Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:21

OzodDayjest: Farg‘onada IIB mansabdori advokatni haydab soldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Farg‘ona shahri IIB bo‘lim boshlig‘i advokatni haydab chiqardi. Xonanda Anvar Sanayev katta mansabdorning to‘yiga bormagani sabab “zapret”ga tushgan. Sirdaryolik yigit sevgan qizini pichoqlab o‘ldirdi.

_____________________________________________________________

IIB mas’uli advokatni himoyasi ostidagi shaxs bilan ko‘rishtirmadi


Farg‘ona shahri IIB bo‘lim boshlig‘i advokat Dilmurod Madrahimovga himoyasi ostidagi shaxs bilan ko‘rishishga ruxsat bermay, uni haydab chiqardi (www.xabar.uz, 25 fevral).

Andijon shahridagi “A.S.Huquq” advokatlik hay’ati advokati Dilmurodjon Madrahimovga ko‘ra, 24 fevral kuni huzuriga fuqaro kelib, otasi Farg‘ona viloyati ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgani va shundan beri daragi yo‘qligidan xavotir bildirib, uning huquq-manfaatlarini himoya qilishini so‘raydi.

Advokat zudlik bilan Farg‘ona viloyatiga yo‘l oladi va himoyasi ostidagi shaxsning Farg‘ona shahri IIOFMB (Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi) 4-sonli bo‘limida saqlanayotganini aniqlaydi. Soat 19:00 larda mazkur bo‘lim boshlig‘i Ahad Yo‘lchiyev bilan uchrashib, unga advokatlik guvohnomasi va orderini taqdim etgan holda himoyasidagi shaxs bilan uchrashish uchun ruxsat so‘raydi. Ammo unga rad javobi beriladi va haydab chiqariladi.

Advokat o‘sha zahoti Farg‘ona shahri prokurori qabuliga boradi, ammo prokuror huzuriga kiritilmaydi. Qayd etilishicha, ushbu holat bo‘yicha bosh prokuraturaga ham murojaat qilingan va endilikda qonunbuzar IIB vakiliga chora ko‘rilishi kutilmoqda.

Advokatga ko‘ra, himoyasi ostidagi shaxs g‘ayriqonuniy tarzda, g‘ayriinsoniy sharoitda saqlanmoqda.

Xonanda Anvar Sanayev 5 yillik “zapret” sababini ochiqladi


Xonanda Anvar Sanayev besh yil davomida telekanallarda taqiqda bo‘lgani sababi haqida ilk bor gapirdi (www.daryo.uz, 24 fevral). “Davlat rahbarlaridan bittasining to‘yiga aytishdi. “Buxoroga borib, o‘sha to‘yni o‘tkazib kelasan” deyishdi. “Mayli, harakat qilamiz” dedim. “Bu uchun senga hech qanaqa pul to‘lanmaydi, o‘zing borib, o‘tkazib, o‘zing qaytib kelasan” deyishdi. “Qanaqasiga, men yonimdagi bolalarga ham o‘zim pul to‘larkanman-da” desam, “Ha, shunday qilasan” deyishdi”, deya hikoya qiladi xonanda.

Qayd etilishicha, xonanda hech bo‘lmasa to‘yga borib kelish uchun samolyot chiptasi olib berishni so‘ragan, talabi rad etilgach, kattakonning to‘yiga bormagan. Ertasigayoq uning telekanallarda chiqishi og‘zaki buyruq asosida taqiqlangan. Shu tariqa “zapret” besh yilga cho‘zilgan.

“Bir insonga havoni to‘xtatib qo‘yishsa qanday bo‘ladigan bo‘lsa, san’atkorga ham efir shu darajada kerakli vaqtlar edi o‘shanda. Internet yo‘q, telekanallar sanoqli edi”, deya xotirlagan A.Sanayev.

Xonanda taqiq sababchisi bo‘lgan amaldor nomini ochiqlamagan.

Eslatib o‘tamiz, xonanda Anvar Sanayev AQSh, Germaniya, Rossiya, Hindiston davlatlarida ham yakkaxon konsert dasturlarini taqdim etgan.

Sirdaryoda oshiq yigit ma’shuqasini chavaqlab o‘ldirdi


Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida sevishganlarning nikohsiz munosabati pirovardida qotillik bilan yakunlandi (“Inson va qonun”, 25 fevral). “Do‘stlik” mahallasida kotib vazifasida ishlagan G‘iyosjon Qosimov mahalladoshi Muhabbat Nusratullayeva bilan uchrashib yurgan. Pinhona diydorlashuvlardan birida qiz nomusidan ayrilgan. Yigit boshqa qizga uylanish niyatini bildirgach, M. Nusratullayeva nomusini toptagani uchun uni qamatishini aytgan. G‘. Qosimov esa ma’shuqasini pichoqlab o‘ldirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi G‘. Qosimovga 17 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekistonda qotilliklarning 28 foizi er-xotin, aka-uka va ota-o‘g‘illar o‘rtasida yuz bergan.

XS
SM
MD
LG