Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 13:35

Rossiyaga oid akkauntlar koronavirus bo‘yicha soxta axborot tarqatishda ayblandi


Ishchi COVID-19 koronavirusi tarqalishiga qarshi kurash kampaniyasi doirasida Xitoyning Nanchang shahridagi temiryo‘l stansiyasini dezinfeksiya qilmoqda.

Qo‘shma Shtatlar rasmiylari aytishicha, Rossiya bilan bog‘liq minglab ijtimoiy tarmoq akkauntlari COVID-19 bo‘hroni haqida xavotir uyg‘otish va noto‘g‘ri axborot tarqatish muvofiqlashtirilgan xatti-harakatlarni boshlagan.

22 fevralda Davlat departamentining Rossiya tarqatayotgan soxta axborotga qarshi kurashayotgan xodimlari bildirishicha, Twitter, Facebook va Instagram singari ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar orqali bir necha tillarda xabarlar tarqatilmoqda.

‒ Rossiyaning maqsadi maxfiy va majburiy kampaniyalar yordamida yovuz niyatli ta’sir ko‘rsatish bilan AQSh muassasalari va ittifoqchilari o‘rtasiga nifoq solish va ular ichida fitna uyushtirishdir, ‒ dedi AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Filip Riker.

Riker qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bilan bog‘liq akkauntlar “sog‘liqni saqlash sohasidagi javob choralaridan chalg‘itib, yana bir marta ijtimoiy xavfsizlikka tahdid qilish yo‘lini tanlamoqda”.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova AQSh bayonotini “atay tarqatilgan soxta xabar” deya qoraladi.

AQSh rasmiylari bayonotiga ko‘ra, kampaniya vaqtida go‘yo COVID-19 koronavirusini keltirib chiqaruvchi virusni Markaziy razvedka boshqarmasining “Xitoy bilan iqtisodiy urush olib borish” yoki G‘arb mamlakatlarining “Xitoyni yomonotliq qilish” uchun ishlab chiqilgan biologik quroli ekani haqidagi asossiz xabarlar tarqatilgan.

Davlat departamentining Global hamkorlik markazida tayyorlangan hisobotda aytilishicha, bir necha ming onlayn akkauntlarga COVID-19 bo‘hroni xususida “deyarli bir xil” xabarlar joylangan.

Ularning aksariyati orqali ilgari Suriyadagi urush yoki Fransiyadagi “sariq nimchalilar” deb ataluvchi norozilik namoyishlarida Rossiyani yoqlovchi xabarlar tarqatilgan edi.

Akkauntlarda deyarli bir vaqtda ingliz, italyan, nemis va fransuz tillarida xabarlar joylashtirilmoqda, ularni Rossiya proksi-serverlari orqali kuzatish mumkin, deyiladi hisobotda.

Ular ko‘pincha Rossiyaning RT va “Sputnik” axborot mahkamalari tarqatayotgan xabarlarga o‘xshashligi aytilayapti.

Frans-Press axborot agentligining ismini oshqor qilmagan Davlat departamenti xodimiga iqtibosan bildirishicha, Rossiyaning maxfiy agentlariga Qo‘shma Shtatlarga qarshi axborot hujumi uyushtirish uchun “kart-blansh” – vakolat berilgan ko‘rinadi.

AQSh amaldorlari noto‘g‘ri axborot tarqatish kampaniyasi mamlakatlarda sog‘liqni saqlash sohasidagi bo‘hronga qarshi kurashini murakkablashtirishini, chunki Afrika va Osiyodagi mamlakatlar G‘arb mamlakatlarning bu boradagi sa’y-harakatlaridan qo‘rqib qolganini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG