Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2020, Тошкент вақти: 08:16

Madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan Yuridik universitet binosining mehmonxonaga aylanish ehtimoli xavotir uyg‘otdi


Toshkent davlat yuridik instituti chor Rossiyasi arxitekturasi namunalaridan biridir.

O‘zbekiston poytaxtining qoq markazida joylashgan Toshkent davlat yuridik universiteti binosini xususiy tadbirkorga olib berish rejasi ustida ish bormoqda.

Bu yangilikni Toshkent hukumatidagi bir necha mulozim bir-biridan mustaqil tarzda Ozodlikka ma’lum qildi.

Chor Rossiyasi arxitekturasining yaxshi saqlangan sanoqli namunalaridan biri bo‘lgan Yuridik universitet binosi Toshkent timsollaridan biri sanaladi va u O‘zbekiston Madaniyat vazirligining moddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Yuridik universiteti ma’muriyatining Ozodlik bog‘langan mulozimlari¸ bunday rejadan o‘zlarini hozircha hech kim xabardor qilmagani va bunday xabarning amalga oshmaydigan tashabbus bo‘lib qolishiga umid bildirdi.

Davlat mulki imi-jimida “nomi yashirin” tadbirkorga berilish arafasida

Toshkent davlat yuridik universiteti binosining davlat tasarrufidan xususiy qo‘lga berilish ehtimoli haqida xabar qilgan hukumatga yaqin mulozimlardan biri bunday rejani davlat va xalq boyligiga tajovuz deb baholashini yashirmadi.

Yuridik universitet binosi ham boylarga tuhfa qilinayapti. Bu bino yaqinda davlat puliga remont qilingan edi. Bunday qaror bilan davlatning pulini yerga sovurishadi¸ xalqqa tegishli mulkni kimningdir xususiy boyligiga aylantirishadi”¸ dedi bu jarayonga yaqin toshkentlik mulozim.

Yuridik universitet binosining nomi ochiqlanmayotgan “investor”ga uni hashamatli mehmonxonaga aylantirish maqsadida berilayotganini O‘zbekiston hukumatining har-xil tizimlarida ishlovchi yana uch mulozimi ham tasdiqladi.

Ayni paytda ular¸ bu rejaning aynan qaysi bosqichda ekani¸ qachon va kim bu masalada qaror chiqarishi haqida hozircha aniq ma’lumotga ega emasliklarini bildirdi.

Universitetning xabari yo‘q?

Toshkent davlat yuridik universiteti ma’muriyatining 5 fevral kuni Ozodlik gaplashgan ikki mulozimi o‘zlarining bu xabarni birinchi marta eshitayotganini iddao qildi.

Sizdan eshitib turibman. Universitetga ajratilgan uchala bino ham davlat balansida. Sig‘im hududimiz katta¸ 4000 talabagacha o‘qishi mumkin. Uch yilcha bo‘ldi binomiz ta’mirdan chiqdi. Hozir hamma qishki sessiyaga tayyorgarlik bilan ovora. Universitet​ Adliya vazirligi tizimiga kiritilgan. Hozircha vazirlikdan bu haqda biror gap eshitganimiz yo‘q”¸ dedi universitet ma’muriyati rasmiylaridan biri.

Ozodlikka Yuridik universitet binosining xususiy tadbirkorga berilayotgani haqida xabar yuborgan mulozimlardan biri¸ bunday “xabarsizlik”ka ishonmaslikni tavsiya qildi.

Universitetda buni hamma biladi. Rektor joy qidirayapti. Bu O‘zbekistondagi remonti yaxshi bo‘lgan kam sonli universitetlardan biri. Bino ta’mirga muhtoj bo‘lganda va xususiy tadbirkor puliga ehtiyoj bo‘lganda¸ bu qadar kuyunmagan bo‘lardim. Bino mehmonxonaga moslashmagan. Yaxshi ahvolda bo‘lgan tarixiy universitetni mehmonxonaga aylantirish uning ma’lum qismlari buziladi¸ degani. Shuncha katta binoni mehmonxonaga moslashtirishga sarflaydigan puli bor tadbirkor¸ ana bo‘m-bo‘sh yotgan «Chorsu»ni olib ta’mirlasin! Yoki bir yildan buyon sotilmayotgan «O‘zbekiston» mehmonxonasini berishsin! Yo‘q¸ bularga tarixiy¸ yaxshigina ta’mirdan chiqqan bino kerak

Ozodlik bu mavzuda gaplashgan boshqa bir mulozim Yuridik universitetni ko‘chirish uchun taklif etilayotgan binolar orasida Toshkentdagi Aviasozlar madaniyat saroyi binosi borligini tilga oldi.

2013 yili Toshkent davlat yuridik universitetiga sovg‘a qilingani xabari chiqqan bu bino butun mol-mulki va 2 gektardan kattaroq yer hududi bilan ayni yili Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq Mudofaa vazirligi hisobiga o‘tkazilgan edi. Ochiq manbalardan bu binoning hozirda Mudofaa vazirligiga qarashli Konsertlar uyi deb atalishi va unda har xil tijoriy tadbirlar o‘tkazib kelinayotgani ko‘riladi.

Ozodlikka Yuridik universitet binosining xususiylashtirilishi haqida xabar bergan mulozimlar¸ bu timsoliy binoga ko‘z tikayotgan tadbirkor kimligini ochiq aytmadi. Ularning hammasi¸ bunday binoga faqat hokimiyatning eng tepasida o‘tirganlarga aloqador shaxs va guruhlargina og‘iz solishga jur’at qilishini aytish bilan cheklandi.

Yuridik universiteti binosi tarixi

Toshkentning Amir Temur maydonida joylashgan Toshkent davlat yuridik universiteti binosi chor Rossiyasi davrida qurilib¸ hozirgacha yaxshi saqlangan sanoqli ob’ektlardan biridir.

1875 yili arxitektor Yanchevskiy loyihasi asosida qurilgan bino¸ dastlab o‘g‘il bolalar¸ so‘ngra qiz bolalar ham o‘qiydigan gimnaziya bo‘lgan. Avvaliga ikki qavat bo‘lgan bu bino o‘tgan asrning 20-yillarida Markaziy Osiyo davlat universitetiga berilgan. Yangi qurilgan uchinchi qavatda bir muddat Toshkent avtomobil-yo‘l instituti ham joylashgan. 1955-1991 yillarda bu binoda Markaziy Osiyo davlat universitetining yuridik fakulteti faoliyat olib borgan. 1991 yili yuridik fakulteti institut¸ so‘ngra universitet (2013) maqomiga o‘tkazilganidan buyon bino ayni ta’lim muassasasi ixtiyorida qolmoqda.

Madaniyat vazirligi mas’ulining Ozodlikka bildirishicha¸ bu bino vazirlikning Madaniy meros departamenti tomonidan O‘zbekistondagi moddiy madaniy meros ob’ekti sifatida ro‘yxatga olingan.

Vazirlar Mahkamasining Moddiy madaniy meros ob’ektlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida 2019 yil 18 oktabrda qabul qilgan 881-sonli Nizomiga ko‘ra¸ bu ro‘yxatga kiritilgan ob’ekt savdo, esdalik sovg‘alari va hunarmandchilik buyumlari sotish, kompyuter, nusxa ko‘chirish va Internet xizmatlari ko‘rsatish, foto, video va ekskursiya xizmatlari ko‘rsatish kabi faoliyat turlari uchun bir yilgacha foydalanishga berilishi mumkin.

Nizomda¸ moddiy madaniy meros ob’ektining 5 yildan 30 yilgacha muddatga ijaraga berilishiga ham ruxsat berilgan¸ ayni paytda bunday ob’ektning sotuvga berilishi haqida gap yo‘q.

XS
SM
MD
LG