Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:53

Jurnalist Davlat Nazarni bosib o‘ldirgan haydovchi ustidan hukm o‘qildi. U 3 yilga ozodlikdan cheklandi


Xorazmlik jurnalist Davlat Nazar o‘tgan yilning 6 noyabrida mashina urib ketishi oqibatida o‘lgandi.
Xorazmlik jurnalist Davlat Nazar o‘tgan yilning 6 noyabrida mashina urib ketishi oqibatida o‘lgandi.

19 fevralda Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi xorazmlik jurnalist Davlat Nazar (Davlatnazar Ro‘zmetov)ni mashinasida urib o‘ldirgan haydovchi Umidbek Saparovga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Shuningdek, sud Saparovni 1,5 yil davomida mashina haydash huquqidan ham mahrum qildi.

Advokat Sherzod Qurbonovga ko‘ra, sudya sudlanuvchi Saparovga nisbatan yengil jazo tayinlar ekan, uning Davlat Nazar oilasiga moddiy yordam berganini inobatga olgan.

Xorazmdagi og‘riqli mavzularni yoritib kelgan jurnalist Davlat Nazar 6 noyabr oqshomida mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘lgan edi.

48 yashar Davlat Nazar keyingi ikki yil ichida tanqidiy qarashlari sabab bir necha bor hibsga olingan.

Ozodlik bilan yaqin hamkorlik qilib kelgan Davlat Nazar keyingi paytda muntazam kuzatuvda ekani haqida aytgandi.

Sud hukmi

19 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudida o‘tgan yilning 6 noyabrida mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘lgan jurnalist Davlat Nazar ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi.

Uch oydan buyon hibsda ushlab turilgan haydovchi - jurnalistni urib ketgan mashina egasi 41 yashar Umidbek Saparov sud zalida ozod qilindi.

Bu haqda Saparovning advokati Sherzod Qurbonov Ozodlikka ma’lum qildi:

- Saparov Umidbekning bugun sudi bo‘ldi. U hibsda ushlab turilgandi. Sudda Davlatnazarning turmush o‘rtog‘i Leninza Aliyeva “sudlanuvchi Saparov unga haqiqatan pul harajatlarini to‘lab berganini aytib, uning ikki yosh bolasi bor ekan, shuning uchun bu yigitni qamamang, bu yigit ozodlikka chiqib, mening bolalarim oyoqqa turishiga yordam bersin, uning qamoqda o‘tirganidan menga hech qanday naf yo‘q”, deb ariza berdi. Shundan keyin sud Saparovga uch yil ozodlikdan cheklash jazosini tayinlab, qamoqdan chiqardi bugun. Yana sud Saparovni 1 yilu olti oy muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qildi.

O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, ozodlikni cheklash sud tomonidan mahkumga nisbatan yashash joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoki sutkaning muayyan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat.

Hibs va qamoqlar

Xorazmdagi og‘riqli mavzularni yoritib kelgan jurnalist Davlat Nazar 6 noyabr oqshomida mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘lgan edi.

Davlat Nazar taxallusi bilan ijod qilgan qo‘shko‘pirlik 48 yashar Davlatnazar Ro‘zmetov oldin “Yoshlar ovozi” gazetasining Xorazm viloyati bo‘yicha muxbiri bo‘lgan.

Keyinchalik u “Xorazm yoshlari” gazetasida faoliyat yuritdi.

So‘nggi paytda u "Jamiyat" ijtimoiy-siyosiy gazetasi​ muxbiri sifatida faoliyat yuritgan.

U o‘zining Feysbukdagi sahifasida O‘zbekistonda bo‘layotgan voqealarga faol fikr bildirishi bilan ham mashhur edi.

Davlat Nazar O‘zbekiston hayotida muxim bo‘lgan voqea ya’ni Urganch shahar Ashxobod ko‘chasidagi uyi buzilganlar namoyishi haqida Ozodlikka ma’lumotlarni yetkazgani ortidan muammolarga duch kelgani ma’lum.

O‘limidan oldin u bloger Shabnam Olloshukurovaning ruhiy dispanserga joylashtirilgani haqidagi ma’lumotlarni tarqatgani ortidan tazyiqqa uchragani haqida Ozodlikka aytgandi:

"Hozirgina AQSh elchixonasi siyosiy masalalar bo‘yicha birinchi kotibi Reychel Vulf xonim bilan uchrashdik. Uchrashuv jarayonida diplomat xonim bilan O‘zbekistonda so‘z erkinligi, demokratik jarayonning rivojlanishi,inson huquqlari hamda jurnalist va blogerlarga ayrim organ va tashkilotlar tomonidan bo‘layotgan bosimlar, ta’qiblar xususida, jumladan, o‘zimga bo‘layotgan ta’qiblar hamda majburiy tarzda ruhiy kasalliklar shifoxonasida saqlanayotgan Nafosat Olloshukurova xususida suhbatlashdik", deya xabar yo‘llagandi Davlat Nazar o‘limidan bir necha kun avval.

Davlat Nazar tanqidiy maqolalari va muxolif qarashlari sabab keyingi ikki yil ichida bir necha bor qamoqqa tashlandi.

Joriy yilning 5 oktabr kuni paxtada majburiy mehnat masalasini yoritib kelgan Davlat Nazar hibsga olinib, Urganch militsiya bo‘linmasida besh soat ushlab turilgach qo‘yib yuborildi.​

O‘tgan yilning 29 oktabr kuni "Xorazm yoshlari" gazetasi muharririning o‘rinbosari sifatida ishlayotgan paytida Davlat Nazar paxtaga oid yig‘ilishni yoritmoqchi bo‘lgani uchun hibsga olindi.

Qo‘shko‘pir tuman hokimligining paxta bo‘yicha yig‘ilishini videotasvirga olayotgan paytda olib ketilgan Davlat Nazarni sud mayda bezorilikda ayblab, 7 sutkaga qamadi.

O‘sha paytda jurnalist Davlat Nazar militsiya xodimlari uni kaltaklab, majburan iqrornoma yozdirib olishgani haqida gapirgandi.

Журналистни хотирлаб: Бошпанасиз оила, ота изидан кетмоқчи болалар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:03 0:00

XS
SM
MD
LG