Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:35

Qo‘qonda haydovchilarni jarimaga tortish kuchaydi. Maqsad byudjet tushumini ko‘paytirish ekani aytilmoqda


Haydovchilar inspektorlarning asossiz hatti-harakatlari yuzasidan ko‘p shikoyat qiladi.
Haydovchilar inspektorlarning asossiz hatti-harakatlari yuzasidan ko‘p shikoyat qiladi.

Qo‘qondan Ozodlikka yo‘llangan murojaatda¸ yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlarining haydovchilarni asossiz to‘xtatib, har xil bahona bilan jarimaga tortayotgani iddao qilindi.

Ozodlik gaplashgan haydovchilarga ko‘ra, ayni kunlarda Qo‘qon yo‘llaridagi inspektorlar soni bir necha baravarga ko‘paygan.

Farg‘ona hokimiyat tizimining shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi¸ byudjet tushumlarini ko‘paytirish uchun jarimaga tortishni ko‘paytirish haqida viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev og‘zaki buyruq berganini iddao qildi.

Qo‘qon shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mulozimi haydovchilar shikoyatini mohiyatan inkor qilmadi, ayni paytda¸ jarayonga oid ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan qo‘qonlik haydovchilardan biri Ozodlikka birgina 26 fevral kuni 8 kilometrlik masofada o‘zini YHX inspektorlari to‘rt marta to‘xtatganini aytadi:

Keyin hech ayb topolmay aptechkangni ko‘rsat dedi.


“Qo‘qonning bu chetidan u chetiga ish bilan borayotgandim. Bir kilometr yurganimdan so‘ng inspektor to‘xtatdi. Hech qanday qoida buzganim yo‘q, tezlik ham normalniy. To‘xtatdi, qoidaga ko‘ra, inspektor kelib, o‘zini tanishtirishi va nima sababdan to‘xtatganini aytishi kerak. Lekin na o‘zini tanishtirdi, na nima sababdan to‘xtatganini aytdi. Hujjatlarni ko‘rib qo‘yaylik, deydi. Bundan kamchilik topolmay, boshqa ayb axtara boshladi. Signalni chaldirib ko‘rdi, kapotni och qanaqa signal turibdi ekan, deydi. Keyin hech ayb topolmay aptechkangni ko‘rsat dedi. Meni aptechkamda bitta kamchilik bor ekan. Tamom Xudo berdiku. 111 ming so‘m jarima yozvordi. Dodingni kimga aytishni bilmaysan”.

Ismi sir qolishini so‘ragan qo‘qonlik boshqa haydovchi ham inspektorlar yo‘llarda haddan tashqari ko‘payib, avtomobillarni ketma-ket to‘xtatayotganini aytdi:

Kamchilik topolmagandan keyin, ballonlaringiz yeyilib qopti degan aybni qo‘ydi va jarima yozdi.


“Bugun yomg‘ir yog‘ib inspektorlar sal kamayib qoldi. Lekin avvalgi kunlar bular hammani ezvordi. Mening hujjatlarim va mashinamdan hech qanday kamchilik topolmagandan keyin, ballonlaringiz yeyilib qopti¸ degan aybni qo‘ydi va noroziligimga qaramay jarima yozdi. Hozir shopirlar Telegram kanalidagi haydovchilar guruhida qayerda GAI turgani haqida bir-biridan so‘rab olayapti”.

Ozodlik muxbiri qo‘qonlik haydovchilarning Telegram kanaliga a’zo bo‘lib, u yerda haydovchilarning bir-birlarini ogohlantirganliklariga guvoh bo‘ldi:

“Ey, shopir akalar, GAIning oldida remenga, baloi battarga, lyuboy narsaga to‘sib yozayapti. Hushyor bo‘linglar”.

“Hushyor bo‘linglar, akalar-ukalar, ertalabdan bezotkaz yozayapti..”

“Akalar, yo‘q joydan ayb topib yozvorayapti, hushyor bo‘linglar”.

“Dokumentdan ayb topolmaganidan keyin, menga remenga yozvordi, ilgari remenga yozmasdi”.

“Ammo yomon yozyapti, hozir yana qaytib o‘tdim, uch-to‘rttasini to‘xtatib yozyapti, hushyor bo‘linglar”.

“Akalar, Zelyoniyda kelib Charxiyga burilishda turishibdi, hushyor bo‘lasizlar”.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan, farg‘onalik mulozimning aytishicha, haydovchilardan ko‘proq jarima undirish topshirig‘ini viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev bergan:

GAI haydovchilarni viloyat byudjeti uchun jarima qilmoqda.


“GAI haydovchilarni viloyat byudjeti uchun jarima qilmoqda. Bu viloyat hokimi G‘aniyevning og‘zaki topshirig‘i. Byudjetga kam pul tushayapti ekan, shuning uchun reyd bahonasida inspektorlarga haydovchilarni maksimum darajada jarima qilish topshirilgan”.

Ozodlik Qo‘qon shahar Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, haydovchilar e’tiroziga sabab bo‘layotgan "jarimabozlik"ka munosabat so‘radi.

O‘zini tanishtirmagan mulozim, jarimaga tortish holatlarining keskin ko‘paygani haqidagi shikoyatlarni inkor qilmadi, lekin bu haqda faqat bo‘limga kelib, rahbarlardan ma’lumot olish mumkinligi aytib¸ suhbatni uzib qo‘ydi.

Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmati Ozodlik qo‘ng‘irog‘iga javob bermadi.

Farg‘ona viloyatining boshqa shahar va tumanlarida ham YHXB inspektorlarining reydlar o‘tkazayotgani haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

2019 yil iyul oyida ham farg‘onalik haydovchilar Qo‘qonda o‘tkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik ishlarini moliyalash uchun, ularga reydlar davomida jarimalar solingani haqida shikoyat qilgan edi.

O‘zbekistonda 2018 yilning 23 oktabridan ayrim yo‘l harakati qoidalari, jumladan, mast holda avtomobil boshqarganlik, yo‘lda haydovchining telefondan foydalanganligi va tezlikni oshirganligi uchun jarimalar oshirilgan edi.

Yo‘lda mobil telefondan foydalangan haydovchilar bundan buyon EKIHning 3 barobari (qonun tahriridan avval 2 barobar bo‘lgan) miqdoridagi jarima bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, tezlikni oshirgan haydovchilar uchun ham jarima miqdori oshdi. Xususan, harakat tezligini 40 km/s dan ortiq kattalikda oshirib yuborganlar endilikda EKIHning 9 barobari miqdorida (avval 7 barobar bo‘lgan) jarima to‘laydi.

Harakat tezligini 20 km/s dan ortiq, lekin 40 km/s dan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborgan yoxud transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini 20 km/s dan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ikki marta ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirgan haydovchilar eng kam ish haqining 15 barobari miqdoridagi jarima yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 1 yil muddatga mahrum etish bilan jazolanadi.

Bunday qonunbuzarlik uchun avval haydovchi eng kam ish haqining 10 barobari miqdoridagi jarima yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 1 yil muddatga mahrum etish bilan jazolangan.

Bunday qoidabuzarlikni uchinchi bor sodir etgan haydovchilar avvalda bo‘lgani kabi transport vositasini boshqarish huquqidan 2 yil muddatga mahrum etilibgina qolmay, EKIHning 25 barobari miqdoridagi jarimaga ham tortiladi.

XS
SM
MD
LG