Линклар

Шошилинч хабар
04 апрел 2020, Тошкент вақти: 11:37

Prezident Xalq qabulxonasiga kira olmayotgan 60 kishi Toshkentda ikki kundan beri namoyish o‘tkazmoqda (VIDEO)


Vazirlar Mahkamasi oldiga 4 martda yig‘ilganlar orasida bo‘lgan kamida 15 erkak ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

Vazirlar Mahkamasi va prezident Xalq qabulxonasi oldida ikki kundan beri yig‘ilayotgan kamida 60 kishi o‘zlari qatnashayotgan izdihomni "norozilik namoyishi" deb atamoqda.

Norozilardan ayrimlari Ozodlik bilan suhbatda 4 mart kuni Vazirlar Mahkamasi binosi oldida boshlangan namoyishda Jizzax, Qashqadaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida yashovchilar qatnashayotganini aytishdi.

Ularga ko‘ra, aksiyada asosan ayollar ishtirok etmoqda. 4 mart kungi namoyishda ishtirok etgan kamida 15 erkakni ichki ishlar xodimlari o‘sha kuni ertalab avtobusga bosib, bo‘limlardan biriga olib ketgan va kechqurun qo‘yib yuborgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bu xabarni qisman tasdiqladi.

Ozodlikka yuborilgan video

Vazirlar Mahkamasi oldida 4 mart kungi tinch namoyishda qatnashganlardan biri Ozodlikka yuborgan videoda o‘nlab odam qabulga kirishni talab qilayotgani, ammo ularni Milliy gvardiya xodimlari ichkariga kiritmayotganini ko‘rish mumkin.

Videodagi ayollar “Biz 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida qabulga keldik. Naxotki, hech bo‘lmaganda bayram hurmati uchun bizlarni qabul qilishmasa?!” deb savol qo‘yadilar Milliy gvardiya xodimlariga.

Ammo Milliy gvardiya zobiti ayollarning bu savoliga javob bermaydi.

Norozilardan biri tomonidan Ozodlikka taqdim etilgan video.

Вазирлар Маҳкамаси олдида йиғилган норозилар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:06 0:00

Namoyishchilar turli viloyatlardan kelganlardir

4 martdan beri Vazirlar Mahkamasi va prezident Xalq qabulxonasiga qabulga kira olmay yurganlar orasida bo‘lgan qashqadaryolik Xafiza Ro‘zimurodovaning aytishicha, namoyishchilar turli viloyatlardan kelganlardir:

- Masalan, men besh yildan beri qabulga kelaman. Oramizda o‘n yildan beri qabulga kelib, muammosini hal qila olmay yurgan odamlar bor. Shuning uchun hammamiz tanish-bilish bo‘lib ketganmiz. Telefon orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zaro kelishib, 4 mart kuni Toshkentga keldik. Hammamizning masalamiz har hil. Lekin mushtarakligimiz o‘sha muammolarimizning hal qilinmayotganida. Shuning uchun tinch namoyish o‘tkazib, bizni shaxsan prezident administratsiyasining huquq-tartibot organlarini nazorat qiluvchi departamenti rahbari Ulug‘bek Toshxo‘jayev qabul qilishini talab qilayapmiz.

Suhbatdoshga ko‘ra, namoyishga yig‘ilganlardan ayrimlari avvalgi oylarda yoki yillarda qabulga kirishga muvaffaq bo‘lganlardir. Lekin ularni "prezident administratsiyasining hech narsani hal qila olmaydigan xodimlari qabul qilishgan va arizani qabul qilish bilan cheklanib, hech qanday muammoni hal qilgan emas".

"Shuning uchun Ulug‘bek Toshxo‘jayevning shaxsan o‘zi qabul qilishini va masalamizni shu yerning o‘zida hal qilib berishini talab etamiz", -- dedi suhbatdosh.

Xafiza Ro‘zimurodova Qarshi shahar hokimining qaroriga asosan 2015 yilda uyi buzilgani, lekin unga boshqa uy taqdim qilinmaganidan shikoyat qildi. Unga ko‘ra, yangi uyni unga "Pudina Quvonchbek" MChJsi qurib berishi lozim edi. U uch farzandi bilan 5 yildan beri qarindosh-urug‘larining uyida sarson bo‘lib yuribdi.

"Oxir-oqibat sog‘lig‘imni yo‘qotib, 2-guruh nogironi bo‘lib qoldim", dedi suhbatdosh.

Vazirlar Mahkamasi oldiga yig‘ilgan boshqa ayollar ham shu kabi muammolari bir necha yillardan beri hal qilinmasdan kelinayotganidan nolimoqda.

"Milliy gvardiya bizni tarqatmoqchi bo‘ldi"

Qabulga kirolmay yurganlar orasida bo‘lgan toshkentlik Xolisa Boyxonova 4 mart kuni boshlangan tinch namoyishni tarqatish uchun Milliy gvardiyaning kamida 150 nafar xodimi jalb qilinganini aytdi:

- Bizni qo‘rqitib, tarqatishga harakat qilishdi. Oramizda 15-20 nafar erkak ham bor edi. Ularni Milliy gvardiya xodimlari avtobuslarga bosib, shu atrofdagi 5-sonli militsiya bo‘limiga olib ketishdi. Ularning orasida bir nogiron erkak ham bor edi. Bu bo‘lim qaysi tumanga qarashli ekanini bilmayman. Avvalgi yillari qabulga kelganimizda ichkariga kiritmaganlari uchun norozilik bildirganimizda bizlarni Yunusobod yoki Yakkasaroy tuman ichki ishlar bo‘limlariga olib ketishardi.

"Ichki ishlar bo‘limida bizni kaltaklashdi"

Norozilar orasida bo‘lgan jizzaxlik erkaklardan biri ismini aytmasligimiz sharti bilan ichki ishlar bo‘limida bo‘lgan voqeani aytib berdi. U bo‘limda kaltaklanganini iddao qildi.

- Bizni avtobuslarga bosib olib ketishdi va hatto qaysi tumanga qarashli bo‘limga olib kelishganini ham aytishmadi. 5-bo‘lim deyishdi, xolos. U erda bizni kech soat 7 gacha ushlab o‘tirishdi. Ayrimlarimizni “Senmi namoyishga chiqadigan”, deb kaltaklashdi ham. Xullas, biz qo‘rqib qoldik. Shuning uchun namoyishga ham qatnashmayapmiz. Lekin ayollarni bo‘limga olib kelishmadi. Ularni qo‘lga olishdan hayiqishdi, shekilli.

Ozodlik ismini sir tutgan bu odamning ichki ishlar bo‘limida kaltaklangani to‘g‘risidagi iddaosini isbotlovchi hech qanday dalil-isbot yoki hujjatga ega emas.

Toshkent IIBB bu haqda hech qanday ma’lumot bermadi

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Ozodlik bog‘langan xodimlaridan biri bu ma’lumotni qisman tasdiqladi, biroq voqea tafsilotlarini ochiqlashni istamadi.

“Ular o‘sha kuniyoq qo‘yib yuborilgan”, deyish bilan cheklandi ichki ishlar xodimi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining matbuot markazi esa telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi. Vazirlar Mahkamasi va prezident Xalq qabulxonasi bilan bog‘lanish va ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlikka ma’lum shunga o‘xshash boshqa voqea

Bu Vazirlar Mahkamasi va prezident xalq qabulxonasiga kira olmayotgan odamlar o‘tkazayotgan birinchi namoyish emas.

Masalan, 2016 yilda qo‘qonlik 73 yoshli Rahbarxon Odilova va uning oila a’zolari o‘z huquqlari himoya qilinishida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi harakatsizligidan norozilik bildirib, prezident rezidensiyasi oldida qator piketlarni o‘tkazgan edi.

Rahbarxon Odilova o‘z oilasi haq-huquqlari tiklanishi uchun 2014 - 2015 yillarda prezident saroyi va Oliy Majlis binolari oldida ham piketlarni o‘tkizgan. Uni har safar ichki ishlar xodimlari hibsga olishgan va bir necha o‘n soatlardan so‘ng qo‘yib yuborishgan.

Joriy yilning 17 fevral kuni esa o‘nlab odam Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga yig‘ilib, davlatdan litsenziya olgan “Human” xususiy bandlik agentligining o‘zlariga yetkazgan zararini to‘lab berishni talab qilganlar. Dastavval norozilar bilan bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, keyinroq esa bosh vazir Abdulla Aripov uchrashgan.

Uchrashuv chog‘ida bosh vazir prezident topshirig‘i bilan “Human” xususiy bandlik agentligidan zarar ko‘rgan 1086 nafar fuqaroga mablag‘lari to‘lab berilishini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG