 20 kun ketdi. Ammo bu mening Toshkent ijodiy muhiti deb atalmish qozonda qaynab pishganim 20 yillik izlanish mahsulidir. Bundan oldin Iroq poytaxti Bag‘dodda ham haykal o‘rnatgandim. Ammo ilk haykalim Toshkent markazida turganidan ko‘proq faxrlanaman.

Rassom Qorlixonovning Er-Riyodda o‘rnatgan asari
Rassom Qorlixonovning Er-Riyodda o‘rnatgan asari

Rassomning aytishicha¸ haykalni yaratish va o‘rnatish jarayonida Saudiya Arabistoni haykaltaroshlik kolleji va rassomlik universiteti talabalari alohida qiziqish ko‘rsatgan:

- Haykalni yaratish davomida Saudiyaning san’atsevar mulozimlari barcha sharoitlarni yaratib berdi. Ularning vizual estetika va ayniqsa haykaltaroshlik bobidagi nozik didiga qoyil qoldim. Haykalni ochilish jarayonida esa oddiy arablarning san’atga ijobiy qarashini kuzatdim. Ayniqsa skulptura kollejida o‘qiyotgan arab qizlarning men yasagan haykalga oshig‘ich e’tibor qaratganidan ta’sirlandim.

Er-Riyoddagi haykal nimani aks ettiradi

Dunyo musulmonlari talpinadigan Makka shahridan 800 km uzoqdagi Er-Riyod markazida o‘zbek haykaltaroshi o‘rnatgan haykal nimani aks ettiradi. Rassomning bu savolga javobi qisqa bo‘ldi:

- Bir-biriga zid qutblarning uchrashishi haqida bu haykal. Agar elektr tokining manfiy va musbat simlarini bir biriga tegizsangiz, uchqun chiqadi. Saudiyada o‘rnatgan haykalim ham ikki xil rangdagi marmar bo‘lagidan yasalgan ikki figura bir biriga tegingan payti aks etgan. Bu mavzu doim menga hamrox. Toshkent markazida o‘rnatganim “Yoshlik” degan kompozitsiyada erkak va ayolning bir-biriga teginib turgani aks etadi. Erkak va ayol ham bir biriga zid ikki qutb timsolidir.

Saudiya ochiqlikka intilmoqda

O‘zbekistonlik rassom ishtirok etgan Saudiyadagi Haykaltaroshlik xalqaro simpoziumi «bu mamlakatning dunyo tamadduni qadriyatlariga ochilayotganidan darak deydi¸ Saudiyaning marhum podshohi Fahd portretini o‘ziga qarab chizgan O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov:

- Avvalo do‘stim va kursdoshim Nikolayni bu muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Bu ayni paytda butun o‘zbek san’atining yutug‘i. Ikkinchi tarafdan esa, bu Saudiyaning ochiqlikka intilayotganidan darak. Men 1993 yilda Saudiyaning o‘sha paytdagi qiroli Fahd bilan uchrashib, uning portretini moybo‘yoq bilan chizganimda bu davlat rahbarlarining tasviriy san’at va vizual estetikaga jiddiy qiziqishini sezgandim. Umuman arab davlatlarida keyingi 5 yil mobaynida madaniy inqilob ro‘y bermoqda. O‘zbek haykaltaroshining Saudiya poytaxtida haykal o‘rnatishi bunga misoldir. Qorlixanovga tasanno!

Haykaltarosh Qorlixonov qatnashgan haykaltaroshlik simpoziumi Saudiyada ikkinchi marta o‘tkazilmoqda. Saudiya tarixida ilk haykaltaroshlik simpoziumi 2019 yilning martida dunyoning 23 taniqli haykaltaroshi ishtirokida ochilgan edi.

Chu vodiysida tug‘ilib Toshkentni “fatx” qilgan rassom

Ozodlik bilan suhbatda Nikolay Qorlixonov o‘zining ijodiy kamolotini qozoq va o‘zbek madaniyatining mushtarak ta’siri bilan izohladi:

- Men Qozog‘istonning Jambul viloyat, Chu tumanidagi Chu degan temir yo‘l bekatiga yaqin joyda tug‘ilganman. Bepoyon qozoq qirlarida onda-sonda uchraydigan qadim tosh haykallar men uchun ilk maktab bo‘ldi. Ammo meni yetishtirgan asosiy maktab Toshkentning ijodiy muhitidir. Men 1978 yilda Ostrovskiy nomidagi Toshkent Davlat teatr va rassomlik instituti haykaltaroshlik bo‘limini tugatdim. Bu katta maktab. Ammo ijodiy muhit undan ham katta maktab bo‘ldi. Do‘stlarim Bahodir Jalolov¸ Damir Ro‘ziboyev¸ Azamat Hatamov va boshqalar bilan birga Toshkentni madaniy “fatx”qildik. Rassomlar akademiyasi oldiga 1986 yilda men yaratgan marmar haykal o‘rnatilgani katta e’tirof belgisi bo‘ldi.

Keyingi 20 yil ichida rassom Qorlixonov Bangladesh¸ Iroq¸ Italiya va Rossiyada ijod qilib keladi.

- Rassom bitta davlat doirasida qola olmaydi. Shu bois butun dunyo men uchun ulkan ustaxonadir, - dedi asarlari o‘nlab davlat maydonlarini bezagan o‘zbek haykaltaroshi.

XS
SM
MD
LG