Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:40

Parkentda shilqimlik qilgan yigitni pichoqlagan yolg‘iz ona qamoqqa olindi


Illyustrativ surat. Parkentdagi hodisa O‘zbekistonda pichoq va tig‘li asboblarga qarshi kampaniya ketayotgan bir paytda ro‘y berdi.
Illyustrativ surat. Parkentdagi hodisa O‘zbekistonda pichoq va tig‘li asboblarga qarshi kampaniya ketayotgan bir paytda ro‘y berdi.

Toshkent viloyatining Parkent tumanida 4 fevral tunda ishdan qaytayotgan 28 yashar ayol yo‘lini to‘sib, unga gap otgan 22 yashar yigitni pichoqladi.

Oqibatda erkak olgan jarohatidan kasalxonada vafot etdi¸ ayol qamoqqa olindi.

Yaqin qarindoshlari iddaosicha, ayol o‘zini zo‘rlamoqchi bo‘lgan to‘rt erkakdan mudofaalanish maqsadida pichoq ishlatishga majbur bo‘lgan.

Parkent tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlikka pichoqlashuvga ayol va erkak o‘rtasidagi o‘zaro tortishuv sabab bo‘lganini aytdi.

IIB ushbu voqea yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi ochgan.

Hozirda tergov izolyatorida saqlanayotgan 28 yashar ayolning yaqin qarindoshlaridan biri tergov jarayoniga salbiy ta’sir qilishdan qo‘rqib¸ o‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi.

Tergov izolyatorida qolayotgan ayblanuvchi bilan bevosita uchrashganini aytgan bu suhbatdosh¸ voqea tafsilotlarini birinchi qo‘ldan eshitganini aytadi.

Uning iddaosicha, yosh ayol qorong‘u tunda ishdan qaytayotganda to‘rt erkak yo‘lini to‘sib¸ zo‘rlamoqchi bo‘lgan va shundan so‘ng ayol sumkasidan ochib yopiladigan pichoq chiqarib¸ o‘zini mudofaa etmoqchi bo‘lgan.

"Nimaga bunaqa bo‘ldi", deganimda "men ishdan kelayotgandim to‘rtta bola masxara qilib, yo‘limni to‘sdi. Qoch desam qochmadi, bittasi menga turtindi", dedi.

- Tajovuz qilganlar qolib, bular ikki farzandni tarbiyalayotgan yolg‘iz onani jinoyatchiga chiqarishayapti. Men u bilan tergov xonasida uchrashdim. "Nimaga bunaqa bo‘ldi", deganimda "men ishdan kelayotgandim to‘rtta bola masxara qilib, yo‘limni to‘sdi. Qoch desam¸ qochmadi, bittasi menga turtindi", dedi. Keyin sumkasidan ochilib yopiladigan tirnoq olish uchun ishlatiladigan kichkina pichoqni olgan. Yigitlardan biri unga tashlangan paytda shu pichoq ko‘kragiga kirib ketgan, - deydi ayolning qarindoshi.

Parkent tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi dastlabki surishtiruv jarayonida ayolni jinsiy zo‘rlashga urinish bo‘lgani haqidagi iddaolar tasdiqlanmaganini aytdi.

Bu yerda zo‘rlash urinishi bo‘lmagan. Pichoqlashuv o‘zaro tortishuv ustida bo‘lgan.

- Bu yerda zo‘rlash urinishi bo‘lmagan. Pichoqlashuv o‘zaro tortishuv ustida bo‘lgan. Ayol 22 yoshli erkakning ko‘kragiga pichoq urib, voqea joyidan qochgan. Yigit kasalxonada vafot etdi. Hozir tergov davom etayapti. Ayol 1-tergov hibsxonasiga o‘tkazildi, - dedi Parkent tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi.

Ayolning qarindoshlari Ozodlik bilan suhbatda IIB tergovchilari yolg‘iz ona bo‘lgan yosh ayolning oldin ham jinsiy tajovuz qurboni bo‘lgani faktini inobatga olmayotganini aytadi.

- Dekabr oyida ham bir erkak zo‘rlamoqchi bo‘lgandi. Boshi ochiq, eridan ajrashgani uchun shunaqa holatlar bo‘lyapti-da. O‘shanda militsiyaga shikoyat qilganmiz. Haligi erkakning qarindoshlari yalinib kelganidan so‘ng, arizani qaytib olganmiz. O‘sha holatdan keyin pichoq olib yuradigan bo‘ldi. O‘zi Toshkentda Tekstil fabrikasida ishlaydi, yarim tunda ishdan qaytadi, yo‘llar qorong‘i. Boshqa nima bilan tajovuzkorlardan mudofaalanish mumkin, - deydi ayolning qarindoshi.

Tergov jarayonida ayblanuvchi haqlarini himoya qilishga urinayotgan jamoatchi advokat Ruhiddin Komilov ham tergovning yopiq o‘tkazilayotgani va mijozi bilan uchrashishga to‘sqinlik qilinayotgani ko‘plab savol tug‘dirayotganini aytadi.

Agar bu ayolni gapidan kelib chiqiladigan bo‘lsak zaruriy mudofaa bo‘lyapti. Zaruriy mudofaa maqsadida kimdir kimgadir shikast yetkazsa yoki o‘ldirsa javobgarlikka tortilmaydi

- Tergovchilar hamma narsani bekitishayapti. Agar bu ayolning gapidan kelib chiqadigan bo‘lsak¸ zaruriy mudofaa bo‘layapti. Zaruriy mudofaa maqsadida kimdir kimgadir shikast yetkazsa yoki o‘ldirsa javobgarlikka tortilmaydi, - deydi Ruhiddin Komilov.

Advokat fikricha, ayollarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik jazosiz qolayotgani bois bunday jinoyatlar ko‘payib bormoqda.

- Bu holatda ham ko‘rayapmiz, ayol kishi, ikki farzandning onasi bekorga pichoq ko‘tarmaydiku! Tajovuzkorlar qolib, ayolni jinoyatchiga chiqarishayapti, - deydi Komilov.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi ayollarning, taxminan, har beshtadan biri hayotida hech bo‘lmaganda bir marotaba jinsiy zo‘ravonlikka duch keladi.

BMT hisobotida xususan¸ aksar qurbonlar o‘zining aynan qorong‘i tunda begona erkaklar tomonidan zo‘rlanganini aytgani qayd qilinadi.

Xotin-qizlar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar¸ qolaversa¸ ruhshunoslar¸ O‘zbekiston kabi konservativ davlatlarda jabrlangan ayollar ko‘pchiligining badnom bo‘lishdan qo‘rqib¸ bunday tajovuz haqida lom-mim demasligidan bong urib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG