Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:07

OzodTarmoq: "4-5 million kambag‘al emas, shuncha qashshoq bor!"


Muazzam Ibrohimova
Muazzam Ibrohimova

OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda ayni kunlarda jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘layotgan voqea-hodisalarga berilayotgan ayrim mulohazalar e’tiboringizga taqdim etiladi. Voqealarga berilayotgan baholar mutlaqo muallif pozitsiyasidir. Muallif pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

OzodTarmoqning bugungi sonida o‘zbekistonlik taniqli bloger, yozuvchi Muazzam Ibrohimovaning Facebook sahifasida e’lon qilgan postni e’tiboringizga havola qilayapmiz. Matn tahrirsiz berilmoqda.

Stilistika va imlo muallifniki.

Janob prezident!

Sizga matn yozib beradiganlarning farosati bormi?!
Yoki " qovunning eng kattasini Prezidentning o‘zi tushira qolsin" deb mexribonchilik qilishyapimi?

"Uyda yotish tizimi" degan yangi iborani qaysi oshqovoq yozib bergan? Bu mehnatkash xalqimiz uchun xaqorat emasmi?!

Sizni bilmadimu, shaxsan o‘zim tanigan, chumoliday tinmay mexnat qilsa ham biri ikki bo‘lmayotgan jafokash, jabrdiyda Vatandoshlarim uchun bu katta xaqoratdir!

Shu tuzumda. nafas olishga xarakat qilayotgan manglayi sho‘r borki, tayinli ish o‘rni bo‘lmasa ham yashash uchun kurashyapti. Yarim sotix yeri bor ham nimadir ekib sotadi. Ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi bo‘lmasa ham uyida bichib-tikadi, xunarmandchilik qiladi. Juda bo‘lmasa birovlarning qo‘lida xizmatkorlik, mardikorchilik qilib bola -chaqa boqyapti.

Sizning otashin nutqingizda zikr etilgan yotvolib yeydiganlar pastda emas, tepada! Sizning atrofingiz, sizning davrangiz, sizning tishingiz o‘tmayotgan tizimda!

Yotvolib yeyayotganlar ma’lum bir amalga qing‘ir yo‘llar bilan erishganlar, sharti ham, parti ham, miyasi xam ketib, ammo lyustratsiya qilinmagan sobiq kommunistlar yoxud o‘sha amaldorlarning soyasida kayfini surib yurgan qarindosh urug‘iyu, son -sanoqsiz tanish bilishlaridir!

Xalqning haqqini allaqachon chet el banklariga o‘tkazib, bola-chaqa, nevara-chevarasigacha baxtli kelajak qurib qo‘yganlar yotsa xam, tursa ham mazza qilib yeyapti!

Agar xalq yotvolib yeganida murg‘akkina bolalari bedavo dardlardan azoblanib o‘lib ketavermasdi. Saraton, qon kasalliklari va boshqa istagan shifoxonaning bolalar bo‘limiga qadam ranjida qiling, qancha boyning bolasini topasiz?! Qaysi amaldorning bolasi noilojlikdan shiftga tikib, o‘limini kutib yotadi?

Yotvolib yeyadiganlar donasi falon pul turadigan dorilarni xam bemalol sotvolib, begunoh go‘daklarini ajal komidan tortib olishadi...

Eng yaxshi narsasini go‘dagiga ilinadigan bolajon xalqimning bolalari ochligi uchun ham turli bedavo xastaliklar urchib ketyapti. Unutmang, bo‘sh qop hech qachon tik turmaydi!

"4-5 million kambag‘al bor" degan ibora ham g‘irt yolgon! 4-5 million kambag‘al emas, "4-5 million qashshoq bor!" deb yozganlarida to‘g‘riroq bo‘lardi!

Qolgani kambagal! Ha, ha, itday ishlab, kuni o‘tayotgan, ammo INSONDAY yashay olmayotgan qatlamni kambag‘al deyiladi. Bunday yurtdoshlarimiz esa 15% dan 2-3 barobar ko‘proqdir!

Bir narsaga hech aqlim yetmaydi. Nega siz ustozingiz qilgan xatolardan xulosa chiqarmayapsiz?!

Karimovning nutqlari ham yolg‘on, riyoga to‘la edi. Shunaqa supper yolg‘onchi, moshennik yozuvchilar yozishardiki, xatto Prezidentning o‘zi ham hayron, qogozda yozilgan faktlarga ishonib qolardi.

Sizning nutqlaringiz esa Karimovnikini tokchaga chiqarib qo‘yyapti! Nahotki, real hayotni ko‘rish, ongli fikrlash uchun qogozdagi safsatalargagina tayansangiz?!

Janob Prezident! Unutmang! Birinchi Prezidentni ham tevaragingizga terilib turgan odamnusxa shaytonlar, yolgonchi, firibgar, nafsiga qul kalamushlar yo‘ldan urishgan.

Ular bor ekan, siz hech qachon obro‘ topa olmaysiz!

Qashshoqlikni xalqqa imkon bersangiz o‘zi tugatadi. Ammo otning kallasidek soliqlar, tuturiqsiz qarorlar, ishlamayotgan Qonunlar bilan faqirlikka barxam berib bo‘ladimi?!

Hatto qo‘shni Qozog‘iston ham ishlayman degan odamga, kichik biznesga katta imkoniyatlar, judayam foizi oz kreditlar beryapti. O‘zlarini tiklab olguncha soliqlardan ozod etyapti!

Bizdachi?! Qaerga qarama yulg‘uchlik, adolatsizlik, nohaqlik!
Xalqni eshitishga vaqti, xoxishi yo‘q amaldorlar bilan xalqning turmush tarzini o‘nglab bo‘ladimi?!

Sizga birgina misol keltiraman.

Turkiyada minglab vatandoshlarimiz musofirchilikda yuribdi. Ularning aksariyati 500$ oylik uchun oddiy xizmatkor. Bar, kafe, mehmonxona, bozorlarda o‘zbekistonlik to‘la. Xonadonlarda xizmatkorlik qilayotganlar, bolalar, qariyalariga qarayotganlar ham o‘zimiznikilar. Eng yomoni deputat Shirin Unal kabi to‘ng‘iz hirs hayvonlarning, zulmkor, zo‘ravonlarning qurboniga aylanayotganlar bolalarimiz xam o‘zimizniki!

O‘sha oshxona, bar, mehmonxona, xonadonlarda xizmatkorlik qilayotganlarni hunarga o‘rgatish, yurtimizga foyda keltiradigan sohalarga jalb qilish mumkin deya, real takliflar bilan bir necha amaldorlarga shaxsan o‘zim murojaat qildim.

Eng ajablanarlisi, niyatimni anglagan Turk amaldorlari qo‘ldan kelgancha yordam berishga, bitta zavod yoki korxonada imkon darajasida usta tayyorlab berishga tayyor, faqat davlatlararo rasmiy shartnoma bo‘lsa!

Ishlab chiqarishda ilg‘or korxonalarning Turkiyada minglab ekanini hisobga olsak, demak ancha yoshlarimiz hunarli bo‘lib qolishardi. Turk ishbilarmonlari, amaldorlari, jurnalistlari qo‘llab-quvvatlashga tayyor g‘oyaga o‘zimiznikilar miq etmadi!

Nima, biznikilar aqlliroqmi? Balki bundan ham zo‘r loyihalari bordir? Agar shunday bo‘lsa nega jim turishibdi? Nega amaliy ishlarga tezroq o‘tishmayapti?

Bir mansabdor meni ochiq istehzo bilan, sansirab, "ana, kerakli kadrlarga til o‘rgatib, keyin o‘qitib, o‘rgatib kelyapmiz. Sen aqling yetmagan sohaga aralashmay qo‘yaqol" dedi.

Ey oshqovoq! Men ham seni hech bo‘lmasa shu yerda mazza qilib sansirab, yuragimdagilarni aytay.

Men senga malaka oshirishga muhtoj oliy ma’lumotli kadrlar haqida emas, umuman hunari yo‘q, musofirlarimiz xaqida gapirdimku! Nahotki shuni anglash bu qadar qiyin bo‘lsa?! Enago‘lda yasalgan eng arzon 800-1500$ dollarlik yotoqxona mebellar to‘plami Toshkentda 2500-4000$ dan sotilyapti. Agar ellikta bolani Enago‘ldagi ellikta mebel sexiga shogirdlikka joylashtirsak, ertaga o‘sha yigitlar ham mardikor bo‘lib emas, raqobatbardosh mebellar ustasi bo‘lib pul topardi! Nafaqat mebelь, mevani, sutni qayta ishlash, kimyo, tekstil sanoati, agrar soha...

Xullas xammasidan yigirma, o‘ttiz yil orqadamizku. Turkiyada mana-man degan ishbilarmon, boy inson bilan suhbatlashib qolsangiz uni boy qilgan soha sirlarini Ovro‘pa yoki Amerikada o‘rganib kelganini aytadi. Rivojlangan mamlakatlarda o‘rgangan hunari, olgan bilimi bilangina kuchli raqobatchilarga bas kelayotganini ta’kidlaydi. Yigirma, o‘ttiz yil oldinga o‘tib ketgan davlatlarga havas qilib , muntazam tajriba almashib turishadi.

Ovro‘paku bizning fuqarolarimizga hunar o‘rgatib qo‘ymas. Ammo tili, dili yaqin qardoshlarimiz "har qanday amaliy yordamga tayyormiz" deb turganida biznikilardan sas-sado chiqmasa qachon odamday yashaymiz?!

Qachon ?!
Qachon?!
Qachon?!

Shaxsan o‘zim, turkchada binoyidek gaplashayotgan vatandoshlarimiz bilan suhbatlashganimda hunar o‘rganish istagi borligi, faqat korxonalar ishga qabul qilib ustalarga shogird bo‘lishi uchun ba’zi hujjatlar, shu jumladan Sog‘liq sug‘urtasini talab qilishini bayon etishadi.

Agar ikki davlat o‘rtasida ma’lum kelishuvlar asosida shartnoma tuzib, eng zo‘r sohalariga mehnatga chanqoq, ishdan qochmaydigan musofir yoshlarimizni jalb qilsak, ma’lum muddatdan so‘ng ular Vatanga qaytib, qoloq sohalarning qulog‘idan tortib turg‘izadi va o‘zimizning ustalar o‘zimizda yana minglab shogirdlar tayyorlashardiku!

Janob Prezident!
Qarang, bir yilda chetdan qancha musofir mardikorning tobuti qaytyapti? Ular sizga , xalqimizga, Vatanimizga kerak emasmidi?
Birovlarning qo‘lida ezilayotgan, qulday sotilayotgan, aldanib qolayotgan, yoxud qaysidir badnafslarning quchog‘ida xorlanayotgan ojiza mardikorlarimizning holi esa tobutdagilardan og‘irroq!

Men aqlim, imkonim yetgancha o‘sha jabrdiydalarga yordam bermoqchi edim. Afsus..

Ishonsangiz kunda o‘n bora telefonimga qarab, xabar kutdim. Axiyri eng ishongan va xurmat qiladigan amaldorlarga ham ishonmay qo‘ydim.

Siz yuqori mansablarga munosib ko‘rayotgan, rokirovka qilib charchamaydigan amaldorlarning aksariyati yoningizda "Xo‘jam ko‘rsin" ga bloknotga yozishgagina yaraydigan so‘taklar ekanini xalq ko‘rib turibdi.

Siz amalda o‘tirib yeyish tizimiga barxam bering, etadi!

Xalqning xaqqidan oila, bola-chaqa boqib, yana o‘sha xalqning o‘zini aybdor ko‘rsatganlarni esa ilohim xalqning uvoli tutsin!

Muazzam Ibrohimova

XS
SM
MD
LG