Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2020, Тошкент вақти: 00:08

Ota-ona va o‘qituvchilar: Olmaliq hokimligi maktablarga bozor narxidan 5 baravar qimmatga ko‘chat sotmoqda!


Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida o‘qituvchi va o‘quvchilarning ota-onalari maktablarni obodonlashtirish uchun archa va mevali ko‘chat sotib olishga majburlanmoqda.

Olmaliqdagi ayrim maktab rahbarlari Ozodlik bilan suhbatda ko‘chat sotib olish va buning uchun ota-onalardan pul yig‘ish shahar hokimligi va Xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari buyrug‘i bilan borayotganini bildirdi.

Ozodlikning bu ma’lumotga izoh so‘rab qilgan murojaatiga Olmaliq shahar hokimligi va Xalq ta’limi bo‘limi rasmiylari javob bermadi.

Ikki farzandi Olmaliq shahridagi 2-sonli maktabda o‘qiydigan ota-onalardan biri Ozodlikka archa uchun har bir o‘quvchiga 5 ming so‘mdan o‘lpon solinganini aytdi.

- Har bir sinfga 5 donadan archa, 5 donadan mevali ko‘chat, 2 donadan sadaqayrag‘ochdan soliq solinmoqda. Har bir o‘quvchi 5 ming so‘mdan olib kelishi kerak ekan. Bolalarimiz pul so‘rab holu jonimizga qo‘yishmayapti. Kecha kinoga deb 2500 so‘mdan zam. direktor pul yiqqan. Endi ko‘chat uchun, deyapti. Har hafta nimagadir pul olishadi. Bularni nazorat qiladigan tashkilot bormi? Biz ota-onalarga yordam bering, ota-onalarning tinkasiini quritayapti bu yig‘a-yig‘lar, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan onalardan biri.

Mavzuni o‘rganish jarayonida Ozodlik Olmaliqdagi qator maktab direktori va muallimlari bilan gaplashdi va suhbatlar davomida ko‘chat uchun pul yig‘ishning faqat 2-son maktab emas, balki butun shahar maktablarida bo‘layotganini aniqladi.

Ozodlik bog‘langan ta’lim mutasaddilari, maktablarni obodonlashtirish uchun ko‘chat ekish tadbirining shahar hokimligi va xalq ta’limi bo‘limi buyrug‘i bilan boshlanganini ta’kidladi.

Ota-onalar esa¸ ko‘chatlarning faqat shahar hokimligining o‘zidan bir necha baravar qimmatga olish majburiyligini qo‘shimcha qildi.

- Bozorda 5 ming so‘m turadigan ko‘chatni bular 25-30 ming so‘mdan oldirayapti. Har bir sinfga beshta ko‘chat olish aytilgan. Unaqa- bunaqa ko‘chat bo‘lmas ekan, faqat hokimlik ajratgan ko‘chatni sotib olish kerak ekan. Har bir bola 5 ming so‘mdan olib kelishi shart deyilayapti. Bizning maktabda ixtiyoriy, degan narsa yo‘q. Ixtiyoriy deb aytilsa ham shunga majbur bo‘ladi, ota-ona. Chunki, “nega pul olib kelmading?”, deb tengdoshlari oldida farzandlari izza qilinishini hech kim istamaydi. So‘ralayotgan bu pullar kimlar uchundir arzimasdir, lekin uch-to‘rttadan farzandi borlar uchun katta pul, - deydi farzandlari Olmaliqdagi 3-sonli maktabda o‘qiydigan ota-onalardan biri.

Olmaliq tumanidagi maktablarga hokimlik bosimi ostida majburan o‘tkazilayotgan archa ko‘chatlarini aynan qaysi agrofirma sotayotganiga oid ma’lumot Ozodlikda hozircha yo‘q.

Ozodlik ota-onalarning bu iddaolari yuzasidan izoh so‘rab Olmaliq shahar hokimligi va Xalq ta’limi bo‘limiga bog‘landi.

Telefonda gaplashgan mahalliy rasmiylar bu haqda izoh berilmasligini aytish bilan¸ suhbatni qisqa qildi. Xalq ta’limi vazirligi saytida keltirilgan matbuot xizmati telefon raqamlariga qilingan qo‘ng‘iroqlarga esa 25 fevral kuni hech kim javob bermadi.

Olmaliqdagi 4-son maktab direktori Tursunoy Jalilova ko‘chatga pul o‘qituvchi va ota-onalardan ixtiyoriy ravishda yig‘ilayotganini iddao qildi.

- Har bir o‘qituvchi, o‘quvchi maktabni obodonlashtirish uchun hissasini qo‘shishi kerak. Juda qurbi yetmasa, bog‘ida biron ko‘chat bo‘ladiku, daraxtlarni yonidan chiqqan, shu ham bo‘ladi. Shahar hokimligidan buyruq kelgan. Lekin majburiy emas, ixtiyoriy, dedi Tursunoy Jalilova.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 41-moddasida “har kim bilim olish huquqiga ega ekani, bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanishi aytilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 dekabrdagi "O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish" to‘g‘risidagi qarorida xalq ta’limi muassasalarini obodonlashtirish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash vazirlikning asosiy vazifalari va funksiyalari sifatida ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonda o‘qituvchilar maktablar uchun archa ko‘chati sotib olishga majburlanishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Ikki yil avval Xorazmning Shovot tumanidagi maktablarda ham o‘qituvchilarga archa ko‘chatlari majburlab sottirilgan. Kuzga borib esa ko‘chatlar qurib qolgan.

Maktablarda sarg‘ayib qurigan archalarni bo‘yash uchun o‘qituvchilardan yana pul yig‘ilgan edi.

XS
SM
MD
LG