Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2020, Тошкент вақти: 20:49

O‘quvchi ustozi o‘zini shafqatsiz kaltaklaganini iddao qilmoqda(VIDEO)


Namangan viloyati, Uychi tumanidagi G‘ayrat qishlog‘ida yashaydigan Mukarram Jo‘rayeva 22-umumiy ta’lim maktabining o‘qituvchisi O‘tkir Xoliqov 10-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li Bobur Isomiddinovni sinfdoshlari ko‘z o‘ngida ayovsiz kaltaklaganini iddao qildi.

O‘quvchi iddaosicha, qizbola sinfdoshi bilan urishib qolgani uchun sinf rahbari o‘zini hushidan ketguncha to‘xtamay urgan.

Onaning aytishicha, uchastka noziri o‘sha kunning o‘zida o‘quvchidan kasalxonada ko‘rsatma olgan, lekin oradan to‘rt kun o‘tib, jarohatlar izi ketganidan so‘ng ekspertizaga olib borgan.

O‘qituvchi O‘tkir Xoliqov o‘quvchisi qizbola sinfdoshini urgani uchun ikki shapaloq solganini tan oldi, lekin ayovsiz kaltaklaganini inkor qildi.

Uychi tumanidagi G‘ayrat qishlog‘ida yashaydigan Mukarram Jo‘rayeva Ozodlikka o‘g‘lini sinf rahbari shafqatsizlarcha kaltaklaganini iddao qildi:

- Soat bir yarimlarda o‘g‘lim uyga kirib keldi. Basharalar qizarib shishib ketgan, qovurg‘asini ushlab, zo‘rg‘a nafas olayapti. Nima bo‘ldi desam, domla urib tashladi, deydi. Kurtkasining ahvoliga qarab bo‘lmaydi. Keyin tez yordam chaqirdim, Uychi tumanidagi travmotologiya bo‘limiga olib bordi. Doktor davleniyasini o‘lchadi 140 ga 90. Yotqizmasak bo‘lmaydi deb, olib qoldi.

Onaning aytishicha, voqea maktabda sodir bo‘lgan:

Keyin sinfda yerga yotqizib olib hushidan ketguncha urgan.


- Qo‘shnimning qizi sinfdoshi bo‘lgan. Ikkalasi gap talashibmi, janjallashib qolgan. Keyin u qiz o‘g‘limning yuziga bir shapaloq urgan, o‘g‘lim uni yelkasiga turtib yuborgan. Domlasi o‘g‘limni doskani tagiga olib chiqib, bir shapaloq qo‘yib, qorniga to‘rt marta musht solgan. O‘g‘lim, ustoz kechirasiz, boshqa takrorlanmaydi¸ desa ham to‘xtamay uravergan. O‘g‘lim sinfdan qochib chiqsa quvib chiqib, yana sinfxonaga olib kirgan. Bo‘ynidan qisib olib kirayotganda eshikning qirrasiga boshini urgan. Keyin sinfda yerga yotqizib olib hushidan ketguncha urgan.

Mukarram Jo‘rayevaga ko‘ra, o‘sha kunning o‘zida Olmurut QFY profilaktika inspektori Nurillo(familiyasini aniqlash imkoni bo‘lmadi – tahr.) kasalxonaga kelib, boladan ko‘rsatma olgan:

Bu paytda uning badanidagi jarohatlar yo‘qolgan edi.


- Lekin oradan to‘rt kun o‘tganidan so‘ng, 15 fevral kuni o‘g‘limni ekspertizaga olib borayapti. Bu paytda uning badanidagi jarohatlar yo‘qolgan edi. Men ariza yozib berganman, lekin o‘qituvchiga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmadi. Chunki, maktab direktori bu o‘qituvchining qarindoshi bo‘ladi.

Ozodlik profilaktika inspektori mobil telefoniga 26 fevral kuni bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi¸ telefoni o‘chirilgani bois u bilan gaplashish imkoni bo‘lmadi.

Jabrlanuvchi Bobur Isomiddinov Ozodlik bilan suhbatda voqea tafsilotlarini shunday tasvirladi:

Ichkariga olib kirib olib, “men seni baribir o‘ldiraman” deb, yotqizib tepdilar.


- Sinfdoshim bilan hazillashib, urishib qoldik. Keyin u qulog‘imni tagiga bir shapaloq tushirdi, men qo‘lidan turtib yubordim. Bo‘lgan voqea shu. Keyin doskaga chiqarib birinchi basharamga to‘rt shapati urdilar. Men kechirim so‘radim. Lekin qornimga bir necha musht soldilar, engashib qoldim. Keyin yelkamga urdilar. Qochib tashqariga qochsam, tepdi orqamdan. Keyin kurtkamdan ushlab olib urovdilar, boshimni eshikni qirrasiga urib oldim. Ichkariga olib kirib olib, “men seni baribir o‘ldiraman” deb, yotqizib tepdilar.

O‘quvchining sinf rahbari, algebra fani o‘qituvchisi O‘tkir Xoliqov Ozodlik bilan suhbatda Bobur Isomiddinov qizbola sinfdoshini urgani uchun ikki shapaloq solganini tan oldi, lekin ayovsiz kaltaklaganini inkor qildi:

Qizbolaga qo‘l tekkizgani uchun ikki shapaloq urdim.


- Qizbolaga qo‘l tekkizgani uchun ikki shapaloq urdim. Boshqa urganim yo‘q. O‘zi chiqib ketayotib boshini eshikka urib oldi. Hozir bo‘lgan voqeani ko‘pirtirib, har baloni gapirtirishayapti endi. Men duxturgacha borib keldim, qog‘ozlarigacha oldim. Shamollashdan ukol, dori olgan. Ekspertiza natijasi ham yaxshi chiqdi.

O‘qituvchi maktab direktori Ma’mura Siddiqovaga qarindosh ekanligini tan oldi:

- Mening ammamga uning erini akasi uylangan bo‘lsa, yaqin qarindosh bo‘lmaydi, uzoq qarindosh bo‘ladi.

Ismi ochiqlanmasligi so‘ragan 10-sinf o‘quvchilaridan biri bu voqeaga butun sinf guvoh bo‘lganini aytdi:

O‘ldiraman deb bo‘g‘ib urdi. Keyin Bobur hushidan ketdi.


- Hammamiz ko‘rdik buni. Aksincha, avval qizbola sinfdoshimiz Boburni urdi, u esa turtib yubordi. Ammo, ustoz Boburni juda qattiq urdi. Tashqariga qochib chiqib ketganda orqasidan chiqib ushlab, sinfga olib kirib yana urdi. O‘ldiraman¸ deb bo‘g‘ib urdi. Keyin Bobur hushidan ketdi. Anchadan keyin o‘ziga kelib uyiga ketdi. Bu ustoz sal narsaga ham bolalarni qattiq uradi.

22 – umumiy ta’lim maktabi direktori Ma’mura Siddiqovaning aytishicha, o‘qituvchi bu xatti-harakati uchun ogohlantirish olgan:

“O‘quvchining onasi esa bu sizning qarindoshingiz, shuning uchun ishdan bo‘shatmayapsiz, qattiq chora ko‘rmayapsiz, deyapti. Uzoq qarindoshim bo‘lsa ham uni ishdan bo‘shatishga menda asos yo‘q, dedim. Biz, mahalla komiteti, profilaktika inspektori bilan birgalikda bu masalani muhokama qilganmiz. Biz o‘qituvchiga ogohlantirish berdik”.

Mukarram Jo‘rayevaning aytishicha, uning o‘g‘li shafqatsiz kaltaklangani borasida adolatli surishtiruv olib borilmagan, voqea guvohlari bilan gaplashilmagan.

Uychi tumani Ichki ishlar bo‘limidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG