Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 23:33

Yevropada mashhur o‘zbek sozandasini bojxonachilar Toshkent aeroportidan chiqarmadi (VIDEO)


Qator xalqaro mukofotlar sovrindori Dilshod Nazarov 25 yildan beri Yevropada yashab¸ ijod qilib kelmoqda.
Qator xalqaro mukofotlar sovrindori Dilshod Nazarov 25 yildan beri Yevropada yashab¸ ijod qilib kelmoqda.

Qator xalqaro mukofotlar laureati¸ Parij oliy konservatoriyasini bitirgan birinchi o‘zbekistonlik sozanda Dilshod Nazarov 3 mart kuni Toshkent-Frankfurt yo‘nalishida parvoz qiladigan uchoqqa chiqarilmadi.

Bu haqda o‘z Facebook sahifasidagi 11 daqiqalik videomurojaat orqali xabar qilgan Nazarov¸ bolaligidan beri chalib kelgan eski violonchel asbobi bois Toshkent aeroportidagi bojxona xodimlari tomonidan O‘zbekistondan chiqarilmaganini bildirdi.

“Nihol” mukofoti sovrindori bo‘lgan Dilshod Nazarov¸ aytishicha¸ 25 yildan beri Yevropa¸ xususan Germaniyada yashab¸ ijod qilib kelayapti.

Dilshod Nazarov O‘zbekistonning eng mashhur bastakorlaridan biri Anor Nazarovning o‘g‘lidir.

Dilshodning aytishicha¸ otasi vafot etganining (Anor Nazarov 2019 yil 16 yanvar kuni 69 yoshida vafot etgan – tahr.) bir yilligi munosabati bilan o‘z tashabbusi bilan Toshkentda xotira konsert o‘tkazishga kelgan.

Madaniyat vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bu tashabbus amalga oshgan – Toshkentda ikkita konsert qo‘yilgan va bu tadbir mahalliy telekanallar¸ xususan “O‘zbekiston 24” kanalida yoritilgan.

Uning violonchelini “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Toshkentga bepul olib kelgan.

3 mart kuni sahar soat 4 da ayni cholg‘u asbobi bilan Frankfurtga uchib ketish uchun Toshkent xalqaro aeroportiga kelgan Dilshod Nazarovni bojxona xodimlari to‘xtatgan.

- Oldimga Shavkat degan bojxona leytenanti kelib: "Bu nima?" deb so‘radi. Violonchel¸ dedim. "Qaysi asrda yasalgan"¸ dedi. 19-asrning oxiri¸ 20-asr boshlari¸ dedim. Shundan so‘ng u mendan sertifikat talab qila boshladi. Men unga O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan violonchelning pasportini berdim. Bojxonachi mendan bu asbob “qandaydir tarixiy va madaniy qimmatga egaligi bois”¸ O‘zbekiston tashqarisiga olib chiqish uchun beriladigan maxsus sertifikat talab qila boshladi¸ deydi Dilshod Nazarov.

Shundan so‘ng taniqli cholg‘uchi o‘z violoncheli tarixini hikoya qiladi. Unga ko‘ra¸ o‘zi bolaligidan beri chalib kelayotgan bu asbobni o‘zbek ayollari orasida birinchi violonchel sozandasi bo‘lgan onasiga 1974 yili bobosi sovg‘a qilgan.

- Bu Germaniyada yasalgan violonchel. Hech qanday tarixiy qimmatga ega emas. Ha¸ u juda yaxshi jaranglaydi¸ chunki uni men chalaman¸ deydi Dilshod Nazarov.

Videomurojaatda Nazarov¸ bojxonachilar bilan tortishuv uzoq davom etgani¸ o‘zining kimligini aytgani¸ 25 yildan beri biror davlatda cholg‘u asbobi uchun maxsus sertifikat so‘rashmaganini tushuntirishga uringanini aytadi.

Nazarovga ko‘ra¸ bojxonachilar bu asbobni olib chiqish-chiqmaslikni Davron ismli o‘z ekspertlari hal qilishi¸ aks holda “o‘zlarini qamashlarini” aytishgan¸ boshliqlariga bog‘lanishgan va shundan so‘ng ovoragarchiliklar zanjiri boshlanib ketgan.

Maxsus tilxat bilan ruxsat berish so‘rovi ham¸ iyun oyida master-klass uchun Toshkentga qaytib kelish haqidagi ma’lumot ham¸ bojxonachilarni hovuridan tushirmagan va bu tortishuvlar so‘nggida¸ Nazarov tonggi soat 6 da uchib ketgan Frankfurt reysiga chiqarilmagan.

Uch marta infarktni boshdan kechirgan onasini asabiylashtirmaslik uchun reysdan qolishga majbur bo‘lgan Dilshod Nazarov¸ o‘z cholg‘u asbobini o‘z vatanidan olib chiqish uchun sertifikat so‘ralishidan qattiq hayratda ekanini aytadi.

3 mart kuni Toshkent vaqti bilan kechki soat 8 da Ozodlik Dilshod Nazarovning o‘zi bilan bog‘landi

- Men haliyam Toshkentdaman. Bugun ertalab 10:30 dan 18:30 gacha kunim qog‘ozbozlik bilan o‘tdi. Davlat filarmoniyasi rahbari yonimda yurib¸ violonchelimni olib chiqish uchun talab qilinadigan sertifikatni qilishga yordam berdi. Madaniyat vazirligi yordami bilan oldim bu qog‘ozni. Kechagi biletim kuyib ketdi. Dushanba kungi reysga o‘z hisobimdan bilet olib¸ uchib ketaman¸ dedi Dilshod Nazarov Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik 3 mart kuni Dilshod Nazarov videomurojaatiga munosabat so‘rab Davlat Bojxona qo‘mitasiga murojaat qildi. Kun davomida qo‘mita rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda¸ Dilshod Nazarov bilan bog‘liq voqeada¸ bojxonachilarning qonunga muvofiq ish tutgani ta’kidlandi.

Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga asosan madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishini davlat tomonidan tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Dilshod Nazarov bilan bog‘liq holatda “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona postida xizmat olib borayotgan bojxona xodimi madaniy boyliklar yuzasidan soha mutaxassisi bo‘lmaganligi sababli yo‘lovchiga tegishli cholg‘u asbobining madaniy boyliklar sirasiga kirishi yoki kirmasligini aniqlash yuzasidan Madaniyat vazirligining aeroport hududida xizmat olib borayotgan vakolatli mutaxassisiga murojaat qilgan. Shuningdek, mazkur mutaxassis va yo‘lovchi Dilshod Nazarovning telefon orqali muloqotini tashkillashtirgan.

O‘zaro suhbat davomida Madaniyat vazirligining mutaxassisi ushbu cholg‘u asbobi madaniy boylik hisoblanishini va uni sertifikat olgandan keyingina olib chiqish mumkinligi to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bojxona posti xodimi o‘z xizmat vakolatlaridan chetga chiqmaganligi va amaldagi qonun doirasida harakat qilganligini ma’lum qilamiz"¸ deyiladi qo‘mita rasmiy bayonotida.

Ozodlik bilan suhbatda Dilshod Nazarov¸ Toshkent aeroportidagi Bojxona xodimlarini qonunni buzganlik emas¸ balki noprofessionallikda ayblashini aytdi:

- Tarixiy va madaniy qimmatga ega narsalarning O‘zbekistondan chiqib ketishi oldini olish kerakdir. Bojxona xodimlari yozilgan qonunni buzmagandir. Lekin meni ularning nokompetentligi¸ yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish yo‘lini qidirish istagining yo‘qligi larzaga soldi. Bu vaziyatdan chiqishning bir necha yo‘li bo‘la turib¸ birortasini o‘ylab ham ko‘rishmadi, takliflarimga quloq ham solishmadi. Bojxona qo‘mitasi o‘z xodimlari harakatini oqlaganidan hayron bo‘lmadim. Voqea uchun oddiy bir uzr so‘rashni ham o‘zlariga ep ko‘rishmadi.

Dilshod Nazarov dushanba kunga qadar Toshkentda yosh cholg‘uchilar uchun master-klas o‘tkazishi va prezident Mirziyoyevning xorijdagi iqtidorli o‘zbek professionallariga qilgan chaqirig‘iga javoban¸ O‘zbekistonda bunday saboq berishni yana davom ettirishini aytadi.

XS
SM
MD
LG