Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:00

Toshkentlik imom namozxonni “vahobiy”deb izza qildi; masjidlar to‘liq kuzatuvda ekanidan ogohlantirdi (VIDEO)


Imom at-Termiziy masjidi Toshkentning Olmazor tumani Sebzor mahallasida joylashgan.
Imom at-Termiziy masjidi Toshkentning Olmazor tumani Sebzor mahallasida joylashgan.

Toshkentdagi Imom at-Termiziy masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatov 24 fevral kuni peshin namozi payti namozxonlardan birini barchaning oldida "vahobiylarning namoyandasi", deya izza qilar ekan, qavmni masjidlarning to‘liq kuzatuvda ekanidan ogohlantirdi.

Begmatovning namozxon bilan tortishuvi aks etgan video va uning ogohlantirishi yozilgan audioyozuv Ozodlikka 26 fevral kuni yuborildi.

Bu yozuvlarda Begmatov davlatning diniy siyosatini tushuntirar ekan, bu siyosatga amal qilmaslik qamoqqa yetaklashi mumkinligini eslatadi.

Ozodlik audioyozuv yuzasidan Imom at-Termiziy masjidi imomi Isoqjon Begmatovning o‘zidan izoh ola olmadi - uning yordamchisi imomning masjidda emasligini aytib¸ suhbatni qisqa qildi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi Ozodlikka audioni eshitib chiqqani, lekin bu haqda matbuotga izoh berolmasligini aytdi.

Ozodlik tahririyatiga 26 fevral kuni yuborilgan video va audioyozuvdagi ovoz sohibining Toshkentdagi Imom at-Termiziy masjidi imomi Isoqjon Begmatovniki ekanini bir-biridan mustaqil namozxon tasdiqladi.

Ozodlik bu ovozning Begmatovning Youtube portalida qo‘yilgan juma ma’ruzalaridagi bilan uyqashligini ham aniqladi.

24 fevral kuni yozib olingani aytilgan 13 daqiqalik audiodagi ovoz egasi:

Men hozir ustun orqasida turgan odamga qarayapman. Orqaga qaranglar. Namoz o‘qiyotganini ko‘rayapsizlarmi? Mana shu odam g‘irt bemazhab vahobiylarning bitta namoyandasi”¸ deya namozxonni izza qiladi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:52 0:00
Бевосита линк


Bu voqea¸ tafsilotlardan xabardor toshkentlik namozxonning Ozodlikka tushuntirishicha¸ imom O‘zbekiston masjidlarida farz namozidan keyin sunnat namozi ham shu joyning o‘zida o‘qilishi shartligi haqida va’z o‘qiyotgan paytda ro‘y bergan.

Imomning gapiga javoban namozxon, “Ey haqorat qilmang domla” deya e’tiroz bildiradi.

Bu e’tirozga ovozini ko‘tarib jahl bilan javob qaytargan imom namozxonga: “Joyingizga o‘tiring! Allohning uyida Allohning gapi gapiraladi!” deya do‘q qiladi.

Namozxon va imom tortishuvi shu bilan to‘xtamaydi - gapdan qolmagan namozxon imomga qarata:

Siz qo‘lingiz bilan ko‘rsatib haqorat qilavermang, senlarni undoq qivoraman¸ bundoq qivoraman deyishga haqqingiz yo‘q”¸ deya qichqiradi.

Ozodlik bu audio va videoyozuvdagi namozxonning kimligini aniqlash va u bilan bevosita bog‘lanishga hozircha muvaffaq bo‘la olmadi.

Imomga e’tiroz bildirgan namozxonning keyingi taqdiri haqida ham ma’lumot yo‘q.

Toshkentdagi Imom at-Termiziy masjididagi imom va namozxon o‘rtasidagi janjalga guvoh bo‘lganlar munozaraga sababchi bo‘lgan imomning Isoqjon Begmatov ekanini tasdiqladi.

Имом ат-Термизий масжидида пешин намози пайти олинган видео
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:35 0:00

"Kim qanday namoz o‘qiyapti, hammasi kuzatuv ostida..."

Audioyozuvda Begmatov namozxon bilan bo‘lgan ziddiyat so‘nggida masjidning har burchagiga kameralar qo‘yilganini tan oladi, har bir namozxonning qanday namoz o‘qishi kuzatib borilayotganini eslatadi:

“Azizlar¸ bekorga masjidning har burchagiga kuzatuv kamerasi qo‘yilmagan. Kim qanday namoz o‘qiyapti, nima gap gapirayapti, qanday kirib chiqayapti - hammasi kuzatuv ostida.”, - deydi imom. ​

Hukumatning din siyosatini tushuntirar ekan imom¸ qavmni bu siyosatga amal qilmaslik qamoqqa yetaklashi mumkinligidan ogohlantiradi.

“Men hozir ham yaxshilikka ogohlantirayapman. Men sizlar o‘ylaganchalik falon-falon odam (DXX ga ishlovchi emasman¸ degan ma’noda - tahr.) emasman. Xohlaymanki¸ namozingiz bardavom bo‘lsin. Namoz o‘qishga sharoit yo‘q joyga borib qolmasin yana¸ degan ma’noda aytib qo‘yayapman...Ichlaringizda shu joylarni (qamoqxonani nazarda tutayapti - tahr.) ko‘rib kelganinglar ham bor”, - deydi imom.

Namozxonlarga diniy siyosatni tushuntirishda davom etgan imom¸ O‘zbekiston masjidlarida Hanafiy mazhabidan boshqa mazhabga ergashib namoz o‘qish mumkin emasligi haqida imom-xatiblarga topshiriq bo‘lganini ham ochiqlaydi:

"90 yil, 96 yil, 99 yil voqealari takrorlanmasligi uchun necha martalab ogohlantirilayapti. Biz imom xatiblarga topshiriq bo‘layapti. Tushuntiringlar, xalqimiz tinchgina namoz o‘qisin… Agar bordiyu, yurtimizda an’anaviy bo‘lgan Hanafiy mazhabi bo‘yicha¸ Moturidiy e’tiqodi bo‘yicha ibodat qilishga rozi bo‘lmasa, o‘zining noroziligini norozilik ohangida bildiradigan bo‘lsa, sizlarni (imomlarni) bir chekkaga surib qo‘yib¸ o‘zimiz (xavfsizlik tizimlari nazarda tutilmoqda - tahr.) chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz¸ deyishyapti", -deya ta’kidlaydi imom.

Ozodlik audio yozuv yuzasidan Imom at-Termiziy masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning o‘zidan izoh ola olmadi. Masjid telefoniga javob bergan imom yordamchisi Begmatovning yo‘qligi va bunday gap-so‘zlardan o‘zining bexabarligini bildirish bilan cheklandi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi Ozodlikka audioni eshitib chiqqani, lekin bu haqda matbuotga izoh berolmasligini aytdi.

Fransiyada yashayotgan o‘zbekistonlik tahlilchi Kamoliddin Rabbimov¸ Ozodlikka yuborilgan video va audioyozuvni eshitib¸ bu voqeani diniy vaziyatni yumshatishga kirishgan Shavkat Mirziyoyev hukumati duch kelayotgan muammolar ifodasi sifatida izohlaydi.

- Imomning bu aytganlari men uchun yangilik bo‘lmadi. O‘zbekistonda dindorlarni kuzatish bo‘lgan¸ hozir ham bor. G‘arbda ham musulmonlar kuzatuv ostida¸ hamma joyda kuzatiladi. Hozir O‘zbekiston qattiq avtoritar rejimdan mo‘’tadil avtoritarizmga o‘tish yo‘lida. O‘zbekiston keyingi uch yilda repressiv mashinani o‘chirishga harakat qildi va bunga ancha erishdi. Qip-qizil diniy motivlar bilan qamalganlar hozir deyarli yo‘q. Karimov ketganidan keyin hukumat bir tomondan islohotlar qilish¸ mamlakat imijini yaxshilashni xohlaydi. Ayni paytda hukumat diniy bir tarkiblilik , ya’ni mazhab masalasida diniy amaliyot va diniy qarash pozitsiyasini avvalgiday, bir xil bo‘lib qolishini ohista vositalar bilan saqlashga harakat qilayapti.

Ozodlik prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 4 sentabrda imzolagan “Mamlakatda diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari” deb nomlangan maxfiy qarorga qo‘l qo‘ygani haqida xabar qilgan edi.

Bu qaror muqaddimasida¸ xususan¸ keyingi uch yil davomida diniy sohada yaratilayotgan erkinlik va sharoitlarni suiiste’mol qilib¸ ulardan siyosiy maqsadlarda foydalanishning ko‘payishi¸ kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga diniy tus berayotgan¸ o‘z shaxsiy qarashlarini majburiy diniy qoida sifatida talqin qilib¸ ularni aholi orasida keng yoyishga harakat qilayotgan guruhlar faoliyatining kuchayishi¸ ​ ijtimoiy tarmoqlarda diniy mutaassiblik va ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi kontentning ko‘payishi xususida tashvish bildirilgan edi.

Vaziyat tahlilidan kelib chiqib prezident O‘zbekistonda diniy mutaassiblikning kuchayishi oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilgan "Yo‘l xaritasi"ni tasdiqlagan edi.

Bu chora-tadbirlar orasida masjid imom-xatiblari va otinoyilarga o‘z ta’siridan foydalanib¸ aholi¸ xususan¸ mutaasiblikka moyil yoshlar¸ diniy faoliyati uchun qamalib chiqqanlar bilan alohida shug‘ullanish¸ DXX va IIVga esa¸ ekstremizmga moyillar ro‘yxatini tuzish va ularni nazoratda ushlash topshirilgan edi.

XS
SM
MD
LG