Линклар

Шошилинч хабар
03 апрел 2020, Тошкент вақти: 06:15

Koronavirus: Toshkent bozorlarida narxlar oshdi, qo‘shnilarda tovar zahirasi tugamoqda (VIDEO)


Toshkent Chorsu bozori, 10 fevral, 2020 yil

Toshkentdagi yirik ulgurji bozorlarda Xitoydan keladigan tovarlar narxi 5 foizgacha ko‘tarildi.

Savdogarlar qo‘shni Qirg‘iziston Xitoy bilan savdo yo‘lini to‘sgach, tovar kelishi sekinlashgani, shu bois, narxlar ham biroz oshganini aytmoqda.

Xitoy tovarlari narxini 5-10 foizga qadar ko‘targan qo‘shni Qirg‘iziston savdogarlari ombordagi tovar zahirasi tugab borayotganidan xavotirga tushmoqda.

"O‘rikzor"da narx oshdi

Toshkentdagi yirik "O‘rikzor savdo kompleksi" - xalq orasida "O‘rikzor" ulgurji bozori deb nomlanuvchi bozorda savdo qiladigan tadbirkor joriy vaziyatning mavhumligi bois¸ o'z tovarlari sotuv narxini 5 foizga oshirishga majbur bo‘lganini aytadi.

"100 minglik molga 5 ming qo‘yishga majbur bo‘ldik. Xitoydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mol kelmay qolgani uchun kunimiz "ob’yezdchilar" (noqonuniy yo‘l bilan - tahr.)ga qoldi. Ular hozirgi vaziyatda narxni oshirdi", deydi tadbirkor.

Unga ko‘ra, bozorda xaridorlar ham siyraklashgan, savdo ham o‘tgan yilning ayni davriga nisbatan sustlashgan.

"Koronavirusdan qo‘rquv bozorda ham bor. Har yili 8 mart arafasida savdo qizirdi. Bu yil odam kam. Shuning uchun ortiqcha narxni bozor ham ko‘tarmaydi. Lekin, hammamizda qo‘rquv bor - tovar zahirasi tugasa, nima qilamiz - bilmaymiz", dedi tadbirkor.

"O‘rikzor" ulgurji bozoridagi tovarlarning qariyb 60 foizi - qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘iston orqali - Xitoydan keladi.

"O‘rikzor" - Toshkent va uning atrofidagi ichki bozorlarni ham asosiy iste’mol mahsulotlari va kiyim-kechak bilan ta’minlovchi yirik ulgurji bozor hisoblanadi.

Bu bozorga "ob’yezdchilar" Xitoy tovarlarini olib kela boshlaganiga oid tafsilotlar hozircha Ozodlikda yo‘q. Ayni paytda, Qirg‘iziston chegara qo‘shinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonga Xitoy tovarlari o‘tadigan chegara-o‘tkazish punktlarida yuk qatnovi hech bir cheklovlarsiz davom etmoqda.

Qurilish mollari narxi ham oshdi

Toshkentdagi qator qurilish tovarlari bozorlarida ham narxlar 25-30 foizgacha oshgani aytilmoqda.

Savdogarlar bu bozorga ham Xitoydan tovar kelmayotganini narx oshishiga sabab qilib keltirmoqda.

"Oboy, kafel va hokazo mahsulotlarning narxi 25-30 foizgacha qimmatlagan. Vahima yo‘qku, lekin do‘konchilar mahsulot olib kelish uchun Xitoydan boshqa davlatlarni qidirishni boshlashgan", dedi bu bozorlardagi vaziyatdan xabar olgan Toshkentdagi mobi muxbir.

Qirg‘izistonda zahira tugayapti

Xitoyda koronavirus tarqalishi ortidan Qirg‘iziston 24 yanvar kuni Xitoy bilan chegaralarini butunlay yopgan edi.

Natijada, Xitoydan O‘zbekistonga boradigan tovar yo‘li ham to‘sildi.

Tadbirkorlarga ko‘ra, hozircha O‘zbekistonga qirg‘iz savdogarlarining zahirasidagi Xitoy tovarlari kelmoqda va qo‘shnilar narxni biroz oshirgan.

Shu kunda, O‘zbekistondagi bozorlarni Xitoy tovarlari bilan ta’minlayotgan ikki yirik bozor - Qirg‘iziston janubidagi "Qorasuv" va shimolidagi "Dordoy" ulgurji bozorlarida narxlarning 5-10 foizgacha oshgani kuzatildi.

Qirg‘iz savdogarlari Ozodlikka har yili Grigoriy va Xitoy Yangi yil bayrami arafasida yanvar va fevral oylarida sotiladigan tovar-mahsulotlarni Xitoydan oldindan olib kelishlari bois¸ ikki oylik zahira borligini aytadi.

Ularga ko‘ra¸ Qirg‘izistondagi bozorlarda hozir ushbu zahira hisobiga savdo odatdagi tartibda davom etmoqda, ammo bu zahiraning mart o‘rtasi - aprel boshiga qadar tugashi kutilmoqda.

Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligining Hududlararo hamkorlik boshqarmasi rahbari Zaynidin Jumaliyevga ko‘ra, qo‘shni Xitoydan yiliga 2 milliard dollarlik tovar-mahsulot mamlakatga kirib keladi.

"Hozir ikki tarafdan ham birdek tovar kirayotgani ham yo‘q, chiqayotgani ham yo‘q. Xitoydan tovar olib kelayotgan fuqarolarni 15-yanvargacha qaytarib olib kelganmiz. Hozir aviatsiya orqali tovar kelishi ham to‘xtagan. Hozir faqat poyezd orqali tovar olib kelish mumkin", dedi 21 fevral kuni vazirlik rasmiysi.

Qirg‘iziston rasmiysi Xitoydagi karantin taxminan 2-3 oyga cho‘zilishi taxmin qilinayotgani, bu orada mavjud asosiy iste’mol tovarlarini Rossiya, Turkiya va Qozog‘istondan keladigan mahsulotlar bilan qoplash yo‘llari ko‘rib chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.

Xitoyga yo‘llar yopilgan

Xitoyda COVID-2019 - yangi koronavirus epidemiyasi boshlanishi ortidan Qirg‘iziston 24 yanvar kuni Xitoy bilan chegaralarini tamomila yopib qo‘ydi.​

27 yanvardan avtobus qatnovi, 1 fevraldan esa, poezd qatnovi va aviaparvozlarni to‘xtatib qo‘ygan Qozog‘iston, hozircha tovarlar qatnovini to‘xtatgani yo‘q.

O‘zbekiston esa 1 fevraldan Xitoy bilan aviaqatnovni vaqtincha to‘xtatib, bu davlatdagi o‘zbekistonliklarni maxsus reyslar bilan vataniga qaytardi.

XS
SM
MD
LG