Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 03:53

Ozarbayjonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi


Ozarbayjonda parlament saylovlari, Boku, 9 fevral, 2020 yil

Bugun Ozarbayjonda prezident Ilhom Aliyev chaqirig‘i bilan muddatdan avvalgi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi.

Saylovoldi kampaniyasida hukumat boshqaruvida bo‘lgan matbuotda barcha partiyalar haqida teng ma’lumot berilmagani uchun ayrim muxolif partiyalar saylovda qatnashishdan voz kechdi.

Ovoz berish uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 19:00da yopildi.

Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, saylovchilarning 44,84 foizi ovoz bergan. Dastlabki natijalar 10 fevral tongda e’lon qilinishi kutilmoqda.

Parlament saylovlari reja bo‘yicha 2020 yilning noyabrida o‘tkazilishi kerak edi. Ammo 5 dekabr kuni Aliyev parlamentni tarqatib yuborish va muddatdan avvalgi saylov kunini belgilashga oid farmonni imzoladi.

Aliyevning “Yangi Ozarbayjon” partiyasi prezidentning “islohotlar dasturini” amalga oshirish uchun parlament tarkibi o‘zgarishi kerakligini aytmoqda.

Ayni damda partiya a’zolari 125 a’zoga ega Milliy majlisdagi 65 o‘rinni egallagan.

Ammo tanqidchilarning aytishicha, partiya aslida parlamentdagi o‘rinlarning 2/3 qismini egallab, konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni hamda Aliyevning rafiqasi, birinchi vitse-prezident Mehribon Aliyeva keyinchalik prezident bo‘lishiga yo‘l ochishni istaydi.

Ayni damda Ozarbayjonda parlament vakolatlari cheklangan bo‘lib, asosiy boshqaruv prezident qo‘lidadir.

Aliyev 2003 yilda prezident etib tayinlanganidan beri mamlakat parlamentiga prezidentning yaqin hamkorlari yetakchilik qilib keladi.

Aliyev 2009 yilda referendum o‘tkazib, prezidentga qo‘yilgan ikki muddat cheklovini bekor qildi. 2016 yilda qayta referendum o‘tkazib, prezidentlik muddatini 7 yilga uzaytirdi.

Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi saylov uchun 5,2 million saylovchi ro‘yxatga olingan.

Saylov uchastkalaridan qonunbuzarliklar haqida xabarlar bo‘ldi. Ayrim uchastkalarda chiroq o‘chib qoldi, boshqalarida esa saylov jarayonini videoga yozib olish urinishlariga to‘sqinlik qilishgani xabar qilindi.

Saylovda 19 partiya nomzodlari qatnashdi. Ular orasida “Yangi Ozarbayjon” partiyasidan 123, “Musovot” muxolif partiyasidan 25, hamda “Umid” muxolif partiyasidan 21 nomzod bor.

Tahlilchilar bu yilgi saylov o‘zgacha ekanligini, sababi nomzodlar orasida mustaqil va “haqiqiy” nomzodlar borligini aytishmoqda.

Mustaqil nomzodlar dekabr oyida “Harakat” siyosiy blokini tuzgan. “Harakat” a’zolari orasida inson huquqlari faollari, huquqshunoslar, saylov kuzatuvchilari, blogerlar, feministlar, yosh faollar hamda siyosatchilar bor.

Bugungi saylovda 125 o‘rin uchun 1300 nomzod bellashdi.

Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Ozarbayjonda saylovlar erkin bo‘lmagan hamda fundamental erkinliklar cheklangan muhitda o‘tkazilayotganini aytib keladi.

Shuningdek, mamlakatda mustaqil nashrlar siquvga olinib kelinadi. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Aliyev matbuotdagi tanqidchilarga qarshi “ayovsiz urush” olib borayotganini aytib keladi. Tashkilotga ko‘ra, jurnalistlar va blogerlar tahdidlar, hujumlar yoki poralar ortidan fikrini o‘zgartirmasa, uydirma ayblovlar bilan qamalmoqda.

“Ozarbayjon milliy fronti” hamda “Demokratik kuchlar milliy kengashi” matbuot va to‘planish erkinliklari keskin cheklanganini aytib, bugungi saylovni boykot qildi.

Aliev o‘zi esa xalqaro kuzatuvchilar tanqidlarini rad etib, o‘z hukumati ochiq parlament saylovlarini o‘tkazish uchun barcha choralarni ko‘rganini iddao qilmoqda.

XS
SM
MD
LG