Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2021, Тошкент вақти: 07:53

Ayollar: E. Bositxonova va T. Xudoyberganov oldida bergan va’dasini Zomin hokimi bajarmayapti


Zomin tumaniga borgan sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bilan uchrashuv, 8 dekabr, 2019 yil

Jizzaxning Zomin tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj ikki ayol Xotin-qizlar qo‘mitasi sobiq raisi Elmira Bositxonova va prezident maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov shaxsan va’da qilgan uy va moddiy yordamni ololmayapti.

Davlat maslahatchisi T . Xudoyberganovning o‘tgan yil dekabrda Jizzaxga safarini yoritgan O‘zA agentligi bu ayollardan biri - zominlik 40 yashar nogiron Hayitgul Oltmishovaga uy va’da qilinganini xabar qilgandi.​

Ayollarning iddao qilishicha, Toshkentdan borgan mulozimlarning va’dalarini bajarishni o‘z zimmasiga olgan tuman hokimligi hanuz ularning muammolarini hal qilmagan.

Zominning Xalqobod mahallasida yashaydigan ikkinchi guruh nogironi, 40 yashar Hayitgul Oltmishova 8 yashar qizini yolg‘iz tarbiya qiladi.

Aytishicha, u boshpanasiz - qarindoshlarining uyida ijarada yashaydi.

2 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda Oltmishova boshpana va nogironligiga loyiq bir ishga muhtojligini aytdi.

Aytishicha, Oltmishova yordam so‘rab mahalliy hokimiyatga ko‘p marta murojaat qilgan, bir necha bor Toshkentga borgan, ammo muammolari hal bo‘lmagan.

Bundan ikki oy oldin - 2019 yilning dekabr oyida u Jizzaxda sayyor qabul o‘tkazgan prezident davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov hamda sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bilan ham uchrashganini bildirdi.

Bu mulozimlarning sayyor qabuli va qabullar chog‘ida nogiron ayollar, xususan Oltmishovaga uy va’da qilingani haqida O‘zA agentligi xabar bergan.

Hayitgul Oltmishova (markazda) va uning onasi Elmira Bositxonova qabulida, 8 dekabr, 2019 yil
Hayitgul Oltmishova (markazda) va uning onasi Elmira Bositxonova qabulida, 8 dekabr, 2019 yil

Oltmishovaning aytishicha, har ikki mulozim unga yordam va’da qilgan va tuman hokimligiga tezlik bilan bu ayolni uy-joy bilan ta’minlashni topshirgan:

- Tursunxon Xudoybergenov mening bir o‘zimni qabul qildi. Mana men senga uy beraman, dedi. Hokimlarni urishdi. Undan oldin Elmira Bositxonova keldi Zominga. Avval men u kishining Toshkentdagi idorasiga ham borgandim. Har gal bizning dardimizni eshitdi, ming rahmat. Yordam beramiz sizga singlim, deb ketdi.

Oltmishovaning da’vo qilishicha, Toshkentdan borgan mulozimlar oldida Zomin tuman hokimi ularni zudlik bilan ijtimoiy himoya va uy-joy bilan ta’minlashni va’da qilgan.

Ammo, oradan 2 yarim oy o‘tib ham muammosi hal bo‘lmagan.

29 fevral - Zomin tumani hokimi aholini qabul qiladigan kuni va’dalar ijrosini so‘rab, hokimiyatga borgan ayol yana quruq qo‘l bilan qaytganini aytdi:

- Menga 2020 yilda uy-joy beriladiganlar ro‘yxatiga ismingiz kiritildi, deyishdi. Lekin, 2 oydan beri qo‘limga birorta qog‘oz berishmadi. Tursunxon Xudoyberganov kelganda ham qo‘limga birorta qog‘oz berishmagandi. Men 2018 yildan beri murojaat qilaman, lekin muammolarim umuman hal bo‘lmapyati. Hozir yana ularning quruq va’dasiga ishonamanmi?!

Зомин ҳокимлигида халқ қабули
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:20 0:00

Oltmishovaning aytishicha, 2019 yilning 8 dekabrida Zomin tumaniga borgan sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bilan yana o‘nlab kam ta’minlangan, nogiron yoki boquvchisi bo‘lmagan ayollar uchrashgan.

Bu haqda O‘zA agentligi bergan rasmiy xabarga ko‘ra, o‘sha kezda Xotin-qizlar qo‘mitasiga rais bo‘lgan, hozirda esa yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Bositxonova Zominda sayyor qabulda 75 fuqaroning 120 ga yaqin murojaatini tinglagan.

Aytilishicha, vazir o‘rinbosari o‘sha zahotiyoq tumandagi muassasa, korxona va tashkilot rahbarlariga aniq topshiriqlar bergan. Rasmiy xabarda muammolarning aksariyati joyida yechimini topgani aytilgan.

Oltmishovaning aytishicha, oradan 5 kun o‘tib, 13-14 dekabr kunlari tumanda sayyor qabul o‘tkazgan prezidentning davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov unga uy berilishini va’da qilgan, tuman hokimligi esa bu va’dani bajarishni zimmasiga olgan.

Davlat maslahatchisining tumanga safarini yoritgan O‘zA agentligi Oltmishovaning uy va’dasidan mamnunligi haqida xabar qilgandi.

"Ular tuman rahbarlariga yangi qurilayotgan uylardan birini menga ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. Boshlang‘ich to‘lovi to‘lab beriladigan bo‘ldi. Davlatimizning bu yaxshiligini umrbod yoddan chiqarmayman. Joylarda odamlarning ehtiyojlarini o‘rganib, ularni hal etishni yo‘lga qo‘ygan Prezidentimizga mingdan ming rahmat", deb xabar qilgan edi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

Agentlik prezident davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov ommaviy sayyor qabulda ham "246 fuqaroning murojaatini tinglagani, bu murojaatlarning 434 tasi joyida hal etilgani"ni xabar qilgandi.

Ammo, Oltmishovaning 2 mart kuni aytishicha, hatto Toshkentdan borgan mulozimlar huzurida berilgan va’dalarni tasdiqlovchi birorta hujjatni qo‘liga olmagan.

- Qo‘limga bir parcha qog‘oz berishmadi hali. Menga o‘xshagan ayollar juda ko‘p tumanda. Shanba kuni Zomin tuman hokimining qabulida 30tacha ayol bor edi. Ko‘pchiligi Bositxonova, Xudoyberganov bilan uchrashgan. Lekin, birortasini muammosini hal qilib berishgani yo‘q haliyam, - debi shikoyat qildi Oltmishova.

Hayitgul Oltmishova qizi bilan, Zomin
Hayitgul Oltmishova qizi bilan, Zomin

Ozodlik Oltmishova kabi sayyor qabulga Toshkentdan borgan mulozimlarning va’dasiga ishongan yana bir nogiron ayol bilan ham gaplashdi.

Bu 29 fevral kuni Zomin tumani hokimi qabuliga borgan o‘nlab ayoldan biri - Zomin tumanidagi "Sharof Rashidov" mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydigan birinchi guruh nogironi, 38 yashar Dilnoza Mamatqulovadir.

Aytishicha, bu ayolning ko‘zlari umuman ko‘rmaydi - mustaqil harakatlana olmaydi, yagona boquvchisi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i esa xasta.

U 2-3 yildan beri hokimlikdan chala bitgan uyining ta’mirida yordam va moddiy yordam puli so‘rab, ololmayotganini aytadi​.

- Shanba kuni hokimning qabuliga bordim. Haqiqatni aytaman, yana yordam o‘rniga haqorat eshitib chiqdim. Zomin tumanida haqiqat yo‘q. Nogironlarga hurmat yo‘q. Muomala madaniyati yo‘q. Aslida, men xo‘jaynim bilan 6 sotix yer olib, o‘sha yerda amallab bir uy qurganmiz. Ammo, pol o‘rnida shag‘al yotibdi, potologi ham yo‘q. Nogiron yashaydigan sharoit yo‘q uyimda. 2-3 yildan beri shu uyni ta’miriga yordam so‘radim va mahalladan moddiy yordam puli so‘radim, ammo berishmayapti, - deydi Dilnoza Mamatqulova 2 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Zominlik ko‘zi ojiz Dilnoza Mamatqulova (chapda)
Zominlik ko‘zi ojiz Dilnoza Mamatqulova (chapda)

Zominlik ko‘zi ojiz Dilnoza Mamatqulovaning uyi
Zominlik ko‘zi ojiz Dilnoza Mamatqulovaning uyi

Ozodlik bu ikki ayol shikoyatiga izoh so‘rab, tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev qabulxonasiga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildi, ammo hokim bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lmadi.

Hokimning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nodira Fayziyeva esa shanba kuni hokim qabuliga bir necha norozi ayol kelgani, ularga yordam berilayotganini ta’kidladi.

Ammo, bu mulozim Ozodlikka rasman intervyu bermasligi, shuningdek savollarga telefon orqali javob bermasligini aytish bilan cheklandi.

Zomin tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollardan avval ham Ozodlikka shikoyatlar kelgan.

Jumladan, Jizzax viloyati Zomin tuman tibbiyot birlashmasida ishlaydigan 30 dan ortiq hamshira, sanitarka va dispetcher ayol yoppasiga ishdan bo‘shatilayotganidan shikoyat qilgandi. Ularning aksariyati boquvchisi yo‘qligi, yosh bolalari bo‘lgan yolg‘iz ona yoki oilasining yagona boquvchisi ekanini aytishgandi.

Bu murojaat Ozodlikda yoritilgach, tumanda surishtiruv bo‘lgan va ayollarning aksariyati ish bilan qayta ta’minlangandi.

Jizzaxning Zomin tumani - O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tug‘ilib-o‘sgan tumandir. Xususan, 2 mart kuni Ozodlikka shikoyat qilgan Oltmishova yashaydigan "Xalqobod" mahallasida prezident ulg‘aygan.

Ozodlikka bog‘langan aksar shikoyatchilar, shu bois, ushbu tumanga Toshkentning e’tibori kuchli ekani va ayni paytda, tumandagi shikoyatchi aholi Toshkentga arzini chiqarishda mahalliy rahbariyatning og‘ir bosimiga uchrashini aytib keladi.

XS
SM
MD
LG