Линклар

Шошилинч хабар
04 апрел 2020, Тошкент вақти: 17:52

Ishchi-xizmatchilardan "qarindoshlarining kopiyasini taqdim etish" talab qilinmoqda


Qarindoshlar hujjatlaridan nusxa talab qilish aholi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish usuli sifatida baholanmoqda.

Samarqand viloyatida tibbiyot xodimlaridan yaqinlari: turmush o‘rtog‘i, bolalari, ota-onasi, aka-uka, opa-singillarining pasportlari nusxasini olib kelish va kadrlar bo‘limiga topshirish talab qilinmoqda.

Ozodlik radiosi viloyatning Toyloq tumanidagi shifokorlardan biridan olgan ma’lumotga qaraganda, tibbiyot xodimlariga buning sabablari tushuntirilmagan, bu haqda kim buyruq bergani aytilmagan.

Samarqand viloyat tibbiyot tizimida ishlovchi rasmiylardan biri bu ma’lumotni tasdiqladi, lekin nega bunday talab qo‘yilayotgani sabablarini bilmasligini aytdi.

Ayni paytda bunday holat «O‘zbekiston temir yo‘llari» shirkatining Bekobod stansiyasida ham yuz bermoqda.

Stansiyaning matbuotga gapirish vakolatiga ega bo‘lmagani uchun ismi sir qolishini iltimos qilgan rasmiysiga ko‘ra, bunday tadbir go‘yoki «Yagona milliy mehnat tizimi”ni yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda. “Aslida esa bundan maqsad odamlar ustidan nazoratni kuchaytirishdir”, deb aytdi rasmiy.

"Qarindoshlarimiz hujjatlarining nusxalari nega va kimga kerakligi aytilmayapti"

“Bir necha kun oldin men ishlaydigan ko‘p tarmoqli poliklinikada yig‘ilish o‘tkazilib, barcha xodimlardan turmush o‘rtog‘i, bola-chaqasi, ota-onasi, aka-uka, opa-singillarining pasportlari nusxasini olib kelish talab qilindi. Bu nima uchun kerakligini, kim tomonidan bunga buyruq berilganini aytishmadi. Lekin “Bu majburiy, olib kelmaganlarga intizomiy jazo choralari ko‘ramiz”, deb aytishdi”, deb ma’lum qildi Ozodlikka Samarqand viloyat Toyloq tumanidagi shifokorlardan biri 6 fevral kuni.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi mas’ul lavozimdagi rasmiylardan biri o‘z ismini aytmaslik sharti bilan tibbiyot xodimlaridan yaqinlarining pasport nusxalari yig‘ilayotganini tasdiqladi:

“Ha, yaqinlarimizning pasport nusxalarini olib kelish talab qilinayapti. Masalan, bizdagi xodimlardan biri boshqa viloyatdan kelin bo‘lib tushgan Samarqandga. U ham dam olish kunlari ota-onasining uyiga borib, ota-onasining, aka-uka va opa-singillarining pasport nusxalarini olib kelishi shartligi aytildi. Ammo bu buyruq qaerdan berildi, kim imzo chekdi unga, bu buyruq yozmami yoki og‘zakimi degan savollarga javob yo‘q. So‘rasak, yuqorining buyrug‘i deydi, tamom”, dedi mas’ul.

Mazkur tasdiq ortidan Ozodlik muxbiri bu voqea yuzasidan batafsil ma’lumot olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘landi. Biroq vazirlik matbuot xizmati bu borada hech qanday axborotga ega emasligini aytib, ma’lumot olish uchun kun davomida telefonlar go‘shaklarini ko‘tarmagan Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilishimiz kerakligini aytdi.

Temir yo‘lchilardan ham "qarindoshlar kopiyasini zudlikda taqdim etish" talab etildi

Mavzuni o‘rganish jarayonida bunday holat «O‘zbekiston temir yo‘llari» shirkatining Bekobod stansiyasida ham yuz berayotgani aniqlandi. Bekobodlik temir yo‘lchilardan birining aytishicha, 5 fevral kuni stansiyada yig‘ilish o‘tkazilib, boshliqlar har bir temir yo‘lchidan yaqinlarining pasport nusxalarini 15 fevralgacha topshirishni talab qilgan.

“Bizga bu majburiy ekanini, bu majburiyatni bajarmagan temir yo‘lchilar intizomiy jazolanishini aytishdi”, dedi temir yo‘lchilardan biri.

Stansiyaning matbuotga gapirish vakolatiga ega bo‘lmagani uchun ismi sir qolishini iltimos qilgan rasmiysi bu ma’lumotni tasdiqladi va Ozodlik radiosiga yig‘ilishda har bir temir yo‘lchiga tarqatilgan e’lon matnini taqdim etdi. Quyida e’lon matni tahrirsiz keltirilmoqda:

“EʹLON

05.12.2019 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yagona milliy mehnat tizim” (Edinaya natsionalnaya sistema truda)ning farmoyishi to‘g‘risida hamda 2020 yilning 07 yanvar kunidagi AJ “UTY” NZ X.N. Xosilovning 27-N sonli buyrug‘iga asosan, xamma ishlovchi ishchi-xodimlar zudlik bilan o‘zingizni pasportingiz, diplom yoki attestat maktabni bitirganligi xakidagi va oila a’zolaringizni xamda yakin karindoshlaringizni aka-ukalar, opa-singillar, kaynona va kaynotalarni xam pasport xamda metirkalarini (agarda vafot etgan bulsa ulimi xakida guvoxnomasi) 15-fevral 2020 yil kunigacha taqdim etilsin. Xamma ishchi xodimlarga suralgan yakin karindoshlarining kopiyasi (ta’kid Ozodlikniki) kamchiliksiz zudlik bilan kadrlar bo‘limiga takdim etilsin. 05.02.2020 yil”

Ozodlikka taqdim etilgan e’lon nusxasi.
Ozodlikka taqdim etilgan e’lon nusxasi.

Stansiyaning matbuotga gapirish vakolatiga ega bo‘lmagani uchun ismi sir qolishini iltimos qilgan rasmiysi bu holatga izoh berar ekan:

“Go‘yoki «Yagona milliy mehnat tizimi”ni yaratish maqsadida hujjatlar nusxalari yig‘ilayotganini aytishmoqda. Biroq kadrlar bo‘limi hech kimga 27-N sonli buyruqni ko‘rsata olmayapti, bu buyruqni hech kim ko‘zi bilan ko‘rmagan. Shuning uchun ayrim temir yo‘lchilar va rahbariyat o‘rtasida bu masalada janjallar chiqib turibdi”, deb aytdi.

Unga ko‘ra, temir yo‘lchilar uchun aytilgan hujjatlarni kadrlar bo‘limiga taqdim qilish qiyin emas, ammo...

“Ammo temir yo‘lda, xususan bizning stansiyamizda, boshqa strategik ahamiyatga ega ob’ektlarda spetsotdellar (Maxsus bo‘limlar) mavjud. Bu sovet tizimidan qolgan Osobiy otdellarga o‘xshagan, ya’ni har bir ishchi-xodimni, korxonadagi vaziyatni va iqtisodiy jarayonlarni nazoratda ushlab turadigan bo‘lim. Buni har bir temir yo‘lchi tushunadi va ko‘pchilik yaqinlarining hujjatlarini topshirishdan shuning uchun cho‘chimoqda. Bu ishchi-xodimlarning yaqinlari haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish orqali nazoratni kuchaytirish, spetsotdel hukumronligini kuchaytirsh harakati, deb hisoblayapmiz”, dedi rasmiy.

Bu masalada “O‘zbekiston temir yo‘llari” shirkati rahbariyatidan izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Namanganda ham shunday bo‘lgan edi

Ozodlik radiosi 2020ning 16 yanvarida Namangan shahrida xalq ta’limi bo‘limi o‘qituvchilarning barcha qarindoshlari pasport nusxalarini topshirish haqida shoshilinch ko‘rsatma bergani haqida yozgandi.

Bu topshiriqqa ko‘ra, o‘qituvchi ota-ona, farzandlari, aka-uka, opa-singillari va hatto qaynona-qaynotasining pasporti nusxasini topshirishi shart bo‘lgan. O‘qituvchilardan buning sababini so‘ramaslik iltimos qilingan.

Namangan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, kadrlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi o‘qituvchilardan qarindoshlarining pasportlari kopiyalarini topshirish talab qilinayotganini tasdiqlar ekan, buning sababini yangi elektron mehnat daftarchasi bilan bog‘lagan:

“Mehnat daftarchasini elektron bazaga kiritish maqsadida qilinyapti”.

O‘qituvchi qarindoshlarining, qolaversa qaynota-qaynonasining uning mehnat daftarchasiga qanday aloqasi bor, degan Ozodlik savoliga mulozim javob bermagan.

Qaror va qonunlar nima deydi?

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 dekabrda qabul qilingan “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi joriy qilinishini va uning ishlashini ta’minlashga doir tashkiliy chora-tadbirldar to‘g‘risida”gi qarorida elektron mehnat daftarchalari to‘plamidan iborat “Yagona milliy mehnat tizimi” ishchi-xodimlardan yaqinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy tarzda yig‘ish orqali shakllantirilishi nazarda tutilmagan.

Aksincha, qarorning 4- bandida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga qat’iy amal qilishga ko‘rsatama beriladi:

“Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Davlat statistika qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, AT Xalq banki «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarini inobatga olgan holda «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi vositasida «YaMMT» IDAK bilan idoralararo ma’lumot almashish bo‘yicha texnologik yo‘riqnomalarni ikki hafta muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar”.

Prezident Mirziyoyev 2019 yilning 2 iyulida imzolagan va o‘sha yilning 1 oktabridan kuchga kirgan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasida esa “Sub’ekt o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini berishni rad qilgan taqdirda, o‘zining rad qilishi sabablarini ko‘rsatmaslik huquqiga ega”, deb belgilangan.

Mazkur qonunning 20-moddasida:

- Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berish uchun sub’ektning yozma shakldagi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi roziligi talab etiladi.

- Sub’ekt muomalaga layoqatsiz bo‘lgan yoki uning muomala layoqati cheklangan taqdirda, uning qonuniy vakili sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun yozma ravishda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik beradi.

- Voyaga yetmagan sub’ektlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun ularning ota-onalari (vasiylari, homiylari), ular yo‘qligida esa vasiylik va homiylik organlari yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik beradi.

- Sub’ekt vafot etgan taqdirda, uning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun rozilikni, agar sub’ekt hayotligi chog‘ida bunday rozilikni bermagan bo‘lsa, uning merosxo‘rlari yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida beradi, deb ko‘rsatilgan.

XS
SM
MD
LG