Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:51

Yaponiyada Diamond Princess kemasining ikki sobiq yo‘lovchisi koronavirusdan o‘ldi


Karantindagi Diamond Princess kemasi.
Karantindagi Diamond Princess kemasi.

Yaponiyada koronavirus tarqalgan Diamond Princess kruiz kemasining ikki sobiq yo‘lovchisi halok bo‘ldi.

80 yoshlardagi ikki yo‘lovchi o‘tgan haftada kemadan shifoxonaga olib ketilgan. Kema bortidagi 600 dan ortiq yo‘lovchiga virus yuqqani aytilmoqda.

Yo‘lovchilarning biri koronavirus yuqtirishidan oldin bronxial astmadan aziyat chekib kelgan. Ikkinchi yo‘lovchining esa boshqa kasalliklari bo‘lmagan. Shifokorlar har ikkisi o‘limining to‘g‘ridan-to‘g‘ri sababchisi pnevmoniya bo‘lganini ma’lum qilishdi.

Yokohama portida langar tashlagan kema koronavirusning Xitoydan keyin ikkinchi eng yirik o‘chog‘idir. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, kema bortidagi yo‘lovchi va ekipaj a’zolarining 621 nafari virusni yuqtirgan.

Chorshanba kuni 443 nafar yo‘lovchi 14 kun davomida hech qanday simptom ko‘rsatmagani hamda ular tanasida COVID-19 virusi aniqlanmagani uchun kemadan tushdi. Payshanba kuni yana bir guruh yo‘lovchi qo‘yib yuborildi. Barcha yo‘lovchi kemani tark etishi uchun uch kun kerak bo‘lishi aytilmoqda.

Ammo yo‘lovchilarda virus aniqlanmagan bo‘lsa-da, ular Yaponiya shaharlarining gavjum ko‘chalarida bemalol aylanib yurgani ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Mahalliy gazetalardan biri bir yo‘lovchi test topshirganidan keyin to‘rt kun o‘tib qo‘yib yuborilganini, bu vaqt ichida virusni yuqtirgan bo‘lishi mumkinligi haqida o‘zi ham shubhalanayotganini xabar qildi.

Kema 5 fevral kuni Hongkongda tushib qolgan yo‘lovchida koronavirus aniqlanishi ortidan karantinga olingan edi.

Yo‘lovchilar asosiy vaqtni o‘z kayutalarida o‘tkazishdi. Ammo yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis kema bortida pala-partish karantin choralarini tanqid qildi. Kentaro Ivata kema bortida yozib olgan videosini yoyinladi, ammo uni keyinchalik o‘chirib tashladi. Bu orada video yuz minglab marta ko‘rildi.

Oradan ko‘p o‘tmay Ivata kema bortida karantin sharoiti yaxshi tomonga o‘zgarganini ta’kidladi. Ammo u kemani tark etgan yo‘lovchilar 14 kun uyda o‘tirishi kerakligini aytdi.

Yaponiya rasmiylari esa yetarlicha ehtiyot choralar ko‘rilganini aytishmoqda. Xususan, hukumat Yuqumli kasalliklar milliy instituti tayyorlagan hujjatni e’lon qildi. Unda kema bortida COVID-19 virusi karantin choralari ko‘rila boshlanganidan avval tarqalganini ko‘rsatuvchi dalillar topilgani aytiladi.

“Karantin choralari yo‘lovchilar orasida virus tarqalishini cheklashda samarali natija ko‘rsatdi,” deya xulosa qilindi hisobotda.

1045 nafar ekipaj a’zosi yo‘lovchilar tark etganidan keyin yana 14 kun karantinda qolishi aytilmoqda.

Bir necha davlat Diamond Princess bortidagi fuqarolarini evakuatsiya qilib, vatanlarida 14 kunlik karantinga oldi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG